French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Uzoq umr ko‘rishning siri
12:36 / 2026-02-20

Sirdaryo tumanining Quyosh mahallasida istiqomat qilayotgan Rahmonqul ota Boyqorayev bu yil 103 bahorni qarshi oldi. Bir asrdan ziyod umrni ortda qoldirgan bu inson butun hayoti davomida kolxozda oddiy ishchi, suvchi bo‘lib mehnat qildi. Uning hayot yo‘li — sabr, matonat va halol mehnat bilan yo‘g‘rilgan ibrat maktabi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Rahmonqul ota hayotning eng og‘ir, sinovli yillarini ham boshidan kechirgan. Qahatchilik va ocharchilik davrlariga guvoh bo‘lgan. Urushdan keyingi tanglik, qahraton qishlar, jazirama yozlar — bularning barchasi uning xotiralarida muhrlanib qolgan.

–  Bolam, bugungi farovon kunlarga yetib kelish oson bo‘lmagan, –  deydi ota xotiralarga cho‘mib. –  Uch o‘g‘il, uch qizni voyaga yetkazish uchun saratonning issig‘ida ham, qishning chillasida ham daladan qaytmadim. Egat oralab suv taraganlarim, yer unumdor bo‘lsin deb qahratonda yaxob suvi qo‘yganlarim kechagidek yodimda. Shukur, mehnatim zoye ketmadi.

Bugun Rahmonqul ota 60 ga yaqin nabira va chevaralar ardog‘ida. Katta farzandi ham 75 yoshdan, eng kichik farzandi esa 62 yoshdan  oshgan. Kuni kecha Sirdaryo tumanidagi “Bahor” saylov okrugidan saylangan viloyat kengashi deputati, professor Ravshanbek Mahmudov hamda bir guruh faollar nuroniy Rahmonqul otani yo‘qlab borib, hol-ahvol so‘rashdi.

–  Asli G‘allaorollikmiz, –  deya so‘z boshlaydi ota. –  Mirzacho‘lni o‘zlashtirish yillarida bu yerga ko‘chib kelganmiz. U paytlarda hozirgidek obodlik yo‘q edi. Erta bahor chigit qadab, kech kuzda yerni haydab, yaxob berardik. Quyosh mahallasida aholi ham sanoqli edi. Bugun esa qayerga qaramang, zamonaviy uylar, fayzli ko‘chalar.

Haqiqatan ham, bugun Quyosh mahallasi mutlaqo yangi qiyofa kasb etgan. Qariyb 8,5 ming aholi istiqomat qilayotgan mahallada tomorqa va issiqxonachilik yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. “Bir ko‘cha — bir mahsulot” tamoyili asosida pomidor, bolgar qalampiri, bodring, sarimsoqpiyoz, shivit va kashnich kabi mahsulotlar yetishtirilmoqda. Eng muhimi, aholi yerdan yil davomida uch marta hosil olmoqda.

Mahallaning Qozog‘iston Respublikasi bilan chegaradosh hududda joylashgani ham tadbirkorlik uchun qulay imkoniyat yaratgan. Yetishtirilayotgan mahsulotlar qo‘shni davlat bozorlariga, shu jumladan Rossiyaga eksport qilinmoqda. Natijada mahallada ishsiz yoki daromadsiz oilalar deyarli uchramaydi. Dasturxonlar to‘kin, ro‘zg‘orlar but.

–  Ilgari yerga munosabat boshqacha edi, –  deydi Rahmonqul ota. –  Mustaqillikdan keyin odamlar bir parcha yerning qadrini angladi. Yerga mehr bergan daromad ko‘rdi. Bugun farzandlarimiz bolalarini o‘qitib, uyli-joyli qilib, jamiyatga nafi tegadigan insonlar qilib tarbiyalamoqda.

Suhbat so‘nggida nuroniydan uzoq umr ko‘rishning siri haqida so‘raldi.

–  Siri oddiy, –  deya tabassum qiladi ota. –  Halol mehnat qilish va sog‘lom turmush tarziga amal qilish. Ko‘ngilni pok tutsang, rizq ham, umr ham barakali bo‘ladi.

Qaytish chog‘ida Rahmonqul ota yurt tinchligi, el osoyishtaligi, dasturxonlar to‘kinligi uchun duo qildi. Bir asrdan ziyod umr ko‘rayotgan bu insonning hayoti va hayotiy xulosalari yosh avlod uchun beqiyos ibrat maktabidir.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri