French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Uzumchilik — dehqonchilik madaniyatimiz, asriy an’analarimizning ajralmas qismi
15:14 / 2023-09-11

Yurtimizning o‘ziga xos iqlimi, tabiati, serquyoshligi zaminimizda yetishtiriladigan meva va sabzavot mahsulotlarining o‘zgacha ta’mga ega bo‘lishini, xushxo‘rligini ta’minlaydi. Bu esa yurtimizda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bo‘lgan talab va ehtiyojni oshiradi.

Xalqimizning asrlar davomidagi dehqonchilik madaniyatining ajralmas, muhim qismi bo‘lgan uzumchilik sohasidagi tajribalarimiz so‘nggi yillardagi amaliy chora-tadbirlar natijasida yanada boyitilmoqda. Uzumchilik sohasi tobora rivojlanib boryapti, yangi va sermahsul, sanoatbop uzum navlari ko‘paytirilmoqda, uzumchilik bilan shug‘ullanish istagidagi dehqon va fermerlar, oilaviy tadbirkorlar soni ortayotir.  

To‘g‘rida, uzumchilik sermahsul, serdaromad soha. Eng muhimi, ota-bobolarimizdan meros, asrlar davomida rivojlanib kelayotgan bog‘dorchilik usuli, bolaligimizdan hovlimizda soya solib turgan so‘ritoklarning parvarishlanishini ko‘rib ulg‘ayganimiz —o‘zimizga tanish bo‘lgan mehnat.  

Har yili yozda ota uyimga borganimda, baland so‘rilarda yastanib yotgan qalin poyali toklarni ko‘rib, ko‘zni quvontirib osilib turgan uzumlardan ta’tib, otamning yillar davomidagi mehnatlari mahsuli bugun nevaralarni ham bahramand qilayotganidan faxrlanaman, bu qalin tokpoyalarda ko‘p yillik mehnat yotgani birma-bir ko‘z oldimdan o‘tadi...  

Keyingi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan uzumchilikni yanada rivojlantirish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilib, bu borada qator huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Soha vakillarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida subsidiya va soliq imtiyozlari taqdim etilmoqda. Natijada uzum yetishtirish va qayta ishlash sohasida quvonarli marralar bo‘y ko‘rsatmoqda.  

Shu o‘rinda uzumchilik bilan bog‘liq ayrim ma’lumotlarga e’tibor qaratsak: dunyo bo‘yicha 7 million 300 ming gektar uzumzorlar mavjud bo‘lib, 1990 yilga nisbatan 700 ming gektarga kamaygan. Biroq, yalpi hosil 77,5 million tonnani tashkil etib, 130 foizga oshgan. 2025 yilga borib esa 90 million tonna bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Bu dunyo uzumchiligida intensiv texnologiyalar hisobiga hosildorlik oshib borayotganligini anglatadi.  

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, uzum maydonlari bo‘yicha Ispaniya, Fransiya, Xitoy, Italiya, Turkiya yetakchi 5 mamlakatlar qatoridan o‘rin olgan. O‘zbekiston 181 ming gektar uzum maydonlari bilan 7-o‘rinni egallagan. Hosildorlik bo‘yicha esa Hindiston, Xitoy, AQSH, JAR, O‘zbekiston yetakchi hisoblanadi. Birgina o‘tgan 2022 yilda yurtimizda 1,8 million tonna uzum yetishtirilgan. Bu esa 2021 yil bilan solishtirilganda, 3,9 foizga oshgan.  

E’tirof etish joizki, uzumchilikni rivojlantirish uchun mamlakatimizda yetarli salohiyat mavjud. Prezidentimizning 2021 yil 28 iyuldagi “Uzumchilikni rivojlantirishda klaster tizimini joriy etish, sohaga ilg‘or texnologiyalarni jalb qilishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2021-2023 yillarda 48 ta uzumchilikka ixtisoslashgan tumanlarda 106 ming gektar uzumzor barpo etildi. Shundan 75 ming gektari xo‘raki, 27 ming gektari kishmish, 9 ming gektari sanoatbop uzum hisoblanadi.  

— Uzum yetishtirish, saqlash, qayta ishlash va eksport qilib, yuqori daromad olish uchun, albatta, ilm, tajriba va innovatsiya kerak, — deydi O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i Akmal Mirzayev. — Bu borada Yevropadan 34 ta yangi, danaksiz uzum navlari keltirildi. Masalan, xo‘raki va kishmishbop navlardan Italia, Centenial Seedless, Superior Seedless, Crimson Seedless, sanoatbop navlardan Albarinho, Cabernet Sauvignon, Tempranillo, Merlot, Chardonnay,payvandtaglar Richter 110, S04, 41-V Millardet kabilar olib kelindi. Sohani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash uchun 3 yilda 183 mlrd so‘m subsidiya ajratildi. Jumladan, tomchilatib sug‘orishga 1 gektar uchun 8 mln so‘m, suv chiqarishga har 1 metrga 600 ming so‘m (120 mln so‘mgacha), loyihalashga 10 mln so‘mgacha, muqobil energiya uskunalari uchun 100 mln so‘mgacha, “in-vitro”da yetishtirilgan 1 dona ko‘chatga 5 ming so‘m, tabiiy vinoga 5 ming so‘m, mayiz quritish va qadoqlash liniyalari va vinochilik uskunalari xarid qilish xarajatlarining 20 foizi miqdorida (300 mlngacha) subsidiya beriladi.  

Uzumchilikni yanada rivojlantirish uchun kelgusida bir qator ishlarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Xususan, 2023 yilda 86,6 ming gektar, 2024 yilda 87,4 ming gektar uzumzor barpo etish, har bir viloyatda “in-vitro” laboratoriyalarini tashkil etib, uzum ko‘chatlari va yangi navlar yetishtirish, uzumni qayta ishlashda investitsiya loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, yangi innovatsiyalar, uzumchilik va vinochilik turizmini rivojlantirish, Samarqand, Buxoro va Toshkent shahrida yerto‘lalarda uzumchilik va vinochilik muzeylarini tashkil qilish kabi ulkan maqsadlar ko‘zlanmoqda. Sohadagi chora-tadbirlar natijasida 2027 yilga borib qo‘shimcha 3,1 million tonna uzum yetishtirishga, eksport hajmini 2 milliard  dollarga yetkazishga erishish mumkin, — deydi Akmal Mirzayev.  

Darhaqiqat, uzumchilik sohasida samaradorlikka, yuqori hosildorlikka erishishda to‘xtovsiz izlanish, mehnat, innovatsiya va ilm-fan yutuqlarini, zamonaviy usullarni qo‘llash muhim o‘rin tutadi. Uzum yetishtirish, parvarishlash va eksport qilish borasida tajriba almashishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar esa bugun o‘z samarasini berayotir.  

Respublikamiz hududlarida uzumchilik hadisini olgan ko‘plab bog‘bonlar, dehqon va fermerlar turli uzum navlarini yetishtirib, mo‘may daromad topishmoqda. Bir paytlar paxtazor bo‘lgan yoxud unumli foydalanilmay kelayotgan yerlarda katta tokzorlar, poyonsiz uzumzorlar tashkil qilinmoqda. Natijada minglab yangi ish o‘rinlari yaratilib, hududlar aholisi ishli va daromad manbaiga ega bo‘lishayotgani quvonarlidir.  

Sohadagi o‘sish va rivojlanish, o‘z navbatida, uzum va mayiz eksportining oshishiga ham turtki bo‘layapti. Statistika agentligining ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilning dastlabki 6 oyida 32,9 ming tonna quritilgan uzum xorijiy davlatlarga eksport qilingan.  

Bir so‘z bilan aytganda, bugungi kunda davlatimiz rahbarining qarorlari, topshiriqlari asosida uzumchilik sohasi tobora rivojlanib, kengayib bormoqda, asriy an’analarimiz, milliy va zamonaviy tajribalarga tayangan holda taraqqiy etmoqda.  

 

Muhtarama Komilova, O‘zA