O‘zbekistonda texnik jihatdan tartibga solish va sifat infratuzilmasini takomillashtirishga qaratilgan islohotlar izchil davom etmoqda.
2026-yil 16-fevral kuni qabul qilingan Prezidentimizning “Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi islohotlarni ilg‘or xalqaro amaliyot asosida jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida sohani ilg‘or xalqaro amaliyot asosida tubdan modernizatsiya qilishning ustuvor vazifalari belgilab berildi.
Mazkur hujjatda milliy sifat tizimini xalqaro standartlar darajasiga olib chiqish, akkreditatsiya va muvofiqlikni baholash jarayonlarini shaffof hamda samarali tashkil etish, shuningdek, mamlakatning global reytinglardagi o‘rnini yaxshilash maqsad qilingan.
Hujjatga ko‘ra, mamlakatda milliy sifat infratuzilmasini rivojlantirish ustuvor vazifalardan biri etib belgilangan.
Farmonda 2026-yil uchun qator aniq maqsadli ko‘rsatkichlar nazarda tutilgan. Jumladan, Barqaror rivojlanish uchun sifat infratuzilmasi indeksida O‘zbekistonning o‘rnini kamida 20 pog‘onaga yaxshilash rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, Xalqaro tarozi va o‘lchovlar byurosi tomonidan e’tirof etilgan kalibrlash imkoniyatlari sonini 2,5 barobarga oshirish hamda xalqaro darajada tan olingan akkreditatsiya xizmatlari ulushini kamida 80 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Tashkiliy o‘zgarishlar ham amalga oshiriladi.
Xususan, O‘zbekiston akkreditatsiya markazi Vazirlar Mahkamasi bo‘ysunuviga o‘tkaziladi. Bundan tashqari, O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi faoliyati tugatilib, uning tarkibidagi muvofiqlikni baholash organlari bekor qilinadi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston standartlar instituti mazkur markazni o‘z tarkibiga qo‘shib olish orqali qayta tashkil etiladi.
Hamroz Bayanov, O‘zA