Buxoro viloyati Qorako‘l tumani “Polvonlar” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi kurash markazida “Tibbiyotdagi islohotlar inson qadri uchun” shiori ostida Qorako‘l va Olot tumani aholisi uchun tibbiy ko‘rik tashkil etildi. Unga viloyatdan 22 nafar tajribali tor soha mutaxassislari hamda tegishli mutasaddilar jalb qilindi.
Ko‘rikda mobil proskan, mammograf va oftolmalogik poliklinika xizmatidan foydalanildi. Laborator va instrumental tekshiruvlar uchun zamonaviy 6 dona 3D UTT va 6 dona 12 kanalli EKG va laborator jihozlari qo‘llanildi.
–Tadbirda jami 1 ming 421 nafar aholi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi, – deydi Buxoro viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi aholi salomatligi va sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i Osiyo Mirzayeva. – Tadbir davomida 895 kishida kasallik aniqlangan. Ularning 859 nafariga ambulator va 36 nafariga statsionar davo muolajalari tavsiya qilindi.
Shundan 28 nafar bemorlar rejaga asosan tuman markaziy kasalxonasida, 6 nafari esa viloyat davolash profilaktika muassasalarida, 2 nafar bemorlarda respublika ixtisoslashgan ilmiy amaliy markazlarda yuqori texnologiyalik jarrohlik amaliyotlari imtiyozli o‘tkaziladigan bo‘ldi.
Shuningdek, tuman sport bo‘limi tomonidan 12 turdagi turli sport musobaqalari tashkil qilindi. Birgina futbol musobaqasida Jondor, Olot va Qorako‘l tuman tibbiyot birlashmasida faoliyat yurituvchi xodimlar to‘p surdi. Tuman madaniyat bo‘limi tomonidan aholi kayfiyatini yaxshilish maqsadida konsert dasturlari namoyish etildi.
Aholi tibbiy madaniyatini oshirish, sog‘lom ovqatlanish, sport va badantarbiya bilan shug‘ullanishga doir tadbirlar ham tibbiy ko‘rik bilan xamohang olib borildi. Aholiga mavzuga oid mingdan ortiq eslatma va bukletlar tarqatildi.
Zarif Komilov,
O‘zA