French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Uzum sayli” festivali
14:45 / 2022-10-11

Festival Surxondaryo viloyati turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi, Oltinsoy tumani hokimligi va boshqa hamkorlar tomonidan  O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 27 maydagi “Surxondaryo viloyatining turizm salohiyatidan samarali foydalanish va uni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori ijrosi doirasida tashkil etildi.

Tadbir jurnalist va blogerlar uchun tashkil etilgan  press-tur bilan boshlandi. Markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar dastlab tumandagi “Xushbekjon Sohibkor” fermer xo‘jaligi uzumzorida bo‘lib, bog‘bonlarning oftobi mayiz tayyorlash jarayonlari bilan tanishdi. 

 Tajribali bog‘bon Nushnudbek Norboyevning 2,80 gektar maydonda voish usulida Rizamat ota, mers, go‘zal qora navli uzum toklarini ekib, parvarishlayotganiga to‘rt yil bo‘lmoqda.  Bog‘bon joriy yilda ilk hosilni yig‘ib olayotir. Shu yerda fermer yer tokka nisbatan uzumni voish usulida yetishtirish va uzum holida sotishdan ko‘ra mayiz tayyorlab savdoga chiqarishning afzalliklari haqida ma’lumot berdi. 

Press-tur qatnashchilari Ekraz mahallasidagi “Xafizullo O‘ralov” fermer xo‘jaligining 12,1 gektar maydondagi uzumzorida simli ishkom usulida yetishtirilayotgan jovuz, toyfi va husayni uzumlarini parvarishlash, saqlash, yig‘ib olish jarayonlari, uzumning shifobaxsh xususiyatlari  haqida yetarli ma’lumotga ega bo‘ldi. 

– Mo‘l va sifatli uzum yetishtirish bog‘bondan yil o‘n ikki oy betinim mehnat qilishni talab etadi, – deydi fermer G‘ofur Omanturdiyev. – Jovuz navi mayizbop, husayni mahalliy bozorda xaridorgir, issiq va sovuqqa ham chidamli toyfi esa eksportbop uzum sanaladi. Hozirgacha bog‘dan 60 tonnadan ortiq hosil yig‘ib oldik. Uning 25 tonnasini xorijga eksport qildik. Qolgan qismi mahalliy bozorda sotilmoqda. Toyfi navining yana bir xususiyati u yangi yilgacha tokda yetilib turadi. Bog‘imiz katta yo‘l bo‘yida joylashgani uchun avtomobilda qo‘shni davlatga o‘tayotgan, viloyatimizga kelgan xorijliklar ham xarid qilishadi. Yig‘ib olingach, sovutgichlarda mart-aprel oyigacha boldek shirin ta’mini o‘zgartirmay saqlash mumkin. 

Oltinsoy tumani agro, eno, ziyorat va tibbiy turizmni rivojlantirish uchun katta salohiyatga ega hudud. Jurnalist va blogerlar Kichik Vaxshivor qishlog‘idagi Mavlono Muhammad Zohid, Katta Vaxshivordagi So‘fi Olloyor ziyoratgohlarida bo‘lib, tumanning ziyorat turizmi imkoniyatlarini o‘rgandi. Buyuk ajdodlarimiz haqida qiziqarli manbalarga ega bo‘ldi. 

“Uzum sayli” festivalining asosiy tadbirlari tuman markazida bunyod etilgan muhtasham “Xo‘jaipok” sanatoriysi hududida bo‘lib o‘tdi. Bu yerda viloyat bog‘bonlari yetishtirgan uzum va boshqa boldek shirin mevalar, poliz mahsulotlari, milliy hunarmandlik buyumlari ko‘rgazmasi ham tashkil etildi. Tajribali fermerlar, soha mutaxassislari vohaning turli hududlaridan kelgan festival ishtirokchilariga uzum parvarishlash usullari haqida atroflicha ma’lumot berdi. Inson organizmi uchun foydali jihatlari, shifobaxsh xususiyatlari to‘g‘risida o‘zaro fikr almashdi. 

Festivalning tantanali ochilish marosimida viloyat hokimi o‘rinbosari Jo‘rabek To‘rayev va boshqalar so‘nggi yillarda yirik sayyohlik salohiyatiga ega mamlakatimizda turizmni rivojlantirishga qaratilayotgan etiborning milliy iqtisodiyotimizni yuksaltirishdagi o‘rni haqida atroflicha so‘z yuritdi. Bu borada Oltinsoy tumanida ziyorat va tibbiy turizmni keng yo‘lga qo‘yish, agro va enoturizmni rivojlantirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarga e’tibor qaratildi. Viloyatning uzumchilik va uzumni qayta ishlash salohiyati tahlil qilindi.

Turli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishda shuhrat qozongan viloyatda 1 ming 100 ta fermer xo‘jaligi 10 ming 790 gektardan ortiq maydonda  sarxil uzum yetishtiradi. Ularning 685 tasi Oltinsoy tumanida tashkil etilgan. Uzumzorlarning qariyb 5 ming gektari Oltinsoy tumanida joylashgan. 

Prezidentimiz tashabbusi bilan uzumzorlar bosqichma-bosqich yangilanib, yangi, hosildor navlari ekilayotgani, parvarishlashning yangi usullari joriy qilinayotgani vohamizda uzum yetishtirishni serdaromad tarmoqqa aylantirmoqda. Jumladan, ishkomi va yertok o‘rnida voish usulida mahsulot yetishtirish ommalashib borayotir. Shu paytgacha viloyatda 70 foiz xo‘raki, 20 foiz kishmish va 10 foiz sanoatbop uzum navlari parvarishlangan bo‘lsa, endi mers, Rizamat ota, kelin barmoq, qora go‘zal, charos kabi  navlarni parvarishlashga qiziqish ortmoqda. Joriy yilda vohada 1 ming 200 gektardan  ortiq maydonda yangi uzumzorlar barpo etilgani ham bunga yaqqol dalildir. 

–Uzumchilik iqtisodiyotimizni rivojlantirishning asosiy drayverlaridan biriga aylanmoqda, – deydi tuman hokimi Alisher Jumayev. – Chunki, hududning tuprog‘i, iqlimi va suvi ham sarxil meva, shu jumladan, boldek shirin uzum yetishtirish uchun qulay muhitga ega. Shuningdek, qayta ishlash ham rivojlanayotir. Shu kungacha viloyatda yig‘ib olingan 130 ming tonnadan ortiq uzum hosilining qariyb 56 ming tonnasi Oltinsoy tumani  mirishkorlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Hozirgacha 6 ming 45 tonna yoki 4 million 586 ming dollarlik uzum dunyoning o‘nga yaqin mamlakatiga jo‘natildi. Viloyatdagi 9 ta uzumni qayta ishlash korxonasining beshtasi Oltinsoyda faoliyat yuritmoqda. Yilning o‘tgan davrida viloyatda qayta ishlangan xom ashyoning qariyb 1 ming 900 tonnasi Oltinsoydagi korxonalar hissasiga to‘g‘ri keldi. Endilikda fermerlarimiz dalasida agroturizmni, uzumni qayta ishlaydigan korxonalarimiz enosayyohlikni yo‘lga qo‘ymoqda. 

Festival doirasida uzumchilik istiqbollariga bag‘ishlangan seminar tashkil etdi. 

Uzumchilik fermer, dehqon xo‘jaligi va tomorqa yer egalari sohiblari, qayta ishlash korxonalari rahbarlari, bog‘dorchilik mutaxassislari ishtirok etgan anjumanda sohani innovatsion g‘oyalar asosida rivojlantirib, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, eksport salohiyatini kengaytirish va qayta ishlash salohiyatini oshirish haqida qiziqarli ma’ruzalar tinglandi. Viloyat turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Zebuniso Alimardonovaning tumanda turizmni rivojlantirish istiqbollari, “Sulton sharbati” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Ikrom Sultonovning uzumchilik klasteri tashkil etish va uzumni qayta ishlash hamda enoturizmni yo‘lga qo‘yishga bag‘ishlangan taqdimotlari bilan tanishdi. 

“Sulton sharbati” mas’uliyati cheklangan jamiyati 125 gektar maydonda uzum yetishtiradi.  Italiya texnologiyasi asosida jihozlangan zamonaviy korxona 2 ming 500 tonna mahsulotni qabul qilib, sifatli  qayta ishlash quvvatiga ega. Hozir bu yerda tayyorlanayotgan yigirmaga yaqin vino mahsulotlari nafaqat mamlakatimiz balki, xorijda ham tanilgan. Yilning o‘tgan davrida Yaponiya, Rossiya, Xitoy, Qirg‘iziston kabi davlatlarga 1 million dollarlik vino mahsuloti eksport qilindi. “O‘zbekiston Havo yo‘llari” aviakompaniyasi orqali xorijga uchayotgan yo‘lovchilar ham “Sulton sharbati” brendi tushirilgan vinolardan bahramand bo‘layotir. Ayni paytda korxona qoshida mahalliy va xorijlik sayyohlar uchun degustatsiya zallari bunyod etilmoqda. Turistlarning uzum plantatsiyalarida sayr qilishi, hosil yig‘imi bilan tanishishi uchun qulay sharoitlar yaratilayotir. 

Festival yakunida “Eng shirin uzum – 2022”, “Eng mazali uzum sharbati – 2022”, “Eng katta bosh uzum – 2022”, “Eng shirin mayiz – 2022” ko‘rik-tanlovlari g‘oliblar aniqlanib, diplom, festival statuetkasi va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Shuningdek, o‘z mahsulotlari bilan faol qatnashgan bir guruh ishtirokchilar munosib rag‘batlantirildi. San’atkorlarning konsert dasturi viloyatda birinchi marta o‘tkazilgan “Uzum sayli” festivaliga o‘zgacha fayz bag‘ishladi. 

 

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA