Isroil va HAMAS o‘rtasida tuzilgan otashkesim juma kuni ertalab kuchga kirishi bilan Isroil armiyasi G‘azoning ayrim hududlaridan chiqib ketdi.
Harbiylar bayonotiga ko‘ra, qo‘shin “belgilangan chiziqqacha" chekindi, biroq hanuz hududning yarmidan ortig‘ini nazorat qilmoqda. Sulh AQSH Prezidenti taklif etgan “o‘t ochishni to‘xtatish va garovdagilarni qaytarish” rejasining birinchi bosqichi sifatida amalga oshirildi.
Kelishuvga binoan, HAMAS dushanba kuni soat 12:00 gacha barcha asirlarni ozod etishi, Isroil esa 250 nafar falastinlik mahbusni qo‘yib yuborishi kerak. G‘azoga har kuni 600 ta yordam yuk mashinasi kirishi rejalashtirilgan. Hozircha aholiga ko‘mak yetib borgani tasdiqlanmadi.
BMT avgust oyida sektorda ocharchilik e’lon qilgan, yarim milliondan ko‘p inson “ochlik va o‘lim xavfi ostida" qolgan. HAMAS “G‘azoda chet el nazorati bo‘lmasligi"ni bildirgan. Tramp rejasiga ko‘ra, hudud vaqtincha falastinlik texnokratlar tomonidan boshqariladi. Sulh e’lon qilingach, minglab falastinlik shimolga qayta yo‘l oldi — vayron yo‘llar bo‘ylab piyoda ketayotgan odamlar yuzida charchoq bilan birga umid ham aks etgan.
Musulmon Ziyo, O‘zA