Farg‘ona viloyatida uzumchilik tarmog‘ining rivoji, yaratilgan yangi navlarning shirador va uzoq vaqt saqlashga yaroqlilik sifatlari respublikamiz osha xorijiy mamlakatlarda ham nom qozongan. Oltiariqning dunyoga mashhur uzumlari yetib bormagan joy qolmagan, hisob. Aholi har yili minglab tonna uzum iste’mol qiladi, uzum korxonalarda qayta ishlanib, turli xil mahsulotlar tayyorlanadi. Bu mo‘’jizaviy ne’matning urug‘i esa tashlab yuborilar edi. Undan qay tarzda foydalansa bo‘ladi?
Farg‘ona davlat universiteti olimlarining ana shu savol ustida olib borgan to‘rt yillik ilmiy izlanishlari natijasida yangi preparat yaratildi.
– U to‘liq sinovdan o‘tdi, ishlab chiqarish uchun Sog‘liqni saqlash vazirligining guvohnoma va ruxsatnomasi olindi, – deydi Farg‘ona davlat universiteti kimyo kafedrasi katta o‘qituvchisi Hikmatullo Abduqunduzov. – Biz uzum urug‘ini qayta ishlab, odamlarga foydasi tegadigan preparat ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirdik.
Yosh olim o‘z tadqiqotlarida uzum urug‘i yog‘ining foydali xususiyatlarini aniqladi. Bu moyni tibbiyot sohasida, xususan, teri parvarishida qo‘llash mumkin.

Preparat teri kasalligidan aziyat chekayotgan bemorlar uchun foydali, ya’ni u terini bitkazuvchanlik xususiyatiga ega. Bundan tashqari, qon-tomir kasalliklarini davolash va oldini olishda qo‘llaniladi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, uzum urug‘i yog‘i qon aylanishi, immunitet tizimini yaxshilaydi, yurak xastaliklari xavfini kamaytiradi Qandli diabet kasalligida qo‘l keladi hamda boshqa ko‘plab foydali xususiyatlarga ega, – deydi Hikmatullo. – Viloyatimizda yiliga o‘rtacha 500-1000 tonna uzum urug‘i qoldig‘i paydo bo‘ladi. Biz 500 tonna urug‘ni qayta ishlab, undan moy ajratib olish texnologiyasini yo‘lga qo‘ydik. Buning uchun umumiy qiymati 1 milliard so‘mlik loyiha ishlab chiqildi. Universitet rahbariyati tomonidan loyiha to‘liq moliyalashtirildi.
Ayni paytda ishlab chiqarish jarayoni amalga oshirilmoqda. E’tiborlisi, xorijdan yangi texnologiyalar olib kelindi. Tadqiqotchilar uchun alohida ish joyi ajratildi. Bu yerda uzum urug‘lari yuvilib, tozalanadi va ishlab chiqarish jarayoniga o‘tkaziladi. Yangi texnologiya bir sutkada 800 kilogramm uzum urug‘idan moy ajratib beradi. Yog‘ olingandan so‘ng yana bir texnologiya uni filtrlaydi. Qoldig‘idan chorva hayvonlari uchun ozuqa sifatida foydalaniladi. Shuning ham aytish kerakki, chiqindisini yangi biotexnologiyalarda yoki oziq-ovqat mahsulotlarida ishlatish bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borilmoqda.

Kashf etilgan preparat hozir ichki bozorlarga yetkazib berilmoqda, tashqi bozorlarda esa unga qiziqish ortmoqda.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish lozim: O‘zbekistonda har yili 100 ming tonna atrofida uzum korxonalar tomonidan qayta ishlanadi. Bu jarayonda 5000 tonna uzum urug‘i ko‘rinishida hosil bo‘ladigan yem chorva hayvonlariga ozuqa sifatida beriladi.
Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki,, uzum urug‘idan yog‘ olish uchun xomashyo tayyorlash masalasi ko‘ndalang turadi. Nega?
– Korxonamizda yiliga hosildorlikka qarab 800-1000 tonna atrofida uzum qayta ishlanadi, – deydi Farg‘ona shahridagi “Fergana-Frans” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktorining moliyaviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Muzaffar Mannonov. – Qayta ishlangan mahsulotdan chiqqan 6 foiz miqdoridagi chiqitdan 800 gektar uzumzorlarimizga o‘g‘it sifatida foydalanamiz. 1000 tonna qayta ishlangan uzumdan urug‘ ko‘rinishidagi 60 tonna chiqit hosil bo‘ladi va undan 30 tonna sof urug‘ ajratib olish mumkin. Farg‘ona davlat universitetiga biz 5 tonna uzum urug‘ini tayyorlab berdik. Ammo aytishim kerakki, uzum chiqitidan urug‘ni ajratib olish hozircha murakkab jarayon va bu bizga qimmatga tushadi.
Bizningcha, uzum urug‘i tayyorlashning yangi, zamonaviy texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha olimlar va mutaxassislar hamkorlikda ish olib borishi lozim.
Muhammadjon Obidov, O‘zA