French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Uzumchilik serdaromad soha
15:28 / 2025-09-17

Uzumchilik serdaromad soha bo‘lib, mutaxassislar hisob-kitoblariga binoan joriy mavsumda 1 gektar g‘alladan 25 million so‘m, 1 gektar paxtadan 30 million so‘m daromad olinsa, hosilga kirgan 1 gektar uzumzordan 70 million so‘m, agar bu mahsulot eksport qilinsa, 120 million so‘m daromad olish mumkin ekan.

– Vodiy viloyatlari tajribasi asosida, jumladan, Buxoro viloyati Vobkent tumani “Anjirbog‘” mahalla fuqarolar yig‘inida ham uzumchilikni rivojlantirish va aholi xonadonlarida uzum yetishtirishni tashkil etish chora-tadbirlari jadal boshlab yuborilgan. Bunda bog‘-tokzorlar mirishkorlari, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari rahbarlari, tomorqa yer egalariga Prezidentimizning 2021 yil 28 iyuldagi “Uzumchilikni rivojlantirish, alkogol va tamaki bozorini tartibga solish mexanizmlarining samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori dasturilamal vazifasini o‘tamoqda, – deydi mahalla raisi Gulshan Aslonova.

Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yilgi pishiqchilik mavsumida tumanning barcha xo‘jaliklarida yetishtirilgan uzum hosili 109 ming tonna atrofida bo‘lgan. Bu yilgi mavsum esa nisbatan barakali kelgani dehqon mirishkorlarni quvontirmoqda. Bevosita uzumchilik tarmog‘iga ega fermer xo‘jaliklari soni ham ortib, shu kunlarda 105 taga yetgani fikrimiz dalili. 

Ayni kunda “Anjirbog‘” hududidagi “Norov Alisher” fermer xo‘jaligi tokzorini 8,5 gektarga yetkazgan bo‘lib, hozirda 20 dan ortiq oilaning moddiy manfaatdorligi ta’minlanayotgan bu xo‘jalikda asosan qora kishmishi, toyfi, husayni kabi serhosil nav uzumlari yetishtirilib, hosildorlik 180 tonnaga yetkazilishi rejalashtirilgan.

Bugun Vobkent tumanida mavjud tokzor maydoni 509 gektarni tashkil etayotgan bo‘lsa, shundan 310 gektari oltmishga yaqin fermer xo‘jaligi tasarrufida. Qolgan 590 gektari esa aholi tomorqalari, hovlilardagi tokzorlardir. Bu boradagi ishlar o‘z samarasini berayotgani bois, joylarda tokzorlar nafaqat kengaymoqda, balki uning hosildorligi ham yildan-yilga ortmoqda. Hududda faqat ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklarida yetishtirilayotgan sara uzum hosili joriy mavsumda 3 ming tonnaga yetkazilmoqda. Aholi xonadonlaridagi hosil bilan qo‘shganda esa bu xirmon yanada mo‘l bo‘ladi, albatta. 

Latifsobungar mahallasining qirqdan ortiq xonadonida jami 700 metr uzunlikda tok havozalari tayyorlangani holda vodiy viloyatining “Voyish usuli”da uzum yetishtirish tajribasi keng qo‘llanilayotganini ko‘rish mumkin. Bunda jami 1200 tupdan ortiq toyfi, husayni, qora kishmish, shibirg‘oni kabi uzum ko‘chatlari, jumladan, Farg‘onadan keltirilgan 400 tup “Rizamat ota” navli ko‘chat o‘tqazilgan.

Zarif Komilov, O‘zA