English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Uzumchilik bog‘dorchilikning eng muhim tarmog‘i
17:23 / 2025-09-04

Mamlakatimizda uzumchilik tobora rivojlanmoqda. Ushbu yo‘nalish bog‘dorchilikning eng ko‘hna tarmoqlaridan bo‘lib, hosilgacha va qadoqlashgacha bir nechta davrni o‘z ichiga oladi. Uzumchilikning 4 ta asosiy yo‘nalishi mavjud bo‘lib, bular: xo‘raki uzum yetishtirish, mayiz quritish, konserva mahsulotlari va sharbatlar tayyorlash.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatimizda 2025 yilning birinchi yarmida barcha toifadagi xo‘jaliklar tomonidan 56,3 ming tonna uzum yetishtirilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 7,8 foiz o‘sgan. Hududlar kesimida yetishtirilgan uzum hajmi quyidagicha: Surxondaryo viloyati – 15,6 ming tonna, Namangan viloyati  – 8 ming tonna, Qashqadaryo viloyati  – 8 ming tonna, Buxoro viloyati  – 6,7 ming tonna, Samarqand viloyati  – 4,9 ming tonna, Farg‘ona viloyati  – 3 ming tonna, Navoiy viloyati – 2,9 ming tonna, Andijon viloyati  – 2,4 ming tonna, Toshkent viloyati  – 1,4 ming tonna, Xorazm viloyati 1,4 ming tonna, Sirdaryo viloyati – 0,9 ming tonna, Jizzax viloyati  – 0,7 ming tonna va Qoraqalpog‘iston Respublikasida 0,4 ming tonna uzum yetishtirilgan.

Hududlar kesimida yetishtirilgan uzumlar miqdoridagi tafovutlar avvalo, o‘sha hududning agrar imkoniyatlari va iqlim sharoitlariga borib taqaladi. Uzum yetishtirish bo‘yicha mo‘tadil ob-havo va ushbu sohada bog‘bonlarning tajribalari orqali bir necha hududlarda uzum yetishtirish bo‘yicha katta o‘sishlar qayd etildi.

Yurtimizda bog‘dorchilikni rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirishga ustuvor vazifa sifatida qaralmoqda. Ayniqsa, uzum yetishtirish, tokzorlarni ko‘paytirish va ularga ishlov berish, sug‘orishda yangi texnologiyalarni joriy etishga katta e’tibor qaratilyapti. Bu boradagi ishlar o‘z samarasini berib, hosil hajmida yildan-yilga o‘sish kuzatilmoqda. Hozirda nafaqat mirishkor dehqon va fermerlarimiz, balki hovli-joyda istiqomat qiluvchi ko‘p oilalar ham ushbu meva turini yetishtirmoqda. 

Dildora DO‘SMATOVA, O‘zA