Joriy yilning 28-30 mart kunlari poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz“ markaziy ko‘rgazmalar majmuida “Oziq-ovqat mahsulotlari, ingrediyentlar va ishlab chiqarish texnologiyalari – UzFood» xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi.
Shu munosabat bilan “Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazma kompaniyasida mas’ullar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi.
“Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi menejeri Nodira Xayitboyevaning qayd etishicha, “UzFood – 2023” ko‘rgazmasining o‘tkazilishi mamlakatimizda oziq-ovqat sanoati rivoji yo‘lidagi islohotlar bilan hamohangligi va bu mahalliy korxonalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
– bugungi voqelikda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash barqaror rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Iqlim o‘zgarishi, an’anaviy yetkazib berish yo‘nalishlarining siljishi, bozorning o‘zgaruvchan kon’yunkturasi, aholi sonining o‘sishi butun ishlab chiqarish – dala va fermer xo‘jaligidan tortib tayyor mahsulot, jumladan, qayta ishlash, qadoqlash va saqlashgacha bo‘lgan zanjirni ifodalovchi “UzFood” ko‘rgazmasini o‘tkazishni dolzarb mavzuga aylantiradi. Yigirma yildan ortiq vaqt davomida “UzFood” oziq-ovqat sanoatining yetakchi ko‘rgazmasi bo‘lib, O‘zbekiston hukumati tomonidan sohani rivojlantirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish bo‘yicha qabul qilingan dasturiy chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha samarali platforma vazifasini bajarib kelmoqda. Shu bilan birga, ko‘rgazmaning maqsadlari amalga oshirilayotgan dasturlar bilan to‘liq mos keladi. Bu birinchi navbatda aholini oziq-ovqat bilan ta’minlash, shuningdek, zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda ishlab chiqarishni rivojlantirish va eksport ta’minotini yo‘lga qo‘yish uchun mahalliy biznesga yordam. “UzFood – 2023” an’anaviy ravishda oziq-ovqat va qayta ishlash sanoati, qadoqlash va saqlash uchun eng yangi uskunalar va texnologiyalarning keng assortimenti ko‘rigini tayyorlamoqda. Shunisi quvonarliki, bu yilgi ko‘rgazma o‘tkazilgan butun vaqt davomidagi eng yaxshi natijani ko‘rsatmoqda, – dedi N. Hayitboyeva.
Qayd etilganidek, ko‘rgazmada 26 mamlakatdan 280 dan ortiq kompaniyalar o‘z mahsulotlari bilan qatnashadi. Ular orasida O‘zbekiston, Avstriya, Ozarbayjon, Belarus Respublikasi, Germaniya, Hindiston, Indoneziya, Eron, Italiya, Qozog‘iston, Xitoy, Koreya Respublikasi, Latviya, Litva, Malayziya kabi davlatlardan ishtirokchilar bor. Bu yil ko‘rgazmaning doimiy ishtirokchilari 60 foizni, ilk bor qatnashayotganlar esa 40 foizni tashkil etadi.
Anjumanda aytib o‘tilgani kabi “Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi va bir qator rasmiy tashkilotlar ko‘magida tashkil etiladigan mazkur tadbir uchta markaziy pavilon va Atrium zalini o‘zida qamrab oladi. Uning bo‘limlarida go‘sht va parranda go‘shti, sut va qandolat mahsulotlari, shuningdek, go‘shtni qayta ishlash, sut sanoati, yog‘-moy ishlab chiqarish, qandolat sanoati, non yopish va sovutish uchun keng ko‘lamli uskunalar namoyish etiladi.
– Ko‘rgazmada Xitoyning 67 kompaniyasi, Rossiyaning 47 kompaniyasi, Turkiyaning 38 kompaniyasi ishtiroki ham ushbu xalqaro tadbirning nufuzi yanada oshayotganidan dalolat beradi, – dedi o‘z so‘zini davom ettirib N.Hayitboyeva. – Masalan, birgina Pokiston milliy stendida qandolat mahsulotlari, alkogolsiz ichimliklar, baqqollik mahsulotlari, yormalar, go‘sht mahsulotlari bilan tanishishingiz mumkin. Mashhur Seylon choylarini eshitmagan va ichib ko‘rmagan hamyurtlarimiz bo‘lmasa kerak. Bu gal ham aynan Seylon choyining xilma-xil navlari Shri-Lankaning «Choy kengashi» stendidan o‘rin oladi.
Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA muxbiri