Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Uzoq “parvarishlangan” nafrat gullay boshladi(mi?)
21:51 / 2024-09-27

Xitoyda yapon millatiga mansub maktab o‘quvchisi o‘ldirilishi mamlakatda millatchilikni avj oldirishga urinishning yaqqol namunasi bo‘ldi. Ba’zilar hukumatni Yaponiyaga qarshi kayfiyat va hatto, nafrat uyg‘otishda ayblamoqda.

Kun chiqar yurt Bosh vaziri Fumio Kisida so‘nggi oylarda Xitoyda yapon bolalariga ikkinchi marta pichoq bilan hujum uyushtirilgani, oxirgi hodisa o‘quvchining o‘limiga sabab bo‘lgani bo‘yicha Pekindan izoh talab qildi.

Xitoy tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 10 yoshli bola darsga ketayotganda janubiy Shenjen shahridagi yapon maktabi darvozasidan taxminan 200 metr narida notanish odam tomonidan pichoqlangan. Dastlab kasalxonaga yotqizilgan, keyinroq jarohat ta’sirida vafot etgan marhumning otasi yapon, onasi xitoylik, o‘zi Yaponiya fuqarosi edi.

Shenjen politsiyasi bayonotida aytilishicha, 44 yoshli gumonlanuvchi voqea joyida hibsga olingan. Ishsiz maqomiga ega jinoyatchi ilgari ikki marta, jamoat aloqa vositalariga zarar yetkazgani va umumiy tartibni buzgani uchun hibsga olingan.

Jurnalistlar bilan suhbatda Yaponiya hukumati boshlig‘i hujumni “jirkanch jinoyat, o‘ta og‘ir ish” sifatida baholadi va Xitoyni mamlakatdagi yaponlarni himoya qilishga chaqirdi.

– Xitoy tomonidan faktlar bilan bo‘lishishni so‘raymiz, – dedi Kisida. –Bunday voqea boshqa hech qachon takrorlanmasligi kerak. Biz Xitoy tomonini yapon xalqi xavfsizligini ta’minlashga qat’iy chaqirdik.

Matbuot anjumanida XXR Tashqi ishlar vazirligi “baxtsiz hodisa” tufayli bolaning oilasiga chuqur hamdardlik bildirdi.

Vazirlik matbuot kotibi Lin Jian tergov ketayotganini aytib, bu ishni “ko‘p uchramaydigan hodisa” deb atadi.

– Shunga o‘xshash holat har qanday mamlakatda yuz berishi mumkin, – degan u. – Xitoy har doim yurtimizdagi barcha chet el fuqarolari xavfsizligini ta’minlash uchun samarali choralar ko‘rgan va ko‘rishda davom etadi.

Qotillik qasddan qilinganini hujum sodir bo‘lgan “nozik” sanadan ham bilsa bo‘ladi. 1931 yil aynan shu kuni “918” voqeasi kuzatilgan, Ya’ni, yapon askarlari mintaqani egallash bahonasida Xitoy shimoli-sharqidagi Yaponiyaga tegishli temir yo‘lni portlatgan.

Ushbu hissiyotga boy sana Xitoyda Yaponiya bosqini boshlanishi sifatida nishonlanadi. Davlat ommaviy axborot vositalari va rasmiylar jamoatchilikni milliy xo‘rlikni hech qachon unutmaslikka chaqiradi.

XXR hukumati bu galgi hujum sababi haqida gapirmadi. Bu mamlakatda xorijliklarga qarshi ommaviy hujum kamdan-kam sodir bo‘lgan, biroq so‘nggi oylarda kuzatilgan bir necha shov-shuvli pichoqlash holati ko‘pchilikda xavotir uyg‘otmoqda.

Masalan, iyun oyida Xitoy sharqidagi Suzou shahrida maktab avtobusi oldida xitoylik erkak yapon ayoli va uning bolasini pichoqlab, jarohatlagan. Voqeaga aralashishga uringan xitoylik avtobus xizmatchisi olgan jarohati oqibatida vafot etgan.

Xitoy politsiyasiga ko‘ra, mazkur hodisadan ikki hafta oldin kollej o‘qituvchilari, to‘rt nafar amerikalik shimoli-sharqiy Jilin shahridagi jamoat bog‘ida mahalliy fuqaro tomonidan pichoqlab ketilgan. Fojiaga jinoyatchi muallimlardan biriga to‘qnashib ketishi sabab bo‘lgan.

Yosh bolaning mash’um halokati Osiyoning ikki eng yirik iqtisodiyoti o‘rtasidagi urush davri tarixini, Xitoy yuksalishi natijasida yuzaga kelgan o‘suvchan kuch xususiyatiga ega murakkab munosabatlarni yana bir bor esga soldi.

Qotillik Xitoydagi yapon hamjamiyatini larzaga keltirdi. Kun chiqar yurtning ba’zi yirik kompaniyalari xodimlari va ularning oilalarini vatanga qaytarishni taklif qildi. Bunday holatlar Xitoyga yangi sarmoya kiritish istagidagi yapon biznesmenlarini harakatdanp to‘xtatishi mumkin. Bu esa mamlakat iqtisodiyotidan chet el kapitali rekord darajada chiqib ketishiga olib keladi.

Tarixiy g‘azab

Yaponiya uzoq vaqtdan beri xitoy millatchiligiga asoslangan g‘azab nishoni bo‘lib kelgan. Buning ildizi Yaponiya Ikkinchi jahon urushida Xitoyga shafqatsiz bostirib kirishi va mamlakatni bosib olishi bilan bog‘liq. Xitoyning bir necha avlodi maktab darsliklari va davlat televideniyesi orqali yapon askarlari tomonidan sodir etilgan vahshiyliklardan xabardor bo‘lib ulg‘aygan.

Ayni norozilik hissi Sharqiy Xitoy dengizidagi hududiy nizo va geosiyosiy taranglik tufayli yanada kuchaydi. Zero, Yaponiya AQSH bilan ittifoqdoshlikni mustahkamlashi Pekin tomonidan Xitoyni yuksalishdan cheklash maqsadidagi harakat sifatida baholanmoqda.

Binobarin, TIV matbuot kotibi Lin Jian fikricha, Xitoyda Yaponiyaga nisbatan hech qanday adovat yo‘q.

– Biz nafratni davom ettirish emas, balki urush fojiasi qayta sodir bo‘lishining oldini olish uchun tarixiy saboqni targ‘ib qilamiz, – dedi u.

Shuni ham esdan chiqarmaslik kerakki, ba’zi hollarda millatchilik onlayn ta’sir o‘tkazuvchi tomonidan “klik” sifatida ishlatiladi. Ko‘pincha yovuz niyatni amalga oshirish uchun fitna nazariyasi ishga solinadi. Yapon korxonalari va ishchilari ko‘p bo‘lgan Xitoyning eng yirik shaharlaridagi yapon maktablari aynan shunday onlayn-nafrat manziliga aylanmoqda. O‘tgan yildan beri Xitoy video saytlarida adovat va ushbu ob’ektlarga nisbatan shubha uyg‘otuvchi yuzlab video lavhalar paydo bo‘ldi. Ko‘pchilik bunday maktablarni yopishni talab qildi. Ba’zilar yapon ta’lim maskanlarini yashirincha josus tayyorlayotganlikda aybladi.

Mamlakat TIV Xitoy o‘z hududidagi barcha chet el fuqarolari xavfsizligini himoya qilishiga va’da berdi, Yaponiyani esa “siyosiy keskinlashuv”dan qochish, “xotirjam va oqil bo‘lish”ga chaqirdi.

Musulmon Ziyo, O‘zA