Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Uzoq yillik muammo hal bo‘ldi
10:36 / 2025-07-15

Mirzaobod tumanidagi Toshkent mahallasining Umid, To‘raqo‘rg‘on, Murabbiylar va Huro‘lka ko‘chalaridagi ichki yo‘llar to‘liq ta’mirlandi. Aholining uzoq yillik orzusi ushaldi.

Mazkur ishlar “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida amalga oshirildi. Jumladan, Umid ko‘chasida 2000 metr, To‘raqo‘rg‘on ko‘chasida 225 metr, Murabbiylar ko‘chasida 335 metr va Huro‘lka ko‘chasida 370 metr ichki yo‘llarga asfalt qoplamasi yotqizildi.

Ushbu loyiha “Tashabbusli byudjet” dasturining 1-mavsumida eng ko‘p ovoz to‘plab, g‘olib deb topildi. Yo‘l ta’mirlash tashabbusi mahallaning 6468 nafar fuqarosi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Tender jarayoni “Shaffof qurilish” elektron platformasi orqali o‘tkazilib, loyiha ijrosi Sirdaryo mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati tomonidan tuman Obodonlashtirish boshqarmasiga topshirildi. Korxona yo‘lsozlari tomonidan ishlar belgilangan muddatda va yuqori sifatda amalga oshirildi.

– Bu yo‘llar bundan 15-20 yil avval qisman ta’mirlangan, – deydi mehnat faxriysi Bekmurod O‘roqov. – Shundan buyon har yili ko‘chamiz ko‘lmak, chuqur va og‘ir sharoitda qolardi. Hozir esa farzandlarimiz qulay sharoitda harakatlanyapti. “Tashabbusli byudjet” dasturidan minnatdormiz.

Byudjetdan ajratilgan 1 milliard 500 million so‘m mablag‘ evaziga amalga oshirilgan ushbu ishlar samarasida yuzlab xonadon egalari tekis, xavfsiz va ravon yo‘llardan foydalanmoqda. “Tashabbusli byudjet” fuqarolarning ijtimoiy faolligi va davlat boshqaruvidagi ishtiroki ortishi bilan bir qatorda, joylardagi infratuzilmaviy muammolarni hal etishda samarali mexanizm sifatida o‘zini to‘liq namoyon etmoqda.

G‘ulom Primov,  

O‘zA muxbiri