Toshkent shahrida ikkinchi bor tashkil etilayotgan nufuzli "UzChess Cup–2025" turniri shaxmat ixlosmandlari orasida katta qiziqish uyg‘otmoqda. Musobaqaning onlayn translatsiyasini kuzatayotgan minglab tomoshabinlar ushbu turnirga bo‘lgan e’tibor yuqori darajada ekanligini ko‘rsatmoqda.

Jami 121 ming 500 AQSH dollari miqdoridagi mukofot jamg‘armasiga ega bo‘lgan turnirning "Masters" guruhidagi 2-tur bahslarida quyidagi juftliklar maydonga chiqdi: Hindiston vakili Praggnanandxaa — Shamsiddin Vohidov, Javohir Sindorov — Nodirbek Abdusattorov hamda Erigaysi — Magsudlu. Shular orasida Praggnanandxaa yurtimiz shaxmatchisi Vohidovni mag‘lubiyatga uchratgan bo‘lsa, qolgan ikki o‘yinda durang natijalar qayd etildi.

"Challengers" guruhida esa 2-turning markaziy bahslaridan birida ozarbayjonlik Nijat Abasov AQSH sharafini himoya qilib kelgan, hozirda esa O‘zbekiston ayollar terma jamoasi vakili bo‘lgan Gulruhbegim Tohirjonovani mag‘lub etdi. Ukrainalik veteran Vassiliy Ivanchuk bilan Abdumalik Muhiddinov o‘rtasidagi o‘yin durang bilan yakunlandi.

"Futures" guruhida 1-turda g‘alaba qozonib, peshqadamlikni qo‘lga kiritgan turkmanistonlik Saparmurat Atabayev navbatdagi turda daniyalik Boris Chatalbashevni qora donalarda yengib, ochkolarini 2 taga yetkazdi va yetakchiligini mustahkamladi. Shu guruhdagi boshqa o‘yinlarda Saidakbar Saydaliyev va Abdimalik Abdisalimov o‘rtasidagi bahsda durang qayd etildi. Ortiq Negmatov oq donalarda g‘alabaga erishgan bo‘lsa, Humoyun Bekmurodov esa isroillik Yevgeniy Alekseevga yutqazdi.

Bugun, 22 iyun kuni bo‘lib o‘tadigan 3-tur bellashuvlarida quyidagi markaziy uchrashuvlar kutilmoqda:
"Masters" guruhi: Shamsiddin Vohidov – Javohir Sindorov, Yan Nepomnyaiy – Arjun Erigaysi;
"Challengers" guruhi: Gulruhbegim Tohirjonova – Vassiliy Ivanchuk;
"Futures" guruhi: Saparmurat Atabayev – Ortiq Negmatov, Humoyun Bekmurodov – Saidakbar Saydaliyev.
Hozircha musobaqaning har uchala guruhida ham 2 ochkodan to‘plagan ishtirokchilar peshqadamlik qilmoqda: "Masters"da — Javohir Sindorov, "Challengers"da — gretsiyalik Nikolas Teodoru, "Futures"da — Saparmurat Atabayev.
Eslatib o‘tamiz, 9 turdan iborat "UzChess Cup–2025" musobaqalari 27 iyun kuni yakunlanadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA