Xatirchi tumani Navoiy viloyatida aholisi eng ko‘p hudud sanaladi. Aholisining 30 ming nafardan ortiqrog‘i maishiy gaz ballonlardan foydalanadi.
Tuman markazidan 1-1,5 soatlik masofa olisda joylashgan tog‘li hududlardan biri Angidon mahallasi aholisi ham suyultirilgan gazdan foydalanib keladi. Ochig‘i tog‘ yon bag‘rida joylashgan bu mahallaga qishning sovuq kunlarida maishiy gaz ballon yetkazishning o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bor.
Shunga qaramay, “Xatirchitumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi xodimlari angidonliklarga ham o‘z vaqtida maishiy gaz ballonlarni yetkazib bermoqda.
Yomg‘irli kunda “gazchi”lar Angidonga qarab yo‘l olishdi. Ertalabdan boshlangan yomg‘ir yanada kuchayadi. Havo qalin bulut, mashina oynasiga urilayotgan yomg‘ir tomchilari hali- beri to‘xtaydiganga o‘xshamaydi. Uzoq yo‘lda soyabon ko‘targan ayol ko‘rinadi. Ozroq yurilgach esa oddiy qurilgan hovli uylarga ko‘zingiz tushadi. Manzilga yaqinlashgan sari yog‘ayotgan yomg‘ir qorga aylanadi. Qor gupullab yog‘moqda. Qor baraka. Qorning ko‘p yog‘ishi yozda suvning mo‘l bo‘lishidan darak. Hademay qishloqda iste’molchilarga maishiy gaz ballon tarqatilishi kerak. Qor esa tinay demaydi. Havo sovib bormoqda.
“Dovon yopildi, qor ancha qalin, yurish xavfli, ortga qaytinglar”, - deydi qarama-qarshi harakatlanib kelayotgan yengil mashina haydovchisi.
Angidon - tog‘li hudud. Bu yer chiroyli manzarasi, qiru adirlari, purviqor tog‘lari sabab sayyohlar e’tiborini tortadi. Shuning uchun ham bu hudud turizm mahallalari ro‘yxatiga kiritilgan. Bahor va yozda bu yerda betakror manzaralarni ko‘rish mumkin. Ammo qishda dovon orqali yurilishi sabab ham gohida Angidonga mashinada borishda ancha qiyinchiliklarga duch kelinadi.
– Angidon mahallasida 412 ta iste’molchi mavjud, – deydi “Xatirchitumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi suyultirilgan gaz xizmati boshlig‘i Azim Hamdamov. – Qishloq tumanning eng chekka hududiga kiradi. Qishning qor-qirovli, izg‘irin kunlarida bu yerda yurishning o‘zi bo‘lmaydi. Qalin qor yoqqan kunlarida mahalla raisi bilan qo‘ng‘iroqlashamiz. Holatga oydinlik kiritgan holda gaz ballon tarqatishga yo‘lga chiqiladi. Dovon yopilganda esa bir-ikki kun vaziyat yaxshilanishini kutamiz, boshqa ilojimiz ham yo‘q. Buni mahalla ahli ham tushunadi.
Maishiy gaz ballon ortilgan transport haydovchilariga ham oson emasligini shunday qorli kunlarda yana bir karra ko‘proq his qilish mumkin.
– Qorli kunlarda tog‘ bag‘rida joylashgan mahallalarga gaz ballon tarqatish biroz qiyin, – deydi maishiy gaz ballon ortilgan “ISUZU” haydovchisi Jasur Hayitmurodov. – Ba’zan yo‘lda mashinada nosozlik bo‘lib qoladi, uni tuzatib yana yo‘lda davom etamiz. Gohida dovon yopiladi, yana kutamiz. Ishimni yaxshi ko‘raman, qiyinchiliklar bo‘lsada, ba’zan shunaqa sovuq kunlarda ham aholi xonadonlariga maishiy gaz ballon yetkazib berishda hissamiz borligini o‘ylasam, xursand bo‘laman.
Ha, tuman gaz ta’minoti bo‘limi xodimlari qishning ayozli kunlarida ham o‘zlariga berilgan vazifani mas’uliyat bilan bajaradilar. Qishning izg‘irin kunlarida maishiy gaz ballonlar orqali choy qaynatib, ovqat pishirayotgan angidonliklar ham gazchilardan minnatdor.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri