Shu kunlarda dunyoning bir qator davlatlarida nufuzli shaxmat musobaqalari o‘tkazilmoqda. Xususan Norvegiyada Magnus Karlsen, Xikaru Nakamura, Alireza Firuzdja, Fabiano Karuana singari kuchlilar ishtirokida turnir poyoniga yetgan bo‘lsa, Hindiston o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionati qizg‘in kurashlarga boy tarzda davom etmoqda. Toshkentda poyoniga yetib borayotgan «Uzchess Cup-2024» turniri ishtirokchilarning shijoati va mukofot jamg‘armasining miqdori jihatdan jahon shaxmat ishqibozlari e’tibor markazida bo‘lib turibdi.
«Uzchess Cup-2024» turnirining ortda qolgan 7-tur bahslaridan keyin «Masters» guruhida Yoqubboyev va Abdusattorov 4,5 ochko bilan yetakchilik qilmoqda. Javohir Sindorov hamda xitoylik Yu Yang Yi 4 ochko bilan ularni taqib etmoqda.
Kecha yakunlangan 7-tur o‘yinlarida Vidit Santosh Gujrat – Aleksey Sarana 0,5-0,5, Abdusattorov – Richard Rapport 0,5-0,5, Parxam Magsudlu – Yu Yang Yi 0-1, Shahriyor Mamedyarov – Grishuk 0,5-0,5 va Yoqubboyev – Sindorov 0,5-0,5 natijalari qayd etildi.
Bugun, 13 iyun kuni musobaqaning 8-turida Aleksey Sarana – Javohir Sindorov, Aleksandr Grishuk – Nodirbek Yoqubboyev, Yu Yang Yi – Shahriyor Mamedyarov, Richard Rapport – Parxam Magsudlu hamda Vidit Santosh Gujrat – Nodirbek Abdusattorov ro‘baro‘ keladi.

«Uzchess Cup-2024» turnirining 7-tur o‘yinlari «Challengers» guruhida ishtirok etayotgan shaxmatchilarimiz uchun tom ma’noda omadli kechdi.
Turnir jadvalida yetakchilik qilib kelayotgan serbiyalik grossmeyster Aleksandr Indjich ushbu turda hamyurtimiz Shamsiddin Vohidov bilan kuch sinashdi. Mahoratli shaxmatchimiz Vohidov musobaqani oq donalarda o‘tkazish asnosida raqibini 49-yurish holatida taslim etdi va g‘oliblikni tantana qildi. Aynan ushbu g‘alaba Shamsiddinning 5 ochko bilan yakka peshqadamga aylanishini ta’minladi. Undan keyingi pog‘onalarda borayotgan rossiyalik Aleksandr Predke va serbiyalik Aleksandr Indjich 4,5 ochkoga egalik qilib turibdi.
«Futures» guruhida esa hamyurtimiz Muhammadzohid Suyarov kecha o‘tkazilgan 7-tur bahsida ozarbayjonlik Vugar Rasulovga imkoniyatni boy berib qo‘ygan bo‘lsada, 5 ochko bilan turnir jadvalini boshqarib turibdi. Ushbu guruhdagi bahslarda qatnashayotgan shaxmatchilarimiz Muhiddin Madaminov va Saidakbar Saidaliyev 7-tur o‘yinlarida o‘zaro to‘qnash kelgan holda murosa yo‘lini tanladi va umumiy ochkolari sonini 4,5 taga yetkazib oldi.
Mukofot jamg‘armasi 166 ming AQSH dollari bo‘lgan turnirning so‘nggi 9-tur o‘yinlari 14 iyun kuni bo‘lib o‘tadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA