Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Uzoq va yaqin, qudratli Pokiston
10:22 / 2023-07-22

Pokiston Islom Respublikasi haqida gap ketganda, bexosdan, xayolga “beqaror mamlakat”, degan fikr keladi. Buning sababi, “yirik davlatning muammolari ham shunga yarasha bo‘ladi”, deyishadi, yo shundanmikan? Masalan, yaqin vaqtgacha sobiq Bosh vazir Imron Xon haqida faqat iliq gaplar aytilardi, bugun esa u hokimiyat tepasida emas. Binobarin, avvalgi hukumat mamlakatimiz bilan munosabatni rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shganidan xalqimiz xabardor.

Demak, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi dotsenti, siyosiy fanlar nomzodi, Shoislom Akmalov bilan Pokistonning ichki va tashqi siyosati haqida suhbatlashamiz.

– Zamonaviy jahon siyosatida muhim o‘rin egallaydigan yirik davlat – Pokiston uch geosiyosiy mintaqa – Janubiy, G‘arbiy va Markaziy Osiyo tutashgan strategik makonda joylashgan. Aholisi ko‘pligi jihatidan sayyoramizda oltinchi o‘rinni egallaydi, nufusi 200 million kishi atrofida. Qudratli armiyaga sohib: yadro quroliga ega yettinchi davlat. Rivojlanayotgan mamlakatlar hamjamiyatida juda faol.

Afsuski, ayrim siyosatchi va tahlilchilar Pokistonni beqaror, muvaffaqiyatsiz davlatlar qatoriga qo‘shadi. Mamlakatda radikal islom va xalqaro terrorizm kuchlari muayyan mavqega ega ekani, bu holat nafaqat ichki, balki qo‘shni davlatlar miqyosida ham tahdid paydo qilishi, mintaqa darajasida ehtimoliy inqirozga sababchi bo‘lishi, mazkur geosiyosiy hudud konfiguratsiyasini tubdan o‘zgartirishi mumkinligini ta’kidlashadi.

Ayni omillarga ko‘p bor davlat to‘ntarilishi sodir bo‘lgan davlat, deb qo‘shish mumkin, shunday emasmi?

– 1947 yil Hindistondan ajralib chiqqan Pokiston keyingi tarixiy bosqichlarda murakkab siyosiy jarayonni boshidan kechirgani haqiqat. Siz aytgandek, hokimiyat kuch ishlatish yo‘li bilan bir necha marta, xususan, 1953-54, 1958, 1977 va 1999 yillarda almashgan. So‘nggi marta 2022 yil aprel oyida ham Bosh vazir Imron Xonga qarshi muxolif siyosiy kuchlar parlament doirasida hukumat rahbariga nisbatan ishonchsizlik votumi e’lon qilishga muvaffaq bo‘ldi. Natijada mamlakat yana bir bor siyosiy jar yoqasiga keldi.

Oldingilaridan farqli o‘laroq, bu gal siyosiy mojaro yuzaga kelishida tashqi omil ahamiyati va o‘ta o‘zgaruvchan mohiyat ochiq namoyon bo‘ldi.

Imron Xon davrida mamlakat birmuncha barqarorlikka erishgan edi, degan fikrlar bor. Demak, buning ortida boshqa gaplar bor ekan-da?

– Sobiq Bosh vazir Imron Xon rahbarlikka kelishiga oid farazlar yetarli, hali-hanuz bu taxminlar tarqoq, mavhum qolmoqda. Bu borada tahlilchilar turfa fikr bildiradi. Jumladan, rossiyalik taniqli pokistonshunos olim Vyacheslav Belokrenitskiy 2010-yillar boshida “Pokistonning jahon siyosati tizimidagi tadrijiy roli oshishi mamlakat ichi va tashidagi omillar muvozanati o‘zgarishiga ta’sir qilib, ahamiyati oshishiga olib keldi”, degan edi.

Mana shu voqelik asnosida Islomobod tashqi siyosiy yo‘lining mazmuni, vazifasi, xususiyati ham o‘zgarishlarni boshidan kechirdi va kechirmoqda. Shu bilan birga, Pokiston mustaqil rivojlanishi jarayoni hosilasi sifatida vorislik, an’anaviylik kabi tamoyillar ham o‘z kuchini saqlab qoldi.

Imron Xon boshchiligidagi “Pakistan texrik-i insaf” (Pokiston adolat partiyasi – PAP) 2018 yil hokimiyatga kelishining sababi ko‘proq jamiyatda hukmroni ichki siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy tamoyillarga borib taqaladi. Ta’kidlash lozim, mazkur partiya boshqaruvni qonuniy yo‘l bilan qo‘lga kiritgan. Mamlakatda shov-shuv keltirib chiqargan bu holatni mantiqan quyidagicha sharhlash mumkin.

Partiya 1996 yil tashkil topib, Pokiston siyosiy maydonida, nisbatan, yangi kuch bo‘lishiga qaramay, qisqa muddatda tarafdorlari sonini misli ko‘rilmagan darajada ko‘paytirib olishga erishdi. Partiya 1997 yil saylovda 1,61 foiz ovoz olgan bo‘lsa, 2018 yil 31,92 foiz ovoz bilan hukmron partiya maqomini qo‘lga kiritdi.

Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakat armiyasi PAPni qo‘llab-quvvatlashi ham, qaysidir ma’noda, muvaffaqiyatni ta’minlagan. 2021 yilga kelib, partiya a’zolari 10 million kishiga yetdi. Bu holat Bxutto va Shariflar sulolasi bilan bog‘liq “an’anaviy og‘ir vazn”li arboblarning siyosiy mashhurlik maqomi sustlashganidan dalolat edi.

PAP muvaffaqiyatining muhim omillaridan yana biri – partiya yetakchisi panjoblik pushtunlar oilasiga mansubligi. Imron Xonning ona tomondan qarindoshlari 1947 yil Hindistondan ko‘chib o‘tgan. Bu etnik va lingvistik jihatlar Xon siymosini keng ommaga jozibali qilib ko‘rsatdi, chunki ko‘plab panjobliklar, pushtunlar va muhojirlar (Hindistondan Pokistonga ko‘chib o‘tgan musulmonlar) uni “o‘ziniki”, deb bilishadi.

Shoislom aka, Imron Xon G‘arbda ta’lim olgani to‘g‘rimi?

– To‘g‘ri! Mamlakat aholisining turli qatlami Imron Xonning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi muayyan muvaffaqiyatlarini Oksfordni imtiyozli diplom bilan tugatgani bilan bog‘lashadi. Uning Buyuk Britaniya aristokratlari oilasidan chiqqan ayolga uylanganiga ham omadning bir belgisi sifatida qaraladi.

Mamlakatning avvalgi rahbarlarida ham G‘arbga moyillik sezilgan...

– Imronning partiyasi Pokiston siyosatida Sharif va Bxutto-Zardariy sulolalarining anglo-sakson dunyosi, amerikaparastlik g‘oyalariga tayangan hamda ichki, azaldan o‘ta boy elitani maksimal darajada qo‘llab-quvvatlash siyosatidan farqli o‘laroq, yangi yo‘nalish sifatida talqin qilinadi.

Ba’zi ekspertlar PAPning muvaffaqiyatini jamiyatda ro‘y bergan o‘zgarishlar bilan ham izohlashadi. Mamlakat aholisi yosharib borayotgani, kompyuterlashtirish jarayoni jadal tus olayotgani haqida gapirishadi. Smartfonlar uchun eng ko‘p mobil ilovalari mavjudligi va ushbu ilovalarda partiyaning faoliyati va mafkurasi namoyon bo‘lgani hamda ayni omil Imron Xon to‘g‘risida raqobatchilariga nisbatan ko‘proq ma’lumot tarqatish, aniqroq aytganda targ‘ibot-tashviqot borasida boshqa partiyalardan o‘zib ketish imkonini bergani ham bor gap.

Hokimiyat tepasiga kelgan Imron Xon nafaqat ichki, balki tashqi siyosatda ham ulkan o‘zgarishlar amalga oshirilishini e’lon qilgan. Bunda, eng avvalo, o‘rta tabaqa va shahar ziyolilari sharoitini yaxshilash nazarda tutilgan. Tashqi siyosatdagi ustuvor vazifalar qatorida Pokistonning arab davlatlari, Xitoy bilan hamkorlikni rivojlantirishi hamda Rossiya va Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan munosabatni kengaytirishi belgilab olingan edi.

Muhim jihat shundaki, muxolif partiyalar Imron Xonni hokimiyatdan chetlatish uchun boshqa davlatlar bilan hamkorlik qilishda ayblashadi. Ular ta’kidlashicha, “Imron Xonning Rossiya va Xitoy bilan do‘stligi AQSH manfaatiga to‘g‘ri kelmas” emish.

“Bi-Bi-Si” radiostansiyasi 2018 yil saylovni sharhlar ekan, “Pokiston Afg‘oniston masalasida AQSH va NATO bilan strategik sherik, shu bilan birga, toliblar uchun baza, Rossiya gaziga raqobatchi bo‘lgan Turkmaniston gazi olib o‘tiladigan makon” deya ta’kidlagan edi.

Muxolifat Bosh vazirni saylov oldi kampaniyasida bergan va’dalarini bajarmaganlikda ham ayblaydi. Masalan, Imron Xon 2018 yil mamlakatda korrupsiyani jilovlash, davlatni iqtisodiy bo‘hrondan olib chiqishga va’da beradi, ammo buning uddasidan chiqa olmaydi.

Bir yildan oshdiki, Imron Xon hayotidan tinchlik yo‘qolgan: tergov, sud, hukm... Boshidagi shuncha tashvishdan keyin ham u mamlakatni tark etmayman, deb bayonot berdi...

– Imron Xonning Pokistonni tark etish niyati yo‘qligi to‘g‘risidagi bayonoti, nafaqat mamlakat siyosiy istibleshmenti, balki tashqi o‘yinchilarni ham shoshirtirib qo‘ydi. Bu irodasi bilan u birinchi navbatda tarafdorlariga nisbatan sodiqligini namoyish qildi.

Tahlilchilar Imron Xon va uning safdoshlarida partiyaning avvalgi obro‘sini tiklash, hukumatga qaytish rejasi borligini faraz qilishadi.

O‘tgan yil aprel-may oylarida PAP a’zolari va xayrixohlari Shahboz Sharif hukumatiga hamjihat va yakdil sa’y-harakati bilan jiddiy xavf tug‘dirgani, bunga qarshi hokimiyat biror samarali javob bera olmaganini ta’kidlashadi.

Shu bilan birga Xon hukumati Ukraina bo‘hronida Rossiyani bilvosita  qo‘llagani, AQSH va Xitoy munosabati tobora taranglashayotgan hozirgi sharoitda, hokimiyat tepasida kim bo‘lishidan qat’i nazar, Islomobodning Pekin bilan yaqinlashuvi parda ortidagi tashqi kuchlar xohish-istagiga zid ekanini inobatga olish darkor.

Imronning hokimiyatga qaytish rejasi haqida gapirganda, u kamida Xitoy kafolatini olishi zarurligiga e’tibor qilish kerak. Rasmiy Pekin Afg‘onistondagi ichki vaziyat ko‘p jihatdan Pokistonga bog‘liqligini hisobga olib, Islomobod bilan aloqani o‘z foydasiga qaratishga urinsa, ajab emas.

– Shoislom Ikromovich, mavridi kelganda Pokistonning O‘zbekiston bilan aloqalariga ham qisqa to‘xtalsangiz.

– AQSH Afg‘oniston Islom Respublikasidan chiqib ketishi, 2021 yil avgustda hokimiyat Tolibon nazoratiga o‘tishi Pokistonga Markaziy Osiyo bilan munosabat va afg‘on muammosini bartaraf etishga oid har qanday muzokarada yetakchilik maqomini ta’minlab berganini ta’kidlash zarur.
O‘zbekiston – Pokiston munosabatida kelishuvlardan real ikki tomonlama amallarga o‘tish aynan Imron Xonning Bosh vazirlik davriga to‘g‘ri keldi. Bu jarayonning gultoji Pokistonning transafg‘on temir yo‘li bunyod etilishiga xayrixohligi bilan bog‘liq. Islomobodning ayni yo‘nalishdagi sa’y-harakatga hissa qo‘shishga tayyorligi ushbu loyiha ehtimoliy jihatdan real bosqichga o‘tishini ta’minlashishi mumkin bo‘lgan diplomatik qadam, deb tafsiflash mumkin. 2022 yil Imron Xon O‘zbekistonga rasmiy tashrif uyushtirib, Toshkent va Islomobod munosabati strategik xususiyatga egaligini isbotladi. Shu yilning o‘zida davlatimiz rahbari PIRga rasmiy tashrif bilan bordi. Shu tariqa ikki mamlakat yetakchilari global, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik masalasida bir-biriga yaqin yondashuv tarafdori ekani yana bir bor namoyon bo‘ldi.

O‘tgan yil sentyabr oyida Samarqandda o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyev Pokistonning yangi Bosh vaziri Shahboz Sharif bilan muzokara o‘tkazdi. Yetakchilar savdo-sotiq, iqtisodiyot, investitsiya va transport-tranzit sohalaridagi hamkorlikning barcha jihatlarini ko‘rib chiqdilar. Tabiiyki, uchrashuv chog‘ida Transafg‘on temir yo‘li qurilishini tezlashtirish masalasi ham ko‘tarildi.

Shahboz Sharif Pokiston tomoni O‘zbekiston bilan keng miqyosli strategik hakmkorlikni mustahkamlashdan manfaatdorligini qayd etdi. Davlat rahbarlarining qat’iy qarori asosida oxirgi yillarda rivojlangan o‘zaro manfaatli va ko‘p qirrali sheriklik nafaqat ikki davlat uchun istiqbolli, balki mintaqa xavfsizligini ta’minlash, jumladan afg‘on muammosini tinch yo‘l bilan hal etishda muhim ahamiyatga ega ekani ma’qullandi. Zero, tomonlarda Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari o‘rtasida ko‘p qirrali aloqa o‘rnatish, munosabatlarni sifat jihatidan yanada yuqori saviyaga olib chiqish salohiyati yetarli.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, so‘nggi bir necha yil ichida o‘zaro munosabatlar mazmunan, mohiyatan va shaklan jadal rivojlanish yo‘liga o‘tgani Toshkent va Islomobodning mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlik muammolariga yondashuvi keskin o‘zgarganiga yorqin misol. Binobarin, davlatlararo munosabatlar muhitini yaxshilash, ikki qo‘shni mintaqa o‘rtasidagi o‘zaro mushtaraklik doirasini kengaytirish ko‘p jihatdan Toshkent va Islomobodning real tashqi siyosat olib borishiga bog‘liqligi isbot talab qilmaydigan haqiqatdir.

O‘zA siyosiy sharhlovchisi

Abror G‘ulomov suhbatlashdi.