Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Uzumchilik istiqbollariga bag‘ishlandi
18:05 / 2015-11-13

Milliy matbuot markazida “O‘zvinosanoatxolding” kompaniyasi tomonidan uzumchilikni rivojlantirish, qayta ishlash korxonalarining xomashyo bazasini mustahkamlash va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Milliy matbuot markazida “O‘zvinosanoatxolding” kompaniyasi tomonidan uzumchilikni rivojlantirish, qayta ishlash korxonalarining xomashyo bazasini mustahkamlash va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Mamlakatimizda tokzorlar hosildorligini oshirish, mahsulot sifatini yaxshilashga qaratilayotgan doimiy e’tibor mamlakatimiz bozorlari to‘kinligi va eksport salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2013-yil 13-martdagi "2013-2015-yillar davrida respublikada uzumchilikni yanada rivojlantirish dasturi to‘g‘risida"gi qarori bu boradagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirishda muhim omil bo‘lmoqda.

Olimlarning ta’kidlashicha, uzumni muntazam iste’mol qilish arterial qon bosimining me’yorida bo‘lishi va yurak faoliyatining yaxshilanishiga yordam beradi. Ushbu ne’mat tarkibida flavonoid moddasi mavjud bo‘lib, mazkur modda inson organizmidagi tuz miqdorini kamaytiradi.

Yurtimizda uzumning qirqdan ortiq navi mavjud. “O‘zvinosanoatxolding” kompaniyasi tizimidagi uzumni qayta ishlashga ixtisoslashgan bir yuz saksondan ortiq korxonada ham sanoatbop tokzorlarni ko‘paytirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, yer unumdorligini oshirish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. 2013-2015-yillarda 23,5 ming gektar maydonda yangi tokzorlar tashkil etilib, 17,4 gektar eski maydonlarga qayta ekildi.

– Kelgusida dunyo bozorida tanilgan nomdor, istiqbolli sanoatbop uzum navlarini yanada ko‘paytirib noyob xomashyo bazasini yaratish maqsadida ilm dargohlari bilan keng hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan, – deydi kompaniyaning qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Erkin Boyniyozov. – Ushbu hamkorlik samarasida ichki va tashqi bozorda xaridorgir mahsulot ishlab chiqarish uchun ilmiy-tadqiqot institutlari kolleksiyasidagi istiqbolli tok ko‘chatlaridan namunalar olinib, ko‘paytirish choralari ko‘rilmoqda.

2015-yilda qayta ishlash korxonalarida 139 ming tonnadan ziyod uzum qabul qilinib, qayta ishlandi. Uzumchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari bilan o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish, ularning moddiy manfaatdorligini oshirish choralari ko‘rilib, sifatli xomashyo yetkazib beruvchilar muttasil rag‘batlantirilayotgani yutuqlar omili bo‘lmoqda.

Kompaniya mahsulotlariga xorijda ham talab ortib bormoqda. Xalqaro ko‘rgazmalarda oltmishdan ziyod oltin medal olindi. Shu yilning 5-6-noyabr kunlari bo‘lib o‘tgan Xalqaro investitsiyaviy forumda kompaniya tizimidagi bir qator korxonalar ispaniyalik va bolgariyalik investorlar bilan hamkorlik bo‘yicha memorandum imzoladi.

Tadbirda uzum navlarini yaxshilash, korxonalarni texnik va texnologik qayta jihozlash orqali sifatli mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish masalalari haqida so‘z yuritildi. Jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.