Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“UzTextile Yexpo Spring 2023”: 10 mamlakatdan 160 ta kompaniya va brendlar ishtirok etmoqda
18:36 / 2023-05-29

Poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz“ markaziy ko‘rgazmalar majmuida “To‘qimachilik va moda sanoati – UzTextile Expo Spring 2023” xalqaro ko‘rgazmasining birinchi kungi tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda.

Ko‘rgazma ochilishi munosabati bilan tashkil etilgan tantanali marosimda so‘z olganlar mahalliy va xorijlik ishtirokchilar uchun ushbu maydon qulay imkoniyat bo‘lishi barobarida mamlakatimiz to‘qimachilik va tikuvchilik sanoati O‘zbekiston iqtisodiyotining eng jadal rivojlanayotgan tarmoqlaridan biri bo‘lib, xalqaro texnologiyalar va sifat standartlarini joriy etishda yetakchilik qilayotganini ta’kidladi.

Joriy yilning 29-31 may kunlari Toshkent to‘qimachilik haftaligi doirasida bir qator tadbirlar tashkil etiladi. Xususan, bugun o‘z ishini boshlagan ko‘rgazma, “O‘zbekiston – yangi xavfsizlik, sifat va muvofiqlik markazi” mavzusida brifing, XMT bilan hamkorlikda «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi va O‘zbekiston ish beruvchilar konfederatsiyasi qo‘shma forumi, sohadagi so‘nggi tendensiyalar va yangiliklar bo‘yicha treninglar, biznes va press-turlar, shuningdek, V2V uchrashuvlar ushbu dasturdan o‘rin olgan.

"Iteca Exhibitions" xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi menejeri Nodira Hayitboyevaning qayd etishicha, ushbu kompaniya yil davomida deyarli barcha sohalar bo‘yicha xalqaro ko‘rgazmalarni uyushtirib keladi. Bu kabi ko‘rgazmalar mahalliy va xorijlik ishlab chiqaruvchilar faoliyatida muhim ahamiyat kasb etib, ularning o‘z biznesini rivojlantirishda katta turtki bo‘ladi.

– Shu o‘rinda aytish kerakki, “To‘qimachilik va moda sanoati – UzTextile Expo Spring 2023” xalqaro ko‘rgazmasi o‘zining oltinchi bor namoyishini boshladi. U "Iteca Exhibitions" xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi va uning hamkori “ICA Eurasia Group” hamda «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi huzuridagi To‘qimachilik mahsulotlari reklamasi va marketing agentligi bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda. O‘tgan yildan boshlab ushbu ko‘rgazma yiliga ikki marotaba o‘tkaziladigan bo‘ldi. Negaki, mamlakatimizda aynan shu yo‘nalish eng jadal rivojlanayotgan tarmoqlardan biri hisoblanadi. Muhimi, bugungi kunda to‘qimachilik sohasi eksportga yo‘naltirilgan sanoatga aylanib, yil sayin chet elga mahsulot yetkazib berish hajmini oshirmoqda. Mamlakat 2021 yilda GSP+ preferensiya dasturidan benefitsiar maqomini olgan holda Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga eksportni faol ravishda oshirishni boshladi. Joriy yilda O‘zbekiston eksport hajmini 5 milliard dollarga yetkazishni va 76 ta yangi loyihani amalga oshirishni, shuningdek, 26 mingta yangi ish o‘rni yaratishni rejalashtirmoqda, –dedi N.Hayitboyeva.

[gallery-12094]

Aynan shunday zamonaviy talab va o‘zgarishlarni o‘zida qamrab olgan “UzTextile Expo Spring 2023"ning o‘tgan yilgi kuzgi namoyishida 120 ga yaqin kompaniya ishtirok etgan bo‘lsa, bu gal u o‘z maydoniga 10 mamlakatdan 160 ta kompaniya va brendlarni chorladi.

Masalan, bu yil  ilk bor Germaniya milliy paviloni tashkil etildi. Unda ishtirokchi kompaniyalar barcha turdagi to‘qimachilik mahsulotlarini sinovdan o‘tkazish, sertifikatlash va tadqiq qilish, polimerlarni ishlab chiqish, ishlab chiqarish va qayta ishlash bo‘yicha xizmatlarni, shuningdek, butun dunyoda “Made in Germany” brendi ostidagi mahsulotlarni namoyish etmoqda.

– Ushbu ko‘rgazmada ishtirok etish biz uchun katta imkoniyat bo‘ldi. Shu sababli,  biz shu yo‘nalishda O‘zbekiston korxonalari bilan hamkorlik qilish niyatidamiz. O‘zbekistonda to‘qimachilik tizimida juda katta ishlar amalga oshirilgan. Qolaversa, O‘zbekiston paxtasi dunyoda mashhur. Yurtingizda yetishtiriladigan paxtaning sifati yuqoriligini biz yaxshi bilamiz va uni ishlatib kelamiz. Uyushma tekstil sohasida bu namoyishga birinchi bor qatnashmoqda, lekin texnologiyalarimiz avval taqdim etilgan. Faoliyatimiz haqida gapiradigan bo‘lsam, “Gesamtmashe” Germaniya sanoat tarmog‘i uyushmasi milliy va xalqaro darajada trikotaj, ichki kiyim va trikotaj mato ishlab chiqaruvchi nemis ishlab chiqaruvchilari manfaatlarini ifodalaydi, – dedi  mazkur uyushma vakili Silviya Yungbauer.

Shuningdek, ko‘rgazmada Hindistondan 14 kompaniya, Xitoydan 49 kompaniya va Turkiyadan 15 kompaniya stendlaridan uy to‘qimachilik, tayyor kiyim, ichki kiyim, gazlamalar, trikotaj mato hamda to‘qimachilik aksessuarlari joy olgan.

Ahamiyatlisi,  “Osborn Textile”, “Ideal”, “Samarkand Apparel”, “Saff Textile”, “Zelal Tekstil” kabi  mamlakatimizning 60 dan ortiq ishlab chiqaruvchilari mahalliy va xorijiy xaridorlar uchun yuqori sifatli to‘qimachilik va tikuvchilik mahsulotlarini havola etmoqda.

– “Quva tekstil” “UzCotton Group” tarkibidagi kompaniyadir, – dedi kompaniyaning sotuv bo‘limi menejeri Shahbozxon Saidkomilov. – 2000 yildan kompaniyamiz faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Bu yerda  dastlab faqat kalava ip ishlab chiqarilgan bo‘lsa, bugungi kunda hukumatimiz topshirig‘iga asosan tayyor mahsulotlar, ya’ni, sochiq, kiyim-kechaklar ham tayyorlanmoqda. 1 ming 500 nafardan ishchi-xodimga ega kompaniyaning asosiy maqsadi kalava ip eksportini kamaytirish va tayyor mahsulotlar eskportini oshirishdir.  

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA muxbiri