Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Uzum yetishtirib boy bo‘layotganlar (+video)
17:46 / 2025-08-20

Andijon viloyati Buloqboshi tumani mamlakatimizdagi yer maydoni kam, lekin aholi zich yashaydigan tumanlardan biri hisoblanadi. Ana shu jihat hisobga olinib, tumanda mavjud ekin maydonlaridan, ayniqsa, tomorqadan unumli va samarali foydalanish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Tumanda “Mahallabay” ishlash tizimi asosida har bir mahallaning o‘sish nuqtasi – drayveri belgilab olingan. Xususan, tumanning o‘ziga xos iqlimi, aholining uzumchilik sohasidagi tajribasi hamda uzum yetishtirish bo‘yicha o‘ziga xos an’ana va ilg‘or tajribalar shakllanganligidan kelib chiqib, 11 ta – Uchko‘cha, Buyuk turon, Qumguzar, Mirzakalon Ismoiliy, Farovon, Xontepa, Guliston, Boymahalla, Yuksalish, Shohguzar va Do‘lana mahallalari aynan uzumchilikka ixtisoslashtirilgan. Ya’ni ana shu mahallalardagi 323 gektar aholi tomorqasida 4 ming tonnadan ortiq uzum yetishtirilmoqda.

Tumandagi aholi xonadonlari, fermer xo‘jaliklarida yetishtirilayotgan uzumlar nafaqat ichki bozorni to‘ldirmoqda, balki eksportyor korxonalar orqali Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Rossiya va boshqa qator davlatlarga eksport qilinmoqda.  

Uzum yetishtirishda yangi imkoniyatlarni izlash, ilg‘or tajribalarni amaliyotga tatbiq etish orqali soha yildan-yilga rivojlanib bormoqda. Jumladan, tumanda uzumchilikka ixtisoslashgan mahallalar ko‘chalariga so‘rtoklar qilish tajribasi keng joriy etilmoqda. “Andijon tajribasi” sifatida boshlangan ushbu jarayon samarali natijalar bermoqda.    

Masalan, 2021-2022 yillarda tumandagi 21 ta mahallaning 40 ta ko‘chasidagi 982 ta xonadonga 6,8 milliard so‘m kredit evaziga 26 kilometr uzunlikdagi uzum ishkomlari barpo etilib, yangi ko‘chatlar o‘tkazildi. Ushbu tajriba 2023-2024 yillarda ham davom ettirilib, tumandagi 18 ta mahallaning 50 dan ortiq ko‘chasiga 40 kilometr uzunlikda so‘rtoklar qilindi. Buning uchun 2 mingta xonadonga 18 milliard so‘m kreditlar berildi.  

Bu boradagi ishlar joriy yilda ham davom ettirilmoqda.  

Joriy yilda birgina Uchko‘cha mahallasi Farog‘at ko‘chasidagi uzum yetishtiruvchi 21 ta xonadonga “Mikrokreditbank” tomonidan 138 million so‘m kredit ajratilib, qariyb 200 metr masofaga so‘rtok qilindi. Bu bilan har bir xonadon yiliga 1 - 1,5 tonna, jami 30 tonnadan ziyod qo‘shimcha uzum yetishtirish imkoniga ega bo‘ldi.  

Tumanda uzum ko‘chati yetishtirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Uzumchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari hamda  aholi xonadonlarida 200 ming tupdan ortiq uzumning «Andijon qora», «Rizamat ota», «Husayni», «Kelin barmoq», “Ketmonsopi”, “Toyfi” singari serhosil navlari ko‘chatlari yetishtirilmoqda.

Uzumchilikka ixtisoslashgan mahallalardagi xonadonlarning har birida uzumdan yiliga 500 kilogrammdan 10 tonnagacha hosil yetishtiriladi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, har bir xonadon uzum yetishtirishdan yiliga o‘rtacha 15-20 million so‘m daromad oladi.

–Mahallamizdagi 480 ta xonadon, 700 dan ortiq oilada 2 ming 200 nafar aholi istiqomat qiladi, – deydi Mirzakalon Ismoiliy mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Saidaxon Mirzayeva. – Uzumchilikka ixtisoslashgan mahallamizdagi 320 ta xonadonda uzum yetishtiriladi. Uzum yetishtirishning hadisini olgan usta dehqonlarimiz juda ko‘p. Bir xonadondan yiliga 500 kilogrammdan 12 tonnagacha hosil olinadi. Buning ortidan mahalla aholisining daromadlari ortmoqda, turmush farovonligi yaxshilanmoqda.  

Mahallaning Oybuloq ko‘chasida yashovchi Husanboy Rahmonov xonadonida “Kelin barmoq”, “Xusayni”, “Andijon qora”, “Qora kishmish” navli 20 tupdan ortiq uzum pavarish qilinadi. Yiliga 1 tonnadan ortiq hosil, 10-15 million so‘m daromad olinadi.  

Uzumlar g‘arq pishgan bugungi kunda mahalla ko‘chalari, xonadonlardagi ishkomlarda tovlanib turgan uzumlarni ko‘rgan har qanday kishining havasi keladi. Mirishkor bog‘bonlarga beixtiyor tasanno aytadi.  

Oybuloq ko‘chasida yashovchi mehnat faxriysi  Busharifjon Husanov ham uzum yetishtirish hadisini olgan usta va  tajribali bog‘bonlardan biri.

–Xonadonim va ko‘chamizga qilingan so‘rtokda uzumning “Andijon qora”, “Oq husayni”, “Toifi” navlarini parvarish qilaman, – deydi  B. Husanov. – Albatta, uzum yetishtirishning o‘ziga xos mehnati, mashaqqatlari bor. O‘z vaqtida xomtak qilish, dorilash, yerga ozuqa berish muhim. Har bir tadbir o‘z vaqtida, sifatli bajarilmasa, uzumdan yaxshi va sifatli  hosil olish mushkul.  Yiliga 1 - 1,5 tonnaga yetkazib hosil olamiz. Bundan 15-20 million so‘m daromad qilamiz. Albatta, bu oilamiz byudjetiga qo‘shimcha daromad.  Mehnat ortidan kelgan daramod esa barakali bo‘ladi. Ana shu daromad turmushimizga baraka kirityapti.

Mazkur mahallada yashovchi Abdulaziz Mamatov ham usta bog‘bonlardan.  U nafaqat o‘z xonadonida, balki mahalladagi ko‘plab xonadonlarga uzumni xomtok qilish, xashoratlar va kasalliklarga qarshi dori sepish ishlarida ko‘mak beradigan tajribali mutaxassisdir.

–Bu yil hosilimiz mo‘l bo‘ldi, – deydi A. Mamatov. – Xonadonimdan 1,5 tonna, ko‘chadagi so‘rtokda 1 tonna hosil, 20 – 25 million so‘m daromad olishni ko‘zlab turibman. Uzumning bir qismini sotdik, qolgan qismi esa yaqin kunlarda sotiladi.  

Mazkur mahallada yashovchi tadbirkor Abduvohid Ismoilov o‘z xonadonida 5,5 tonnagacha uzumni saqlash imkoniga ega muzlatgich-omborxona  qurdi. Ushbu omborxonada saqlanadigan uzumlar qish oylarida ham  xalqimiz dasturxonini sarxil  uzumlar bilan ta’minlaydi.

Uzum yetishtirishda Uchko‘cha mahallasida ham o‘ziga xos tajriba maktabi yaratilgan.   

–Mahallamizda 405 ta xonadonda uzum yetishtiriladi, – deydi “Uchko‘cha” mahalla fuqarolar yig‘inida faoliyat olib borayotgan hokim yordamchisi Feruza Mirzayeva. – Uzum yetishtirishning hadisini olgan usta dehqonlarimiz juda ko‘p. Bir xonadonda 500 kilogrammdan 15 tonnagacha hosil olinadi. Mahalladoshlarimiz uzum yetishtirishdan yiliga o‘rtacha 15-20 million so‘m daromad topadi.

Xonadonida ko‘p miqdorda uzum yetishtirayotgan Ahmadullo Buvamatov, Avazbek Teshaboyev, Ne’matullo Azimov, Hamidullo To‘lanov, Qobuljon To‘lanov singari bog‘bonlar o‘z tajriba va bilimlarini mahalladoshlariga o‘rgatib, mahallada “Uzumchilik maktabi”ni yaratayotgan sohaning mirishkor ustalaridir.  

– Xonadonimizda uzum yetishtirish avloddan avlod o‘tib kelayotgan mashg‘ulot, – deydi Uchko‘cha mahallasi Farog‘at ko‘chasida yashovchi Avazbek Teshaboyev. – Bolaligimdan otamning yonida turib uzum parvarishi bilan bog‘liq yumushlarni puxta o‘rganganman. Hozir tomorqamizdagi 11 sotix maydonda uzum yetishtiramiz. Ko‘chamizga ham so‘rtok  qilingan. Umuman, uzum parvarishida har bir tadbirni o‘z vaqtida, sifatli bajarish juda muhim, qolaversa, ko‘chatlarga doimiy qarov kerak. Joriy mavsumda 10 tonnaga yaqin hosil olishni, 60-65 million so‘m daromad olishni mo‘ljal qilyapmiz.   

Darhaqiqat, Uchko‘cha mahallasining Hamroh, Farog‘at, Olmazor, Peshkadam ko‘chalariga uzum so‘rtoklar qilingan bo‘lib, aholi nafaqat tomorqasidagi, balki ko‘chada barpo etilgan uzumlardan xam yaxshigina daromad qiladi.  

Mazkur mahallaning Peshqadam ko‘chasida yashovchi mirishkor dehqon Habibullo Nazarov o‘z uyida mayiz yaratish texnologiyasini joriy etdi. O‘tgan yilgi 8 tonna uzumdan 1,5 tonna mayiz tayyorlab, Xorazm viloyatida joylashgan Yaponiyaning savdo uyi orqali o‘zi tayyorlagan mayizni eksport qilishga erishdi. Ushbu texnologiya, ya’ni uzumni quritib, mayiz holatiga keltirib sotish orqali 8 tonna uzumdan olinadigan daromadni 2,5 barobarga oshirdi.  

Mazkur texnologiyani tumandagi fermer xo‘jaliklari va aholi xonadonlariga tatbiq etish keng targ‘ib etilmoqda.  

–Mahallamiz tumandagi katta mahallalardan biri hisoblanadi, – deydi “Buyuk Turon” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Mirzohid Aliqulov. – Mahallamizdagi 1 ming 800 dan ortiq xonadonda 5 ming nafarga yaqin aholi yashaydi. Mahallada tomorqadan unumli foydalanish, ayniqsa, uzumchilikni rivojlantirish hisobiga kambag‘allikni qisqartirish, oilalar daromadini oshirish bo‘yicha e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda.   

Jumladan, 952 ta xonadonda uzum yetishtiriladi. Shu yil bahorda mahalla ko‘chalarining 1,5 kilometr qismiga so‘rtok barpo etilib, ko‘chalardagi jami so‘rtoklar 4,8 kilometrga yetkazildi.  

Mazkur mahallada yashovchi mehnat faxriylari Anvarjon Soliyev, Qodirjon Hotamov, Komiljon Boymirzayev, Ahmadjon O‘rmonov singari mirishkorlar yetishtirgan uzumlarga har qancha havas qilsa arziydi.  Ular o‘z tajribalarini, bilganlarini yoshlarga, mahalladoshlariga o‘rgatib keladi.

[gallery-24857]

–Xonadonim va ko‘chamizdagi 4 sotix maydonda “Oq husayni”, “Rizamat ota”, “Kelin barmoq” navli uzumlarni parvarish qilaman, – deydi Buyuk Turon mahallasi, Ifor ko‘chasida yashovchi Qodirjon Hotamov. – Albatta, har kim o‘z imkoniyatidan kelib chiqib, uzum parvarishi bilan shug‘ullanadi. Lekin yaxshi parvarish, yaxshi qarov bo‘lmasa, kutilgan hosilni olish qiyin.

Oilamiz har yili uzum yetishtirishdan 6-7 million so‘m daromad oladi. Albatta, bu oilamiz byudjetiga qo‘shimcha yordam. Ko‘rilgan daromaddan to‘ylar qilyapmiz, farzandlarimizni o‘qityapmiz. Har holda uzum yetishtirish bilan shug‘ullanayotgan birorta oila kam bo‘layotgani yo‘q.    

Muxtasar aytganda, Buloqboshi tumanida uzum yetishtirish bilan shug‘ullanib, daromad olib, boy bo‘layotgan, turmush farovonligini yuksaltirayotgan yurtdoshlarimiz juda ko‘p.  

<iframe width="791" height="445" src="https://www.youtube.com/embed/C3XXD3M5H0E" title="Uzum yetishtirib boy bo‘layotganlar" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Faxriddin UBAYDULLAEV,Zuxriddin UMRZOQOV (surat, video), O‘zA