Suv–obi hayot, tiriklik manbai, poklik, musaffolik ramzi, degan iboralarni hammamiz yoshligimizdan ko‘p eshitib kelamiz. Kitoblarda ham o‘qiganmiz: Inson osh-ovqatsiz uch-to‘rt haftagacha yashashi mumkin, ammo suvsiz uch kunga ham chiday olmaydi. Darhaqiqat, suv insonning hayot kechirishi uchun asosiy quvvat manbai.
Ma’lumotlarga ko‘ra, kishi umri davomida o‘rtacha 75 tonna suv iste’mol qilarkan. Katta yoshdagi kishi jismining 82 foizini, olti haftalik embrionning 97,5 foizini, yangi tug‘ilgan chaqaloq organizmining asosiy qismini suv tashkil etarkan. Yana bitta muhit fakt: katta yoshdagi kishi bir kecha-kunduzda 2,5 litr suv iste’mol qilarkan, undan 1,2 litri ichimlik suviga to‘g‘ri kelarkan, 1 litri turli oziq-ovqat mahsulotlari, meva-sabzavotlar tarkibidagi suv orqali iste’mol qilinsa, 0,3 litri organizmda modda almashinuvi jarayonida paydo bo‘larkan.
Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, jamiki kasalliklarning 85 foizi bevosita suv bilan bog‘liq. Har yili dunyo bo‘yicha 25 million kishi aynan toza ichimlik suv yetishmasligi oqibatida vafot etadi. Har soniyada bir bola asosan noqulay sanitariya sharoiti va ifloslangan suv tufayli paydo bo‘lgan kasallikdan vafot etmoqda. Taxminlarga ko‘ra, hozirga kelib dunyo aholisining 40 foizi ichimlik suv muammosidan aziyat chekmoqda.
Demak, suv – inson hayoti, salomatligi bilan uzviy bog‘liq. Endi tabiiy savol tug‘iladi O‘zbekistonda, jumladan Buxoro viloyati aholisini toza ichimlik suv bilan ta’minlanganlik darajasi qay ahvolda? Suv zaxiralari iste’mol uchun yetarlimi? Albatta, yo‘q.
[gallery-8016]
Ammo so‘nggi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan ushbu masalalar bo‘yicha amalga oshirilayotgan izchil islohotlar o‘z samarasini bermoqda.
Tarixga nazar tashlasak, aslida viloyatda aholiga markazlashgan holda toza ichimlik suv yetkazib berish ishlari 1929 yildan boshlangan va o‘sha vaqtda Shuxov (Ark qo‘rg‘oni oldidagi) suv minorasi orqali bor-yo‘g‘i yetti ming aholiga suv yetkazib berilgan. 2000 yilga kelib esa viloyatda aholining toza ichimlik suv bilan ta’minlanganlik darajasi 36 foizga yetgan. 2010-2016 yillar oralig‘ida olib borilgan ishlar natijasida bu ko‘rsatkich 48,8 foizga yetgan. Ko‘ryapsizmi 6-7 yil davomida atigi 13 foiz o‘sishga erishilgan.
Endi e’tibor bering bevosita davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Buxoro viloyati aholisining ichimlik suv bilan ta’minlanganlik darajasini oshirish va uning sifatini yaxshilash borasida amalga oshirilgan yirik loyihalar tufayli ayni kunga kelib buxoroliklarning 70 foizi markazlashgan toza ichimlik suvidan bahramand bo‘lmoqda. Ya’ni so‘nggi besh yil davomida bu sohada 20 foiz o‘sishga erishildi. Bu albatta o‘z-o‘zidan sodir bo‘layotgani yo‘q.
Jumladan, ichimlik suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini yaxshilash borasida 5 ta yirik loyiha amalga oshirilayotgan bo‘lib, bugungi kunda ularning 3 tasi nihoyasiga yetkazildi. Natijada Buxoro shahri hamda Buxoro, Romitan, Vobkent, G‘ijduvon, Peshku tumanlari markazlarida 412 ming aholining ichimlik suv ta’minoti va sifati yaxshilandi.
Shuningdek, Jahon bankining qiymati 139 million dollar bo‘lgan krediti asosida Qorako‘l va Olot tumanlarining 230 ming (jami aholining 95 foizi) aholisi toza ichimlik suvi bilan ta’minlanadi.
Shu o‘rinda Qorako‘l va Olot tumanlarini asosiy suv manbasi hisoblanadigan “Dvoynik” (“Ikki daha”) suv tozalash inshooti haqida to‘xtalib o‘tsak. Inshoot 1975 yilda qurilgan bo‘lib,bir kecha-kunduzda 12 ming metr kub suvni tozalash quvvatiga ega bo‘lgan. Biroq qurilganidan buyon modernizatsiya qilinmaganligi sababli ma’nan eskirgan. Inshootdan aholiga boradigan suv sifati iste’molga yaroqsiz holga kelib qolgan edi. Hozirgi kunda u O‘rta Osiyo davlatlarida analogi yo‘q inshoot hisoblanadi. Uning kunlik ichimlik suv yetkazib berish quvvati 50 ming kub metrga oshirildi. bugungi kunda “Dvoynik” suv tozalash inshootida qurilish-montaj ishlari to‘liq bajarildi.
Loyiha boshidan jami 3107 kilometr (magistral, keltiruvchi, tarkatuvchi va abonent) ichimlik suv tarmoqlari va 37 dona suv minoralari qurildi. Sinov ishlari tugatildi. Olot va Qorako‘l tumanlaridagi “Olot” va “Do‘stlik” suv taqsimlash inshootida 4 dona 2000 metr kub hajmli suv saqlash rezervuarlari yangidan qurildi. “Jumabozor” va “Yangibozor” suv tarqatish punkti va nasos stansiyasi qurib bitkazildi. Loyihada belgilangan 50 ming 815 dona abonent suv o‘lchagichlaridan 47 ming 784 donasi o‘rnatildi. Jami 72,4 million dollarlik qurilish-montaj ishlari bajarildi.
Natijada 2021 yilda loyiha to‘liq ishga tushgach aholining ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi Olot tumanida 20 foizdan 95,4 foizga va Qorako‘l tumanida 11,2 foizdan 98,8 foizga yetdi.
– Inshootda suv uch bosqichda tozalab beriladi, – deydi “Dvoynik” (“Ikki daha”) suv tozalash inshooti rahbari Qahramon Qubonov. – Qorako‘l va Olot tumanlari aholisi tomonidan bir kecha-kunduzda 20 ming kub metr suv iste’mol qilinmoqda. Ayni paytda inshootda 32 nafar mahalliy aholi ish bilan ta’minlangan.
Yana bir e’tiborli tomoni shundaki, toza ichimlik suv bilan ta’minlangan tumanlar aholisi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi yanada yaxshilandi. Jumladan, ichimlik suvga bo‘lgan ehtiyojning uzluksiz ta’minlanishi ichki infeksiyalarning kamayishi, maktab va bog‘chalarda bolalar o‘rtasida shaxsiy-gigiyena qoidalariga rioya qilish ko‘nikmalarining yanada mustahkamlanishi, aholi o‘rtasida turli xil yuqumli hamda parazitar kasalliklarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
–Toza ichimlik suv kelishi bilan bir qator somatik hamda yuqumli kasalliklar kamaydi, o‘tkir ichak kasalliklaridan dizentif va paratif umuman qayd qilinmadi, – deydi Olot tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi boshlig‘i Shuhrat Toshev. – Bundan tashqari 2020 yilda o‘tkir diareya kasalligi 15 ta qayd qilingan bo‘lsa, 2021 yilda bor yo‘g‘i 2 nafar bemorda qayd qilingan. 2 va 14 yoshli bolalar o‘rtasida virusli gepatit “A” kasalligi 2020 yilda 56 ta, 2021 yilda 4 ta va 2022 yilning 6 oyi davomida umuman kayd kilinmagan. Parazitar kasalliklar hisobot ko‘rsatkichlari solishtirilganda exinokokkoz kasalligi bilan 2020 yilda 6 nafar, 2021 yilda 3 nafar, 2022 yilda 2 nafar bemor ruyxatga olingan. Askaridoz kasalligi bilan 2020 yilda 16 nafar, 2021yilda 11 nafar, 2022 yilda 6 nafar bemor qayd etilgan.
Aholiga yetkazib berilayotgan toza ichimlik suvning tarkibiy jihatdan xavfsizligini nazorat qilish tuman SEO va JSBning sanitar-gigiyenik va bakteriologiya tahlilxonalari tomonidan amalga oshiriladi. Ya’ni har oyda 9 ta vodoprovod nuqtalaridan tahlil namunalari olib tekshirib boriladi. Shu kunga qadar olingan tahlil namunalarida salbiy natijalar aniqlanmagan.
–Bilasizmi, tuman markazida yashasak ham necha yillar davomida “obi hayot”ni tashib keltirib ichardik, – deydi Olot tumani Xalqobod mahalla fuqarolar yig‘ini Navoiy ko‘chasi 60-uyda yashovchi Gulsum Qodirova. – Kir yuvishda ishlatadigan suvimiz juda qattiq edi. Endilikda davlat rahbarining tashabbusi bilan Toshkentning suvidan qolishmaydigan toza ichimlik suv bilan ta’minlandik. Juda ham xursandmiz. Rahmat Yurtboshimizga. Bizni qiyinchiliklardan xalos etdi.
Tuman tibbiyot birlashmasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, Qorako‘l tumanida 2020 yilda buyrak yetishmovchiligi bilan 64 nafar, siydik-tosh kasalligi bilan 196 nafar aholi kasallanishi qayd etilgan bo‘lsa, 2021 yilga kelib buyrak yetishmovchiligi bilan 50 nafar, siydik-tosh kasalligi bilan 150 nafarni tashkil qilmoqda.
–Mallashshayx mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi ham uzluksiz toza ichimlik suv bilan ta’minlandi, – deydi Qorako‘l tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli 53-Oilaviy poliklinika mudiri Muyassar Mansurova. – Natijada mazkur hududda yuqumli kasalliklar, o‘tkir oshqozon-ichak kasalliklari, o‘tkir diareya uch barobarga kamaydi. Virusli gepatit A kasalligi bilan kasallanish 2021-2022 yillarda qayd qilinmadi. Sanitar-epidemiolik xolatlar yaxshilanib sog‘lom genofond shakllanishi va aholining turmush sharoitini yaxshilanishiga asos bo‘ldi.
– Muhimi mazkur loyihani ishga tushirilishi tufayli Qorako‘l va Olot tumanlarining 230 mingga yaqin aholisini toza ichimlik suv bilan ta’minlash imkoni yaratildi, – deydi mehnat faxriysi Fayzullo Bebutov. – Mahalliy aholi iste’molga yaroqli “obi hayot”ni tashib keltirib ichish qiyinchiligidan xalos bo‘ldi. O‘zim bevosita hokimiyat tizimida mehnat qilganligim sababli tuman aholisini vodoprovodlashtirilgan ichimlik suv bilan ta’minlash naqadar og‘ir va murakkab jarayon ekanligini yaxshi tushunaman. Ammo ana shu ish bugun bemalol uddalanayotgani yurtdoshlarimizni xursand qilmoqda. Biz savdo do‘konidan sotib oladigan sifatli ichimlik suv kabi filtrlangan suv tumanimizning barcha aholisiga yetkazib berilayotgani albatta, tarixiy voqea. Buning uchun Yaratganga behisob shukur.
–Kasbim o‘qituvchi bo‘lganligi sabab darslarda yosh avlodga “suv hayot manbai” iborasini ko‘p ishlatib o‘taman, – deydi Qorako‘l tumani “Istiqlol” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi Dilorom Razziqova. – Afsuski, necha yillardirki, bizning hududda suv muammosi mavjud edi. bugungi kunda bu muammoning hammasi ortda qolib ketdi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan uyimizning ostonasigacha toza ichimlik suv ya’ni “obi hayot” yetkazib berildi.
–Mana shu inshoot orqali 1 ming 71 ta xonadonga shirin suv yetkaziladi, –deydi Qorako‘l tumani “Ziyorat” mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli “Kuydim” suv inshooti kuzatuvchisi Botir Kamolov. – Shirin suv kelishi munosabati bilan sog‘liqdagi xastaliklardan buyrak, bel bug‘umlaridagi tuz to‘planishi oqibatlari bartaraf qilindi. Aholining eng katta og‘iri yengillashdi.
Bu voqea ikki tuman aholisi hayotida o‘ziga xos yangilik bo‘ldi. Hududda suv ta’minotining ijtimoiy ahamiyati, aholi salomatligi borasidagi o‘rni, odam organizmida uchraydigan 70 foiz kasalliklarning asosiy manbasi aynan toza ichimlik suv tanqisligidan kelib chiqishiga guvoh bo‘lindi. Sog‘lom hayot manbai — “obi hayot”ni isrof qilmaslik asosiy burch ekanligi insonlar hayotida ko‘p yillar davomida namoyon bo‘ldi.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA