Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Uzumchilik: so‘ritok qilish bo‘yicha buloqboshi tajribasi
15:32 / 2022-03-01

Mamlakatimizda uzumchilikni yanada rivojlantirish xalqimizning uzum yetishtirish borasidagi asrlar davomida shakllangan milliy dehqonchilik tajriba, an’ana va madaniyatini yuksaltirish, hududlarda tomorqa yer egalarining bandligi va daromadlarini oshishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Prezidentimizning 2021 yil 28 iyuldagi “Uzumchilikni rivojlantirish klaster tizimini joriy etish, sohaga ilg‘or texnologiyalarni jalb qilishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ijrosi mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, uzumchilikni rivojlantirish, sohaga ilm-fan yutuqlarini tatbiq etish, ilg‘or ish tajribalarini ommalashtirish, mazkur yo‘nalishdagi faoliyatni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ishlar ko‘lami ortmoqda. 

O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huzuridagi Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan Andijon viloyati Buloqboshi tumanidagi Uchko‘cha mahalla fuqarolar yig‘inida tashkil etilgan respublika seminarida aholi honadonlarida uzum yetishtirish borasidagi ilg‘or tajribalar o‘rganildi. Umuman, Buloqboshi tumanidagi 14 ta mahalla uzum yetishtirishga ixtisoslashtirilmoqda. O‘tgan yili tumandagi 9 ta mahallaning 21 ta ko‘chasida 2,7 milliard so‘m miqdordagi kredit mablag‘lari hisobiga 9,5 kilometr uzunlikda uzum ishkomlari barpo etildi.  

Tumandagi fermer xo‘jaliklarida 200 ming tupdan ziyod, aholi xonadonlarida esa 30 ming tupdan ortiq uzumning “Andijon qora”, “Rizamat ota”, “Husayni” va “Kelin barmoq” singari serhosil navlari qalamchalari yetishtirilmoqda. Yetishtirilgan ko‘chatlar hisobiga 5 yil davomida tumandagi 24 ming, ya’ni 80 foiz aholi xonadonida uzum yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi.  

Seminarda Uchko‘cha MFY Farog‘at ko‘chasida yashovchi tomarqa yer egasi Avazbek Teshaboyev uzumchilikni parvarishlash bo‘yicha o‘z tajribasini so‘zlab berdi.  

– Xonadonimizda uzum yetishtirish avloddan avlodga o‘tib kelayotgan mashg‘ulot, – deydi A. Teshaboyev. – Bolaligimdan otamning yonida turib uzum parvarishlash sirlarini o‘rganganman. Hozirda tomorqamizdagi 8 sotix maydonda uzum yetishtiramiz. Uzum parvarishida har bir tadbirni o‘z vaqtida, sifatli bajarish juda muhim, qolaversa, ko‘chatlarga doimiy qarov kerak. 

  Darhaqiqat, Uchko‘cha mahallasida 480 xonadonning barchasida uzum yetishtiriladi. Xonadan sohiblari uzum yetishtirish ishining yetuk mutaxassisiga aylangan. Bir xonadonda 300 kilogrammdan 15 tonnagacha hosil olinadi, uzum yetishtirishdan har bir oila yiliga o‘rtacha 15-20 million so‘m daromad topadi. Shu bois ham, ularning ilg‘or tajribalari tuman, viloyat, respublika miqyosida keng ommalashtirilmoqda. Hozirda yurtimizda uzum yetishtirish, saqlash, quritish, qadoqlash, qayta ishlash va eksport qilishning to‘liq siklini yaratish maqsadida uzumchilik klasterlarini tashkil etish borasida ham keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Bunda o‘zlashtiriladigan hamda yaroqsiz bog‘ va tokzorlar o‘rnida uzumchilik plantatsiyalarini barpo etish uchun yer maydonlarini ajratish va talabgorlarga biriktirish, uzum plantatsiyalari uchun yer maydonlari ajratilishida konturlar yaxlitligiga alohida e’tibor qaratish, ayniqsa, hududlarning ixtisoslashuvidan kelib chiqib, aholi xonadonlarida uzum yetishtirish tizimini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.  

Bundan tashqari, sohaga ilg‘or innovatsion texnologiyalar va ilm-fan yutuqlarini joriy etish hamda suvsizlikka chidamli, urug‘siz uzum navlarini tanlash va ekishni tashkil etish, uzumchilik va bog‘dorchilik yo‘nalishida “Bog‘bonlar maktabi” ni tashkil etish ham muhim vazifalardan hisoblanadi. Mamlakatimizda ana shu yo‘nalishdagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarish, samaradorligini oshirish uchun zarur barcha ishlar olib borilmoqda. Ushbu sa’yi harakatlar albatta, yaqin yillar ichida o‘zining ijobiy natijalarini ko‘rsatadi.  

Ma’rufjon O‘ROZOV, 

Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini 

qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mutaxassisi 

O‘zA