Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
UZTELECOM ICTWEEK 2025 da jahon kompaniyalari bilan memorandumlar imzoladi
17:05 / 2025-09-24

Mintaqaning eng yirik texnologik forumi – ICTWEEK 2025 doirasida O‘zbekistonning yetakchi telekommunikatsiya operatori UZTELECOM jahon kompaniyalari bilan qator kelishuvlarni imzoladi.

Ushbu hujjatlar data-markazlar rivoji, “aqlli” yechimlar ekotizimi va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etishni qamrab olib, mamlakatning raqamli transformatsiya yo‘lini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

UZTELECOM  va  DataVolt: zamonaviy data-markazlar sohasidagi qo‘shma loyihalar

Hamkorlikdagi ilk muhim qadam sifatida UZTELECOM va Saudiya Arabistonining zamonaviy data-markazlar qurilishi hamda ulardan foydalanishda ilg‘or tajribaga ega DataVolt kompaniyasi o‘rtasida memorandum imzolandi. DataVolt o‘z faoliyatida qayta tiklanuvchi energiya manbalari va ilg‘or energiya tejamkorlik texnologiyalariga tayangan holda, katta hajmdagi ma’lumotlar davrida uglerod izini kamaytirishga alohida e’tibor qaratadi.

Uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekiston milliy qonunchiligiga va xalqaro standartlarga rioya etishga qat’iy sodiqligini, shuningdek, xorijiy investitsiyalarning raqamli transformatsiyani tezlashtirishdagi muhim rolini alohida ta’kidladilar. UZTELECOM uchun bu kelishuv  IT-infratuzilmani kengaytirish va ekologik barqaror amaliyotlarni joriy etishning yangi ufqlarini ochib beradi.

Tuya Cloud  bilan alyans: har bir uy va ofis uchun aqlli hayot

Shuningdek, xalqaro texnologik kompaniya Tuya Cloud  bilan imzolangan kelishuv ham yirik tashabbuslardan biri bo‘ldi. Mazkur hamkorlik O‘zbekistonda “aqlli uy” va “aqlli ofis” yechimlarini o‘z ichiga olgan SMART Life & SMART Living ekotizimini rivojlantirishga qaratilgan.

Loyiha doirasida UZTELECOM SMART Life  brendi ostida Tuya ning sun’iy intellekt imkoniyatlarini o‘zida mujassam etgan mobil ilova ishga tushiriladi. Foydalanuvchilar ushbu ilova orqali yoritish tizimlari, iqlim nazorati va xavfsizlik tizimlaridan tortib boshqa smart-jihozlarni yagona interfeys orqali boshqarish imkoniga ega bo‘ladilar.

Ekotizim kengayishi: CiberNet AI, BSS va iToolabs bilan yangi hamkorliklar

Bundan tashqari, UZTELECOM qator innovatsion kompaniyalar bilan ham hamkorlik shartnomalarini imzoladi:

•  CiberNet AI – savdo jarayonlari va mijozlarga xizmat ko‘rsatishni avtomatlashtirish uchun AI-platformani joriy etish.

•   BSS (Business Solutions & Services) – korporativ sektor uchun  IT-yechimlarda tizim integratori sifatida hamkorlik.

•  iToolabs (PBX Cloud)  – biznes uchun  AI asosidagi bulutli ATS, ovozli xizmatlar va yechimlarni rivojlantirish.

«Bu kelishuvlar – mamlakatimizda raqamli transformatsiyani jadallashtirish yo‘lidagi strategiyamizning muhim qismidir. Biz eng ilg‘or jahon texnologiyalarini jalb etib, jismoniy va yuridik shaxslarga kundalik hayotni qulaylashtiradigan va biznes samaradorligini oshiradigan innovatsiyalarni taqdim etamiz», – dedi “O‘zbektelekom” AK boshqaruv raisining tijorat masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Javlon Islamov.

O‘zA