Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Uzsard va Humo terminallari tizimi birinchi chorak oxirigacha integratsiya qilinadi (+video)
23:15 / 2024-01-25

Markaziy bank boshqaruvining navbatdagi yig‘ilishi yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda iqtisodiyotdagi yuqori talab dinamikasi ta’sirida shakllanayotgan kutilmalarni inobatga olib, asosiy stavka darajasi o‘zgarishsiz qoldirilgani qayd etildi. Prognozlarga ko‘ra, inflyatsiya yil yakunida 8-9 foizni tashkil etishi kutilmoqda. 

Qayd etilishicha, shakllantirilayotgan pul-kredit sharoitlari inflyatsiyani 5 foizlik target darajasigacha barqaror pasayish trayektoriyasini ta’minlashga qaratilgan. Umumiy inflyatsiya so‘nggi oylarda 8,8 foiz darajasida saqlanib qoldi. Iste’mol savatidagi tovarlar guruhida inflyatsiyaning pasayishiga qaramasdan, xizmatlar inflyatsiyasi oxirgi chorakda biroz tezlashdi. Bu esa, kelgusida talab tomonidan umumiy inflyatsiyaga oshiruvchi bosimlarning kuchayish ehtimoli mavjudligini ko‘rsatadi. Umuman olganda, iqtisodiyotda inflyatsion jarayonlarning yuzaga kelishi va saqlanib qolayotgani, yuqori talab sharoitlariga ayrim taklif komponentlarining to‘liq moslasha olmayotgani bilan izohlanadi. 

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Zqijs6XXuN8" title="Uzsard va Humo terminallari tizimi birinchi chorak oxirigacha integratsiya qilinadi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Milliy valyutadagi depozitlar bo‘yicha yuqori ijobiy real foiz stavkalari sharoitida bank depozitlari hajmining o‘suvchi dinamikasi saqlanib qolishi kutilmoqda. Yangilangan prognozlarga ko‘ra, asosiy ssenariy bo‘yicha 2024 yilda umumiy inflyatsiya 8-9 foiz, bazaviy inflyatsiya darajasi esa 7-8 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda. Joriy yilda makroiqtisodiy rivojlanishning qaysi ssenariy shartlari asosida kechishi tashqi iqtisodiy omillar bilan birga makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlashning ichki omillari, ya’ni tarkibiy islohotlar sur’atlari, fiskal intizom va pul-kredit siyosati ta’sirchanligiga bog‘liq bo‘ladi. 

Shuningdek, anjumanda qayd etilishicha, yalpi ichki mahsulotning real o‘sishi 5,5-6 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Iqtisodiy o‘sishning asosiy omillari bir tomondan, iste’mol talabi bo‘lsa, ikkinchi tomondan, tarkibiy islohotlar ta’sirida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy va mahalliy investitsiyalar hajmining oshishi bo‘ladi. 

Markaziy bank mas’ullariga jurnalistlar tomonidan valyuta kursi, bank va kreditga oid savollar berildi. 

Jumladan, Uzsard va Humo terminallari tizimi qachon integratsiya qilinadi, deya savol berildi. 

– Uzsard va Humo terminallari tizimi birinchi chorak oxirigacha integratsiya qilinadi. Hozirda “Trastbank”, “Infinbank” va “Apeksbank”da test rejimida ishga tushirildi, – dedi Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Saydullayev. 

Shahnoza Mamaturopova, Nosirjon Haydarov (surat), Doniyor Yakubov (video), O‘zA