French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“UzCharmExpo – 2022” sohasidagi keng imkoniyatlarni, yangiliklarni namoyon etmoqda
11:19 / 2022-05-26

Poytaxtimizda “UzCharmExpo – 2022” charm-poyabzal, charm -attorlik buyumlari, mo‘yna va junning 12-Xalqaro ko‘rgazma-yarmarkasi o‘z ishini boshladi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi ko‘magida “O‘zcharmsanoat” uyushmasi tomonidan tashkil qilingan mazkur tadbir Markaziy Osiyodagi eng yirik ko‘rgazmalardan biri hisoblanadi.  

Ko‘rgazmaning ochilish marosimida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, “O‘zcharmsanoat” uyushmasi rahbariyati, xorijiy mehmonlar, tadbirkorlar, charm-poyabzal va boshqa tarmoqlardagi ishlab chiqaruvchilar va eksportchilar qatnashdi. 

Mamlakatimizda xom ashyoni qayta ishlashni chuqurlashtirish, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega tayyor mahsulot ishlab chiqarishni ko‘paytirish hamda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish orqali tarmoqlarning eksport salohiyatini yuksaltirish maqsadida mahalliy sanoatni transformatsiyalash bo‘yicha izchil siyosat olib borilmoqda.  

O‘zbekistonning charm-poyabzal sanoati barqaror o‘sish uchun ulkan salohiyatga ega bo‘lgan eng tez rivojlanayotgan tarmoqlardan biridir. Charm xom ashyoni chuqur qayta ishlash asosida ishlab chiqarilayotgan eksportbop tayyor mahsulotlar hajmi va assortimenti kengaymoqda.  

Mavjud ishlab chiqarish ob’ektlarining bir maromda ishlashini ta’minlash va ishlab chiqaruvchilarni yangi loyihalarni amalga oshirishga rag‘batlantirish maqsadida ushbu sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.  

So‘nggi 5 yil ichida sohaga kiritilgan investitsiyalarning umumiy hajmi 632 million dollardan oshdi. Yillik charm va poyabzal ishlab chiqarilishi 5,8 baravar ko‘paydi hamda eksport hajmi 420 million dollarga yetdi. 

An’anaga ko‘ra, ekspozitsiya geografiyasi Rossiya, Belarus, Buyuk Britaniya, Italiya, Germaniya, Hindiston, Turkiya, Ispaniya, Polsha va boshqa mamlakatlarni qamrab oldi.  

Faxriy mehmonlar orasida Xalqaro charm ishlab chiqaruvchilar kengashi, Xalqaro mo‘yna federatsiyasi, xorijiy tarmoq assotsiatsiya va uyushmalari rahbarlari bor.  

Vazirlik bergan ma’lumotlarga ko‘ra, bu yil ko‘rgazmada ishtirok etish uchun 400 dan ortiq mahalliy va xorijiy kompaniyalar vakillari murojaat qildi.  

Zamonaviy dizaynga ega ko‘rgazma pavilonlari tarmoqlarning ulkan imkoniyatlarini o‘zida aks etadi. Eng muhimi, bu ko‘rgazma mahalliy va xorijiy sanoat ishlab chiqaruvchilari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatish uchun platformaga aylanmoqda. 

UzCharmExpo o‘z ishtirokchi va mehmonlarini nafaqat turli hududlardagi sanoat korxonalarining ishlab chiqarish salohiyati bilan tanishtiradi, balki yangi munosabatlarni o‘rnatmoqchi bo‘lgan tadbirkorlarni ham taklif etadi.  

“B2B” va “G2B” muzokaralari, bevosita muloqot va taqdimotlar formati manfaatlar kesishadigan nuqtalarni kashf etishga, yangi loyihalarni ishlab chiqishga va joylarda shartnomalar imzolashga imkon beradi. Bu, shubhasiz, tadbirning yakuniy natijalarida o‘z aksini topadi.  

Ko‘rgazma 27 maygacha davom etadi.  

G.Sattorova, O‘zA