English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Uzumchilik ortidan topilgan daromad barakali bo‘ladi
08:52 / 2025-10-11

Elimizning asrlar davomidagi milliy dehqonchilik madaniyati, daromad manbalaridan biri uzumchilikdir. Uzum xalqimizning turmush tarzi va urf-odatlari bilan bevosita bog‘lani sabab har bir ko‘cha, har bir xonadonda tok ekib uni parvarishlashga ixlosi baland bo‘lib kelgan.

Prezidentimizning 2021 yil 28 iyuldagi “Uzumchilikni rivojlantirishda klaster tizimini joriy etish, sohaga ilg‘or texnologiyalarni jalb qilishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2023 yil 3 avgustdagi “2023-2026 yillarda uzumchilik va vinochilik sohasini yanada rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari yurtimizda uzumchilikni yanada rivojlantirish, uzum yetishtirish va uni qayta ishlash, tayyor mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha klaster tizimini yo‘lga qo‘yish, sifatli mahsulotlar bilan ta’minlash, sohaning eksport salohiyatini yuksaltirish, investitsiya jozibadorligini oshirish, yangidan yangi bozorlar ochishda muhim qadam bo‘ldi.

Respublika bojxona qo‘mitasining ma’lumotlariga qaraganda, 2025 yilning o‘tgan to‘qqiz oyi davomida yurtimizda qiymati 115,5 million dollarini tashkil etuvchi 122 ming tonna uzum xorijiy davlatlarga eksport qilindi. O‘tgan yilning shu davrida 81 ming tonna uzum eksport qilinganligini nazarda tutilsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 1,5 barobarga ortgan.

Darhaqiqat, uzumchilik azal-azaldan serdaromad dehqonchilik hisoblangan. Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanidagi mirishkor bog‘bonlar ayni uzumchilik bobida o‘ziga xos tajriba maktabini yaratgan. Ayniqsa, mehnatkash Xo‘jand mahallasining “drayver” sohasi uzumchilik bo‘lib, uning birgina “Uzumzor” ko‘chasidagi ikki yuzga yaqin xonadonlarning barchasi, hatto ko‘chalari ham tokzorlarga burkangan. Ishkomlarda oltindek tovlanib turgan uzumlarga hayrat va havas bilan qarab, zavqqa to‘lasiz.

“Xo‘jand” MFY hokim yordamchisi Faxriddin Kamolovning ma’lum qilishicha, mahallada jami 675 xonadon bo‘lib, ularning 475 tasi asosiy ixtisoslashuv, ya’ni uzumchilik bilan shug‘ullanib kelmoqda. Shu tufayli 950 nafar aholi bandligi ta’minlanish asnosida yashash sharoiti yaxshilanib bormoqda. Bu yerda yiliga 1000 tonnadan ortiq uzum yetishtiriladi hamda shuning ortidan oilalarga 12,8 milliard so‘m sof daromad kirmoqda. Olingan daromad hisobidan yangi tadbirkorlik yo‘nalishlariga ham jalb etilmoqda. 

Mahallada shu yil boshida kambag‘allik darajasi 7 foizni (65 nafar) tashkil etgan. Mikroloyihalar, o‘zini o‘zi band qilish, tadbirkorlik sub’ektlarini ishga tushirish natijasida mazkur ko‘rsatkichni joriy yilning sentyabr oyi holatiga 2,8 foizga (26 nafar) tushirishga erishilgan.

Shijoat va ahillikdan baraka topayotgan xo‘jandliklar orasida “Uzumzor” ko‘chasi, 39-xonadonda istiqomat qiluvchi Nasriddin aka va Sabohat opa Sharofiddinov oilasi bu borada o‘ziga xos ibrat namunasini ko‘rsatib kelmoqda. Xonadonda uzumning “Chilgi”, “Damski”, “Ro‘zimat ota”, “Kaskus”, “Qora Husayni”, “Shoxona” kabi o‘ndan ziyod navlaridan yiliga 12 tonnagacha hosil olib, mavsum davomida o‘rtacha 100 million so‘m daromad olinmoqda.

– Uzumchilik serdaromad soha bo‘lgani bilan alohida parvarish va mashaqqatni taqozo etadi, – deydi mohir bog‘bon Nasriddin Sharofiddinov. – Har bir uzum navini urug‘lashidan tortib, pishganiga qadar unga mehr berish, asosan urug‘lariga e’tibor bilan qarash kerak. Shunda ko‘zlagan maqsadlaringiz o‘z hosilini beradi. Xonadonimizda uzumchilik avloddan avlodga o‘tib kelmoqda. Rahmatli Salohiddin ota boshlagan ishni hozirda to‘rtinchi sulola vakillari, ya’ni nabiralarim qunt bilan o‘rganmoqda.

Xo‘jandliklar yetishtirgan uzumlarni ichki bozorga yetkazish bilan bir qatorda Markaziy Osiyo va MDH davlatlariga eksport qilishda bog‘bonlarga viloyat va tuman hokimliklari tomonidan yaqindan amaliy ko‘mak ko‘rsatilmoqda. 

Mahalladagi yana bir namunali va mirishkor xonadonda Rustamjon Boyyigitov turmush o‘rtog‘i Hamroxon aya bilan olti nafar farzandni voyaga yetkazib, o‘qitishdi, yurt xizmatiga yo‘llashdi. Tomorqada uzum yetishtirish bilan bir qatorda, nok, pomidor, oshqovoq kabi meva-sabzavotlarni uchratasiz. Chorvachilik va parrandachilik ham ro‘zg‘orda ancha as qotadi. Omborlari doim donga, dasturxonlari nonga to‘la.

Bir so‘z bilan aytganda, xo‘jandliklarning har bir xonadonida bog‘dorchilik va chorvachilik orqasidan 100 million so‘mdan kam bo‘lmagan daromad topishmoqda.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri