English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"UzChess Cup–2025": Abdusattorov "Masters"da, Negmatov "Challengers"da peshqadam
12:10 / 2025-06-22

Poytaxtimizda o‘tayotgan "UzChess Cup–2025" turnirining ortda qolgan 3-tur o‘yinlaridan so‘ng "Masters" guruhida Nodirbek Abdusattorov 2,5 ochko bilan yetakchiga aylanib oldi.

Kecha o‘tkazilgan 3-tur bahsida Nodirbek Abdusattorov oq donalarda vengriyalik Richard Rapport bilan kurash olib bordi. Nodirbekning aniq dona surishlari, Richardning 36-yurishdagi ishonchsiz harakati oqibatida 54-yurish holatida mag‘lubiyatga uchratildi. Bu, o‘z navbatida, Abdusattorovni turnir davomida 2 ta g‘alaba, 1 ta durang bilan peshqadamga aylantirdi.

Mazkur turda Nodirbek Yoqubboyevning turnir g‘olibligiga da’vogarlardan biri sanalgan hindistonlik Rameshbabu Praggnanandhaa bilan durangga erishishi, Shamsiddin Vohidov va Javohir Sindorov o‘rtasidagi o‘yinda ham murosa yo‘li tanlanishi guruhning eng qiziqarli musobaqalari sifatida yodda qoldi.

Turnirning “Challengers” guruhida Gulruhbegim Tohirjonova 3-turda oq donalarda ukrainalik tajribali Vasiliy Ivanchukka, Muhammadzohid Suyarov oq donalar AQSH vakili Endryu Hongga imkoniyatni boy berib qo‘ygan bo‘lsa, Muhiddin Madaminov xitoylik Ma Kunni mag‘lubiyatga uchratdi. Jahongir Vohidov ozarbayjonlik Nijat Abasov bilan murosa yo‘lini tanladi.

Ushbu guruhda 2,5 ochkoga ega gretsiyalik Nikolas Teodorou, amerikalik Endryu Hong va hamyurtimiz Muhiddin Madaminov g‘oliblikka asosiy da’vogar bo‘lib turibdi.

“Futures" guruhida terma jamoamiz a’zosi Ortiq Negmatovning qora donalarda turkmanistonlik Saparmurat Atabayevni, yosh bo‘lsa-da mahorat bobida kattalarga munosib raqobat ko‘rsatib kelayotgan Humoyun Bekmurodov Saidakbar Saidaliyevni mag‘lubiyatga uchratishi katta shov-shuvga sabab bo‘ldi.

Ortda qolgan o‘yinlar sarhisobiga ko‘ra, Ortiq Negmatov 2,5 ochko bilan yetakchiga aylanib oldi.

Bugun, 22 iyun kuni "Masters" guruhida Javohir Sindorov qora donalarda Rameshbabu Praggnanandhaaga, Nodirbek Abdusattorov qora donalarda Arjun Eriygaisiga, Nodirbek Yoqubboyev oq donalarda eronlik Parham Maqsudluga qarshi harakatlanadi.

"Challengers" guruhida Muhiddin Madaminov qora donalarda gretsiyalik Nikolas Teodorou bilan ro‘baro‘ keladi. Shuningdek, Gulruhbegim Tohirjonova xitoylik Ma Kun, Muhammadzohid Suyarov oq donalarda shvetsiyalik Vitaliy Sivuk, Jahongir Vohidov qora donalarda Vasiliy Ivanchuk bilan kuch sinashadi.

Mukofot jamg‘armasi 121 ming 500 AQSH dollaridan iborat xalqaro turnir 27 iyunga qadar davom etadi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA