------------------------
Biz qancha og‘ir bo‘lmasin, mamlakatimizni rivojlangan davlatlar qatoriga olib chiqish va xalqimiz uchun munosib turmush darajasini yaratish yo‘lida marrani baland olib ishlash va yashashga o‘rgandik.
Ana shunday ulug‘ maqsadlarga qiyinchiliklardan qo‘rqmasdan, yangi bilim va texnologiyalarni egallab, barchamiz birgalikda harakat qilib, albatta erishamiz.
Shavkat Mirziyoyev
1
Shu yil yanvar oyining boshida «Interfaks» agentligi O‘zbekiston Rossiyaga gaz eksportini to‘xtatgani haqida xabar berdi. O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi ham tasdiqlagan ma’lumotdan anglashiladiki, 2022 yilda O‘zbekiston Rossiyaga tabiiy gaz yetkazib berishni rejalashtirmayotir.
«Interfaks» xabariga ko‘ra, 2018 yilda O‘zbekiston «Gazprom»ga 3,8 milliard kub/metr gaz yetkazib bergan, 2019 yilda yetkazib berish hajmini 4,9 milliard kubga oshirgan, 2020 yilda esa eksport to‘xtatilgan. Aynan shu yili «Gazprom» turkman gazini O‘zbekistonga yetkazib berishni boshlagan.
«Gazprom eksport» bosh direktori Yelena Burmistrova vaziyatni «Markaziy Osiyo davlatlari hozir juda jadal rivojlanmoqda. Bu, birinchi navbatda, O‘zbekistonga tegishli. Biz bu mamlakatda iste’molning katta o‘sishini kuzatyapmiz. Shu bois, tabiiyki, aholiga gaz yetkazib berish kengayadi, chunki davlat gazni o‘z ehtiyojlari uchun yo‘naltiradi», deya izohlagan.
Bitta shu kichik axborot atrofidagi tafsilotlar ayni damda O‘zbekiston taraqqiyotning qaysi bosqichiga ko‘tarilayotganini aniq-ravshan ko‘rsatib bera oladi, nazarimda.
Ha, iqtisodiy siyosat o‘zgaryapti. Iqtisodiyotni diversifikatsiyalash, tarmoqlarni modernizatsiya qilishga rivojlanishning asosiy drayveri sifatida qaralayotir.
Shu o‘rinda milliy davlat uchun mustahkam poydevor bo‘la oladigan yana bir jihatni aytmoqchiman; mamlakat qanchalik tabiiy boyliklarga ega bo‘lmasin, iqtisodiyotining xomashyo eksportiga qaramligi ko‘pam foyda keltiradigan, gullatib-yashnatadigan yo‘l emas. Ayniqsa, eksportdagi imkoniyatlar cheklangan bo‘lsa, bu jihat iqtisodiy va hatto siyosiy bosimlarda richag vazifasini ham o‘tashi mumkin.
Sir emas, mintaqamiz energiya resurslari sotuvi jihatidan «tor doira» ichida qolgan. Biqinimizda joylashgan ikki «buyuk» qo‘shni – Rossiya va Xitoy bugungacha mintaqaning asosiy eksportyorlari sifatida qolayotir. Ko‘pchilik ekspertlarning iddaolaricha, ularning mintaqaviy va global qarashlari nuqtai nazaridan, Markaziy Osiyo boshqariladigan maydonligicha qolmoqda.
Buni tahlilchilar shunday izohlashadi: Rossiyaning qarashicha, Xitoy bu yerda tayanchga ega bo‘ldi; Xitoyning qarashicha, Rossiya bu yerda o‘z merosini saqlab qolmoqda.
Glazgo universiteti tadqiqotchisi Marchin Kachmarskining «The Asian Forum» internet nashrida «Nega Rossiya bilan Xitoy Markaziy Osiyoda raqobatlashmayapti?» sarlavhali maqolasida shu ikki aktor davlatning aynan mintaqa energetika bozorida tutgan o‘rniga baho beriladi: «2000 yillarning boshidan beri Rossiya bilan Xitoy o‘rtasidagi mintaqaviy kuchlar muvozanatida jiddiy siljish kuzatilmoqda. O‘sha paytlari Xitoy Rossiyaning mintaqadan tabiiy resurslar, jumladan, neft xomashyosi va tabiiy gazni tranzit qilish monopoliyasini bekor qilishga urinib keldi. 2008-2009 yillarda ro‘y bergan global iqtisodiy bo‘hrondan so‘ng Pekin Markaziy Osiyo mamlakatlarining eng yirik iqtisodiy sherigiga aylandi. 1990 va 2000 yillarda Rossiyaning Markaziy Osiyo energetika siyosatidagi asosiy maqsadi Yevropa Ittifoqiga mintaqaning neft va gaz resurslaridan foydalanishga xalal berishdan iborat bo‘ldi. Turkmaniston gazini tranzit qilish monopoliyasi alohida ahamiyat kasb etdi, bu «Gazprom»ga Markaziy Osiyoning arzon gazini Yevropa bozorida qayta sotishdan ancha-muncha foyda ko‘rishiga imkon berar, Yevropaning esa sobiq sovet makonidan gaz olishi uchun muqobil manbalar yo‘q edi. 2007 yilda Rossiya, Qozog‘iston, va Turkmaniston ushbu ikki respublikaning gaz konlarini Rossiyaning gaz tarmog‘i bilan bog‘laydigan gaz quvuri tortish haqida kelishib oldi, bu Rossiyaning mintaqa ustidan nazoratini mustahkamlashi kerak edi. Ammo loyiha amalga oshmay qolib ketdi, chunki bu sohaga Xitoy qiziqish bildira boshladi, Rossiya istamasa-da, buni qabul qilishga majbur bo‘ldi.
Xitoy kompaniyalari Turkmaniston va Qozog‘iston bilan yangi quvurlar tortish hamda gaz va neft yetkazib berish bo‘yicha bitimlar imzoladi. Neft bilan gazning narxi global miqyosda tushib ketgandan so‘ng 2009 yil aprelida Rossiya Turkmanistondan gaz importini to‘xtatdi va mavjud shartnomani qayta ko‘rib chiqishga urinib ko‘rdi, sababi turkman gazining bahosi «Gazprom»ga juda qimmatlik qilayotgan edi... Turkmanistondan Xitoyga gaz quvuri tortishning yakunlanishi keyingi qadam bo‘ldi va u 2009 yilning dekabrida foydalanishga topshirildi. «Gazurushi» Rossiya bilan Xitoyning Markaziy Osiyodagi siyosiy-iqtisodiy raqobatining muhim ko‘rinishi bo‘ldi, ammo Rossiya oqibatda bozorni Xitoyga bo‘shatib berdi...».
Ushbu mulohazalardan ko‘rinadiki, иқтисодиyoт, jumladan, energetika sohasi ham siyosiy-mafkuraviy salmoqqa ega. Hech bo‘lmaganda, u bosim o‘tkazish yoki turli manyovrlarni amalga oshirish uchun zarur paytda «platsdarm» vazifasini o‘tashi mumkin. Buning global isboti sifatida ayni qish-qirovli kunlarda Rossiyadan Yevropaga uzalgan «Shimoliy oqim-2» gaz yo‘lagi atrofida yuz berayotgan turli munozaralarni keltirishning o‘zi kifoya qiladi, deb o‘ylayman.
Sir emas, Xitoy mintaqamizdan energetika resurslari xarid qiladigan eng yirik davlat. Ma’lumotlarga ko‘ra, Osmonosti mamlakati 2019 yilda uchta asosiy gaz yetkazib beruvchi mamlakat: Turkmaniston, O‘zbekiston va Qozog‘istondan 50 milliard kub metr tabiiy gaz import qildi. O‘sha yili Xitoy gaz importining umumiy hajmi 9,6 foiz oshdi va «China National Petroleum Corp (CNPC)» korporatsiyasi «Covid-19» virusi keng tarqalib ketishidan oldin 2020 yilda tabiiy gazga bo‘lgan talab 8,6 foiz o‘sishini bashorat qilgan edi. Biroq birovning qo‘liga, sharoitiga qaramlikning shunday nozik jihatlari borki, kutilmaganda u odamni favqulodda esankiratib qo‘yishi mumkin. 2020 yil shunday holat kuzatildi. Koronavirus sabab Xitoyning gazga bo‘lgan ehtiyoji pasayib ketdi. Rasmiy Pekin kelishuvlarni shartnomalarda ko‘rsatilgan fors-major holatlarni bahona qilib, vaqtincha to‘xtatib qo‘ydi...
Tashqi siyosiy tadqiqotlar instituti (AQSH, Fladelfiya) qoshidagi Yevroosiyo dasturi tahlilchisi Maksimilian Gess 2020 yilda «Central Asian Analytical Network» (CAAN) saytida e’lon qilingan «Covid-19» virusi keng tarqalishining Xitoy tabiiy gaz importiga ta’siri. Markaziy Osiyo fors-majorni o‘z foydasiga ishlata oladimi?» deb nomlangan tadqiqotida ayni shu jihatga e’tibor qaratadi va mintaqa davlatlarining gaz eksportiga qaramligini qiyosiy tahlil etadi.
Uning fikricha, Turkmaniston shu masalada hammadan ko‘ra Xitoyga ko‘proq qaram bo‘lib qolayotgan mintaqa davlati hisoblanadi. «...Ayni paytda turkman gazi faqat Xitoyga eksport qilinmoqda. Bu gazni, asosan, «Turkmangaz» «Bagtiyarlik» loyihasi doirasida yetkazib bermoqda. Loyiha yurituvchisi Xitoyga tegishli «CNPC» bo‘lib, u Turkmanistondagi konlardan gaz qazib oluvchi yagona chet el kompaniyasidir. Markaziy Osiyo – Xitoy gaz quvurining ilk tarmog‘i ishga tushirilgan 10 yil oldin Ashxobod yiliga 50 milliard kub metr – deyarli barcha gazini Rossiyaga eksport qilayotgan edi. 2010 yili ikki mamlakat o‘rtasida gaz eksporti masalasida mojaro kelib chiqdi. Ashxobod 2019 yilga kelibgina Rossiyaga 4 milliard kub metr tabiiy gaz yetkazib berish bo‘yicha shartnomaga ega bo‘ldi.
Bu borada O‘zbekiston bilan bog‘liq vaziyat bundan farq qiladi. Mamlakat Xitoyga, 2019 yil ma’lumotlariga qaraganda, Turkmaniston tabiiy gazi hajmining 1/3 qismiga teng, ya’ni 10 milliard kub metr yetkazib bermoqda. Yaqin kelajakda O‘zbekiston gaz yetkazib berishni ko‘paytirish ehtimoli kam. Yuqorida nomi zikr etilgan Markaziy Osiyo – Xitoy gaz quvuri 2018 yil oxiridan beri to‘la quvvat bilan ishlamoqda. Shu bilan birga, Xitoy bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo-sotiq qurilish, texnologiya, energetika, shuningdek, neft va kimyo sanoati singari sohalarda kengayib bormoqda. Buning ma’nosi shuki, O‘zbekistonning Pekin bilan iqtisodiy munosabatlari, Turkmanistonniki bilan solishtirganda, ancha diversifikatsiyalangan, shu sababli Xitoyda gazga bo‘lgan talabning pasayishi bilan bog‘liq tarzda yuzaga keladigan potensial shokning ta’siri unga kam bo‘lishi shubhasiz».
Men yuqorida gapni bekorga xorijiy OAV va xalqaro ekspertlarning mamlakatimizning ayni damdagi energetika siyosatini ma’lum ma’noda tasniflab beruvchi mulohazalari va xabarlaridan boshlamadim. Zotan, mavjud masala yoki muammoni kengroq tahlil qilish har doim uni yaxshiroq anglab olishga yordam beradi.
Energetika sohasida mintaqamizda, jumladan, bizda ham muammolar borligidan hech kim ko‘z yumolmaydi. Afsuski, bu muammolarning eng kattasi, albatta, siyosiy sabablarga borib taqaladi. Mintaqadagi 90-yillarda mustaqillikni qo‘lga kiritgan sobiq sovet respublikalarining xomashyo bazasi «kategoriya»sidan chiqolmagani, taassufki, ushbu milliy davlatlarni neokolanial xavflarga ro‘baro‘ qildi.
Biroq ko‘pchilik xalqaro mutaxassislar e’tirof etishayotganidek, bu jarayon qo‘shnilarda turlicha kechayotir. Kimdir uzoq yillardan buyon monolit shaklida qotib turgan vaziyatni o‘zgartirishga – milliy mahsulotini o‘zini qoniqtiradigan narxda sotishga yoki sanoatini diversifikatsiyalashga, eksportdagi monopoliya to‘ridan sirg‘alib chiqishga urinayotir, kimdir esa mudom eski yo‘lda turibdi.
Ayni zikr etilayotgan masalada bugunga kelib O‘zbekistonning tutgan yo‘li, yurtimizda boshlangan o‘zgarishlar ko‘pchilikni qiziqtirayotgani, havasini keltirayotgani bejiz emas. Jumladan, yaqinginada yon qo‘shnimiz Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev:
«Biz neft-gaz sohasidagi mavjud zavodlarni remont qilish bilan ovoramiz. Qo‘shnimiz O‘zbekiston esa allaqachon 2-3 ta yangi zavodni qurishning uddasidan chiqdi. Bir qarashda odamning havasi keladi», deya muvafaqqiyatlarimizni tan olib, bizni o‘z hukumatiga o‘rnak qilib ko‘rsatishi, albatta, kayfiyatni chog‘ qiladi.
Xolisanillo aytganda, Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tkazayotgan islohotlarning o‘ziga xos jihatlari, ma’joziy ma’noda aytganda, ilhom sarchashmalari bor.
Davlat siyosatining «samimiy»lashuvi, masalan, uzoq yillik proteksionizmdan voz kechilishi O‘zbekiston bozorini kengroq doiradagi sheriklar uchun ochib berdi, Toshkentning asosiy chet ellik sarmoyadorlarga qaramligini kamaytirdi.

O‘z o‘rnida bu qadam mamlakat siyosiy iqlimiga zarur iliqlikni olib kirdi. Va xuddi tashqi siyosatimiz kabi iqtisodiyotimizni ham keng vektorli formatga olib chiqdi. Jumladan, energetika bozorimizga yangi sheriklar – xorij kompaniyalari va investorlarining kirib kelishi mavjud iqtisodiy manzara qiyofasini tubdan o‘zgartirib yubordi. O‘zbekiston xalqaro investorlar va moliya institutlari diqqat markazidan joy oldi.
E’tibor qiling, o‘tgan besh yil davomida nafaqat Fors ko‘rfazi atrofida, balki dunyoda yuksak nufuzga ega bo‘lgan yirik Arab davlatlari kompaniyalari biz bilan sheriklik qilishni maqbul yo‘l, deb tanladi. Masalan, so‘nggi yillar davomida birgina BAAning «Masdar» va «Mubadala Development» kompaniyalari O‘zbekiston hukumati bilan 10 milliard AQSH dollari miqdorida sarmoya kiritish to‘g‘risida shartnoma, Saudiya Arabистоnining «ACWA Power» kompaniyasi O‘zbekiston Energetika vazirligi bilan umumiy qiymati 2,5 milliard AQSH dollariga teng uchta kelishuv imzoladi.
Mamlakatimizda ushbu sohani tubdan modernizatsiya qilish, faoliyat va formatni o‘zgartirish, pirovardda, tarmoqqa qayta tiklanuvchi resurslar va texnologiyalarni joriy etishga ham istiqbolning asosiy sharti sifatida qaralayotir. Qolaversa, ushbu qadamni O‘zbekistonning bugun zamonaviy dunyoda legitim qadriyat o‘laroq qabul qilinayotgan «yashil iqtisodiyot» sari tashlangan dadil qadami sifatida qabul qilish o‘rinli bo‘ladi.
Energetika vazirligi tarqatgan xabarga ko‘ra, shu yilning 14 yanvarida Prezidentimiz респuбликaning 4 ta viloyatida quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish bo‘yicha qarorlar imzoladi. Ushbu hujjatga asosan, 2023 yil yakuniga qadar umumiy quvvati 1 096,6 MVt bo‘lgan 4 ta quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushiriladi. Ushbu loyiha samarasi o‘laroq, yurtimizning chet va tog‘li tumanlari bo‘lgan Sherobod, Kattaqo‘rg‘on, G‘allaorol, Nurotada ko‘rsatilgan muddat ichida umumiy quvvati, hali aytganimizday, 1096,6 MVt.ga teng quyosh fotoelektr stansiyalari ish boshлaйди. Mazkur loyihalarga BAAning «Masdar», Niderlandiyaning «Phanes Energy Holding III B.V.» kompaniyalari jalb etilgan.
Aytayotgan gaplarimiz, keltirayotgan faktlarimiz shuni dastaklaydiki, mamlakatimizda iqtisodiy, jumladan, energetika eksportiga bo‘lgan qaramlikka batamom barham berish siyosatimizning yetakchi omiliga aylangan. Hatto, men shunday o‘ylaymanki, Prezident Shavkat Mirziyoyev jafokash xalqimizning peshona teri bilan topilayotgan, yetishtirilayotgan ne’matlarni endi o‘sha o‘yinchi (aktor) savdo kampaniyalariga suv tekinga berib qo‘ymoqchi emas. U sanoatni ham, qishloq xo‘jaligini ham yangilab, dunyo davlatlari bilan o‘rtadagi munosabatni tenglashtirmoqchi. Kimningdir bizga tepadan qarashi, nima desam ko‘naveradi, degan xayolda bo‘lishiga uzil-kesil nuqta qo‘ymoqchi. Millatning qadrini, davlatning salohiyatini yuqoriga ko‘tarmoqchi...
Gap milliy iqtisodiyotning eksportga qaramligi, xomashyodan tushadigan arzimas daromadga «o‘tirib» qolishi haqida ketar ekan, O‘zbekistonda boshlangan iqtisodni diversifikatsiyalash jarayonlari, avvalo, agrar soha – paxtachilikda boshlanganini aytish o‘rinli bo‘ladi. Bugunga kelib, mamlakatimiz bir siqim ham tola eksport qilmayapti. Yetishtirilgan hosil to‘lig‘icha o‘zimizda qayta ishlanayotir.
Ayni jarayonni amalga oshirish uchun iqtisodiyotimiz va ijtimoiy hayotimizda mutlaqo yangi – paxta-to‘qimachilik klasterlari tizimi joriy etildi. Uning samarasini biz allaqachon payqab bo‘ldik.
Endi ushbu usul energetika sohasida ham yo‘lga qo‘yilayotgan ekan, bu kechayotgan jarayonlar, o‘ylaymanki, yuqorida aytgan, ko‘nglimda kechgan fikrlarni tasdiqlashga asos bo‘la oladi.
Demak, Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda postsovet davrining turli yillarida shakllanib ulgurgan neokolanial (yangi mustamlakachilik) kayfiyat, iqtisodiyotimiz va taraqqiyotimizga tushov bo‘lib turgan zanjirlarni uzib uloqtirmoqchi.
Bugun bafurja hikoya qilmoqchi bo‘lganimiz O‘zbekiston energetika sohasidagi ulkan yutug‘imiz bo‘lmish «Uzbekistan GTL» korxonasi ham mamlakat energetika tarmog‘ida tashkil etiladigan klaster tizimining qaldirg‘ochlaridan biri bo‘ladi.

Biroq, shunday deymizu, bu muvaffaqiyatga qanday erishganimiz, nimalarning, qanday mehnatu jasoratning evaziga ushbu zavod bunyod bo‘lganini ko‘pam o‘ylayvermaymiz. Hammasi oddiy, shunday bo‘lishi kerakday tuyuladi, ko‘pchiligimizga.
Aslida unday emas. Cho‘lning qoq markazida qad rostlagan va bugun xalqimizning faxriga, iqtisodiyotimizning tayanchiga aylanishi kutilayotgan «Uzbekistan GTL»ning dunyoga kelishini, hech shubhasiz, yuksak va metin siyosiy iroda mahsuli, deyish mumkin.
2
Yakunlangan 2021 yil mohiyatan ikkita muhim «bosqich»ni nihoyalab berdi.
Birinchidan, to‘rt xonali «solnoma»dagi so‘nggi raqam almashgan bo‘lsa, ikkinchidan, biz uchun mazmunan xiyla chuqur bo‘lgan tafsilot – mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi muhim bosqich, tarixga «Yangi O‘zbekiston g‘oyasiga tamal toshi qo‘yilgan davr» nomi bilan kirishi mumkin bo‘lgan dastlabki besh yillik muddatga ham yakun yasadi.
Xo‘sh, o‘tgan yillarda hayotimizda, turmushimizda nimalar o‘zgardi, islohotlar milliy tafakkurimizda qanday evrilishlar hosil qildi? Biz yashab o‘tganimiz – besh yilni ijtimoiy-siyosiy, falsafiy nazariyalarga chog‘ishtirmasdan yaxlit, aniq va sodda qilib atashning imkoni bormi?
Albatta, murakkab va odamni o‘ylantiradigan savollar bular. Yana bir tomoni, ortda qolgan yillar haqida hammaning o‘z qarashi, xulosasi va tushunchasi bor. Ammo ushbu mulohazalar ustida turuvchi bir chiziq borki, unga ahamiyat bermaslik yoki ko‘zdan qochirish odamni to‘g‘ri qarordan chalg‘itishi mumkin.
Ko‘pchilik tahlilchilar, siyosatchilar taъкидлaшayoтganiдек, Shavkat Mirziyoyevning davlat tepasiga kelishi O‘zbekistondagi postsovet o‘tish davrini yakunlab berdi.
Bu fikr bilan tortishib bo‘lmaydi. Chunki u ikki karra ikki – to‘rt, deganday aniq fakt. Mantiqan qaraganda, bir harakatning oyoqlashi va ikkinchisining boshlanishi doim amaldagi «silsila»da o‘zgarish yasashi kerak. Shunday ham bo‘ldi: o‘tmishda qolgan 2017 yilning mamlakatni ривожлaнтирishning besh muhim yo‘nalishini bag‘rida jamlagan «harakatlar strategiyasi» umumkonsepsiyasi bilan boshlanishining o‘zi zamon ham, siyosat ham o‘zgarayotganining dalolati edi.
Qolaversa, ushbu ijtimoiy-siyosiy va fe’lan iqtisodiy yangilanishlarni nishonga olgan reja, amalda davlat boshqaruvidagi konservativ va postkolonial aqidalardan voz kechib, nafaqat jamiyat, balki hukmron siyosiy elita tafakkurida, axloqida dekonstruksiya – bugungacha amalda bo‘lgan va hatto milliy boshqaruv instututlarida qadriyatga aylanib ketgan tushunchalar, стyerеотипlarni buzish, dunyoga yangicha nigoh bilan qarash va ishlash ko‘nikmasini ham shakllantirdi.

Men juda ko‘p qaytarilayotgan o‘zgarishlaru bunyodkorliklardan ko‘ra, ma’joz tili bilan aйтgaнda, uning «ruhiyati» haqida gapirishni ma’qul ko‘raman. Chunki sur’atdan ko‘ra siyrat mohiyatni to‘g‘ri anglashingizda ko‘proq yordam berishi mumkin, sizga. Shu ma’noda, chuqurroq o‘ylasangiz, atrofdagi voqea-hodisalarga teranroq nazar solsangiz ko‘zingiz ko‘rib turgan, his etayotganingiz manzara qayerdan oziqlanayotganini anglaysiz. Ya’nikim, hayotimizda yuz bergan va berayotgan yangiliklar o‘z-o‘zidan emas, balki puxta o‘ylangan model ta’sirida yuzaga chiqayotganini, bu o‘zgarishlar o‘ziga xos asosga ega ekanligini tushunib yetasiz.
Gap shundaki, barcha jabhalarda yangiлaniшlarning bir vaqtning o‘zida boshlanishi bizda uzoq yillar amalda bo‘lgan «avval iqtisod, keyin siyosat» tamoyilini chetga surib chiqardi. Bu ham nazariy, ham amaliy jihatdan mamlakatda сиyoсaтning o‘zgarayotganiga, davlatning yopiq qasr ichidan chiqib, xalqqa «ko‘rinish» berayotganiga ishora edi. Qolaversa, yangi boshqaruvdagi liberal kayfiyat va qarashlar zamonaviy dunyodagi legitim qadriyatlarga to‘la moslashishga tayyorligini ko‘rsatayotgan edi.
Albatta, o‘tmishni qoralab yoki undan kir qidirib hech kim baraka topgan emas. Insofli odam bunday qilmaydi ham. Biroq xatolar doim bo‘lgan va bo‘ladi. Uning sababini o‘rganish, tahlil qilish esa umuman boshqa masala. Aslida davlatni shakllantirish, jamiyatni bunyod etish ham fanga, ilmga tayanadi. Shunday ekan, masalaga ilmiy-nazariy jihatdan yondashish hech qachon zarar qilmaydi, menimcha.
Mavzudan chetlashmay gapirganda, ko‘pchilik nazariyotchilarimiz uzoq yillar bizga jamiyatdagi xiyla tektonik soha – iqtisodiyotda «o‘tish» davri kechayotganda ijtimoiy-siyosiy йo‘naлishlarni «bosib», jilovlab turish kerakligini uqtirib kelishdi. Shunday bo‘ldi ham. Oqibatlarini ham ko‘rdik. Xulosa shunday bo‘ldiki, jamiyat xuddi tabiatdek ochiq holatda gullab-yashnar ekan. Yopish, berkitish, uning faoliyatiga ortiqcha aralashish uni so‘ldirar ekan.
Bugunga kelib o‘sha ko‘p gapiradigan va biz doim hadiksirab kelganimiz yalpi islohotlar barcha jabhada baqamti olib borilayotir. Qizig‘i, «bizning jamiyatda bu ijtimoiy loyihalarni baravar qo‘llab bo‘lmaydi» deb kelgan va biz xavfli sanagan, odamlarni ham shunga ko‘niktirgan «vaj» bugun aslida muvaffaqiyatlar asosi va drayveri bo‘lib xizmat qilayotir.
Shu o‘rinda fikrimizni dastaklash uchun kichik bir faktni keltirib o‘tish maqsadga muvofiq bo‘ladi, menimcha. Insof bilan aytganda, ijtimoiy muammolar keragidan ortiq yig‘ilgan hamda turli mintaqaviy va global xatarlar bor, deya ishonilgan bir paytda mamlakatda deyarli 25 yildan buyon og‘zi berkitilib kelayotgan matbuotni ochish, odamlarga o‘z fikrini aytish uchun minbar berish... Bu juda katta tavakkalchilik edi. Buni Prezident bilmasmidi? Bilardi, albatta!
Mana shu o‘rinda Shavkat Mirziyoyev faoliyatidagi asosiy qudrat manbai – siyosiy iroda ko‘zga yaqqolroq ko‘rina boshladi. U yana shuni yaxshi aнглaб yetgan ediki, bu yo‘l mo‘ljalga olingan marra sari eltadigan eng to‘g‘ri va samarali yo‘l edi: odamlarni eshitish, ularning dardiga quloq tutish, boshlanayotgan ishlarni el-ulus bilan hamjihatlikda amalga oshirish, millatni ilhomlantirish, o‘z ortidan ergashtirish, matbuot va so‘z erkinligini ta’minlash... Zikr etilayotgan shu jihatlar, aytish mumkin bo‘lsa, Shavkat Mirziyoyev muvaffaqiyatlarining o‘zagi edi.
Mamlakatning «ochilishi» hamda tashqi va ichki siyosatdagi samimiyat tez muddatda qo‘shnilarning, qolaversa, tashqi dunyoning bizga nisbatan qarashlarini qayta ko‘rib chiqishga undadi. Albatta, umumiy tarzda va lo‘nda aytilgan ushbu mulohaza jamiyat hayoti va siyosatdagi keng ko‘lamli islohotlarni to‘la ochib bera olmasligi mumkin. Biroq ushbu jihatlar zamonaviy O‘zbekistonning dunyo xaritasida qayta balqib chiqishidagi asosiy harakatlantiruvchi kuch, aytish o‘rinli bo‘lsa, uning ruhi sifatida tilga olinishi shubhasiz. Haqiqat shundaki, endilikda mamlakat qiyofasi «chizilayotgan»da qora ranglardan foydalanish deyarli yo‘qoldi.
Ko‘pchilik mintaqaviy va xalqaro ekspertlar bugungi O‘zbekiston haqida gapirar ekan, global islohotlarga samimiy munosabat bildirib kelayotganining guvohi bo‘lyapmiz. Biroq bo‘layotgan o‘zgarishlar haqida pisanda qiluvchilar, deylik, «Yangi O‘zbekiston» atamasiga qitmirona miyig‘ida kulib qo‘yayotgan «og‘ayni»larimiz ham yo‘q emas.
Ammo hayot shunday hikmatlarga to‘laki, ba’zan u sen inkor qilayotgan haqiqatlarni daсtaклaб sening o‘zingni rad qilishi ham mumkin. Butun boshli bir davlat va jamiyatning yo‘lini tuslovchi ushbu ijtimoiy-siyosiy epitet – «Yangi O‘zbekiston» atamasi bugun mana, yangi davrni sifatlovchi bir istiloh o‘laroq qo‘shni davlatlar hukumatlari, davlat rahbarlari tomonidan ham nafaqat tan olina, balki o‘zlashtirila boshlandi. Jumladan, Qozog‘istondagi oxirgi voqealardan so‘ng, Prezident Qasim-Jomart Toqayevning «Biz birgalikda yangi Qozog‘istonni quramiz», degan chaqiriqlarini bugun dunyo OAVlari, ijtimoiy tarmoqlar kunda-kunora berib turibdi. Undan sal oldin Qirg‘iz siyosiy platformasida ham ayni shu formatdagi gap-so‘zlar bo‘lgani haqida axborot manbalaridan yaxshi xabardormiz.
Ochig‘i, men Prezidentimiz bundan ancha ilgari «biz ergashuvchi emas, ergashtiruvchi millat bo‘lishimiz kerak», degan gaplariga shunchaki bir orzu yoki siyosiy ritorika sifatida qaragan ekanman. Biroq vaqt oliy hakam, deydilar. U yolg‘onni ham, rostni ham, adolatu haqiqatni ham, tuhmatu xiyonatni ham yuzaga chiqarib ketaveradi. Bu hikmatni anglagan odam anglaydi, tushunmagani hushtagini chalib o‘tib ketaveradi...
Besh yil ortda qoldi. Erishilgan muvaffaqiyatlar ko‘p. Keyingi yillarga reja qilinib tamal toshi qo‘yilganlari ulardan ham ko‘p. Yil tugayotgan mahallar Prezidentning kun tartibi biroz tig‘izlashganini hammamiz sezdik. Hali u viloyat, hali bu korxona yoki loyiha, xullas, o‘zining ham atrofdagi mas’ullarning ham qo‘li-qo‘liga tegmay qoldi. Bu besabab emas edi, nazarimda. Nimaga desangiz, bu paytga kelib, yuqorida aytganimizdek, nafaqat yil yakunlanayotgan, balki u prezidentlik muddatining dastlabki davrini yakunlagan va adolatli o‘tgan saylovda g‘olib chiqib, yangi marralarni ko‘zlab oldinga intilayotgan, o‘tgan besh yillik muddatda jonajon xalqi oldidagi muqaddas farzandlik burchi – bajargan ishlarini sarhisob qilayotgan edi.
To‘g‘ri, bu haqda aynan shu tarzda na Yurtboshimizning o‘zi, na matbuot rasman e’lon qildi. Biroq voqealar rivojidan buni tusmollash qiyin emas edi. Mana, Prezidentning birgina dekabrning so‘nggi kunlarida Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida suyultirilgan sintetik mahsulotlar ishlab chiqaradigan «Uzbekistan GTL» zavodi ochilish marosimida so‘zlagan nutqidan bir iqtibos keltiraman: «...Sizlarga yaxshi ma’lumki, yakunlanayotgan 2021 yilning o‘zida mamlakatimizda qator yirik loyihalar amalga oshirildi. Jumladan, «Navoiyazot»da – ammiak, karbamid va azot kislotasi ishlab chiqaradigan majmualar, Navoiy kon-metallurgiya kombinatida – beshinchi va yettinchi gidrometallurgiya zavodlari, Karmanada – birinchi quyosh elektr stansiyasi ishga tushirildi...».
Bulardan tashqari, Prezident ayni o‘sha davrda O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun ulkan ahamiyatga ega bo‘lgan yana bir gigant sanoat majmuasi – «Yoshlik-1» konini o‘zlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan 5 milliard 122 million dollarlik megaloyiha ijrosini ko‘zdan kechirdi. Albatta, bu gaplar gapirganda og‘izning bir uchidan uchib chiqib ketishi mumkin. Ammo bunday yutuqlarga erishishning o‘zi o‘ta murakkab ish. Prezidentning mazkur majmuaga safari fonida OAVda, ijtimoiy tarmoqlarda bir-biridan qiziqarli sharhlar, tahlillar berildi. Ulardan birida yosh iqtisodchilarimizdan biri o‘z telegram kanalida shunday yozadi: «Kecha ko‘p yozilgan «Yoshlik-1» konida 5000 tonnalik oltin, 45 million tonnalik mis zaxiralari aniqlangan. O‘zingizga tasavvur qilish uchun kondagi oltin zaxiralarining qiymati bugungi kotirovkada 289 milliard dollar, misniki esa 432 milliard dollar, jami 721 milliard dollar bo‘ladi. Bu hozirgi O‘zbekistonning 12 yillik YAIMi, yoki jon boshiga 20600 dollardan degani...»
Tabiiyki, bunday xabarlar barchamizni quvontiradi, ertamizga ishonchni mustahkamlaydi. Gap Olmaliqda boshlangan «Yoshlik-1» koni va umuman, mis ishlab chiqarish haqida ketar ekan, ushbu noyob metallning yaqin kelajakda dunyo iqtisodiyotida, jumladan, energetika sohasida eng noyob unsurga aylanishi haqidagi global tahlillarni o‘rganish foydadan xoli bo‘lmaydi. Masalan, yaqinda Jahon Iqtisodiy Forumi saytida USM asoschisi Alisher Usmonovning yaqin kelajakda dunyo energetika «iqlimi»ga oid tahliliy maqolasi e’lon qilindi. Unda tadbirkor aynan mis kelajak energiyasi taqdirini hal etishda asosiy o‘ringa ko‘tarilishini keltirib o‘tadi. «2040 yilga borib misga bo‘lgan talab 2,7 barobar oshadi, bu metall qayta tiklanadigan energiya texnologiyalari uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi. Mis global energetika tizimida muhim rol o‘ynaydi. Mis ko‘pincha «yangi oltin», «yangi neft» yoki hatto «kelajak metalli» deb nomlanadi, chunki u past uglerodli iqtisodiyotlar va yuqori texnologiyali sanoatda ajralmas rol o‘ynaydi. Ushbu metall qayta tiklanadigan energiya texnologiyalari uchun ham muhim bo‘ladi», deb yozadi Usmonov.
O‘ylaymanki, keltirilgan ushbu muxtasar iqtiboslar Olmaliqda bunyod etilayotgan majmuaning ahamiyatini ham, Shavkat Mirziyoyev ayni damda necha yillar naridagi kelajak uchun bosh qotirayotganini, kuyib-pishayotganini ham ochib berishga yaxshi misol bo‘la oladi.
Ammo bu ishlar xamirdan qil sug‘urgandek silliqqina bitmayotgani, uning ortida katta mehnat, jasorat borligini ham unutmasligimiz kerak bo‘ladi.
Birgina yuqorida aytganimiz va ushbu maqola yozilishiga asosiy sabablardan biri bo‘lgan gigant, shu bilan birga dunyoda muqobili kam bo‘lgan ulkan sanoat majmuasi – «Uzbekistan GTL»ning «dunyoga kelish» tarixi ham juda qiziq tafsilotlarga to‘la. Jumladan, 2000 yilning so‘nggida boshlangan ushbu loyiha bir oz muddat o‘tib «muzlatib» qo‘yilgandi. Buning sabablari esa ko‘p edi.
Ushbu maqola aynan shu zavodning dunyoga kelish tarixi hamda milliy iqtisodimizdagi ahamiyati haqida ekan, bu to‘g‘rida sal keyinroq mufassal ma’lumot berishga harakat qilamiz. Hozir esa uning «tashlab» qo‘yilishiga oid asl sabablarni keltirishimiz mumkin: birinchidan, o‘sha mahallar dunyo neft bozorida narx beqaror edi, deb izoh berishadi tahlilchilar. Qolaversa, o‘sha davrda buning ipidan ignasigacha o‘rganib, hisob-kitob qilib chiqadigan, istiqbolini isbotlab beradigan mutaxassis ham, bu ishga yuragi yonib harakat qiladigan ishtiyoqmand ham yo‘q edi, qo‘shimcha qilishadi ular.

Haqiqatan ham, u paytlar shubhalanishga, ikkilanishga yetarlicha sabablar bor edi. Qolaversa, yuqorida tilga olganimizdek, proteksionizm nafaqat iqtisodiyotda, balki ichki va tashqi siyosatda ham asosiy prinsip maqomini egallagan, ochiqki, bu chet investorlarining xavotirini oshirayotgandi...
Mayli, bu alohida mavzu. Xullas, majmua «taqdiri»ning aro yo‘lda qolishining ikkinchi sababi va masalaning eng muhim jihati, nazarimda, pul bilan bog‘liq edi. Avvalo, buncha katta (to‘rt milliard dollarga yaqin) mablag‘ni birgina loyiha uchun yo‘naltirish iqtisodiyotni cho‘kkalatib qo‘yishi mumkin edi. Shuning uchun loyiha boshлaniшиda sherikchilik yo‘li to‘g‘ri yo‘l, deb tanlandi. Jarayonga investor sifatida – Janubiy Afrikaning «Sasol» kompaniyasi taklif etildi. Boshlangan loyihaning kelishuv shartiga ko‘ra, korxonaning 33 foizlik ulushi bizga, qolgan 64 foizi esa chet el korxonasiga tegishli, deb belgilandi.

Bundan ko‘rinadiki, garchi ushbu majmua bizning zaminda qad rostlayotgan va o‘zimizning tabiiy boylik hisobiga ishlayotgan bo‘lsa-da, unga asosiy egalik qilish huquqi xorijiy shirkatda bo‘lgan. Demak, u kimni ishga olish, nima va qancha ishlab chiqarish hamda kimga necha puldan sotishni o‘zi hal qilish huquqini qo‘lga kiritgan... (sal avval aytganimiz yangi mustamlakachilik).
Biroq shuncha ustunlik ham investorlarni mamlakatimizda qolishga va loyihani amalga oshirishga ilhomlantira olmagan. Sabab esa o‘sha davrlardagi siyosatimiz bilan bog‘liq edi. Albatta, biz bu o‘rinda o‘zimizni turli yo‘llar bilan ovuntirishni bilamiz. Masalan, yuqorida aytganimizdek, neft narxining beqarorligi, mablag‘ muammosi... To‘g‘ri, bu sabablar biz uchun chindan ham hisoblashadigan muammo bo‘lishi, hatto buni arzirli vaj, deb qabul qilishimiz ham mumkin. Ammo dunyo neft-gaz bozorida gigant bo‘lgan yirik kompaniyalar uchun bunday «to‘siq»lar nihoyatda mayda hisoblanishi turgan gap.
Xullas, ushbu yirik chet el shirkati turli sabablarni ro‘kach qilib mamlakatdan chiqib ketgandan keyin loyiha taqdiri yanada mavhumlashdi. Odamlar, hatto mutaxassislarning ham uning bunyod bo‘lishiga ishonchi so‘na boshлaди.
Biroq, 2017 yil ushbu loyiha bilan tanishishga va uni qayta oyoqqa qo‘yishga Prezident Shavkat Mirziyoyev tashrif buyurdi va uning boshлaniшиga start berdi. Bugun shu ulkan loyiha ishga tushdi. Uch milliard to‘rt yuz million dollarlik gigant gaz-kimyo majmuasi nafaqat mintaqada, balki MDHda yagona. Jahondagi besh shunday turdosh korxonaning so‘nggisi, zamonaviysi va ular ichida ham eng yirigidir.
Eng muhimi, ushbu zavodning yuz foiz egalik huquqi o‘zimizning qo‘limizda. Uni qanday ishlatish, kimlarni ishlatishni o‘zimiz hal qilamiz. Kimdir bizga shu majmuani vosita qilib siyosiy yoki iqtisodiy bosim qilishga yoki yo‘rig‘iga solishga urinib ko‘rishiga aslo yo‘l yo‘q endi.
O‘rni kelganda bir gapni aytmoqchiman. Hali mazkur yirik loyihaning O‘zbekistonda amalga oshirilishiga hech kimning ko‘zi yetmagani va buning sabablari haqida gapirdik. Modomiki, gap shu to‘g‘rida ketar ekan, bu boradagi mulohazalarimni oxiriga yetkazib qo‘ysam o‘rinli bo‘ladi.
Men shaxsan o‘zim shu zavodning ochilish marosimida ishtirok etdim. Majmuaning salobati, u yerda olib borilgan ulkan bunyodkorlik ishlarining guvohi bo‘ldim. Ishchi-xizmatchilar, mutaxassislar, chet ellik soha vakillari hamda mutasaddilar bilan suhbatlashdim. Ochig‘i, shu yirik inshootni qurgan odamlar, qurilish boshida turgan mutasaddilarning o‘zlari qarshisidagi ulkan zavodning ro‘yo emas, haqiqat ekaniga ishongilari kelmayotganini aytishadi.
Chindan ham minglab chiroqlar yog‘dusida qo‘r to‘kib turgan salobatli bu majmuani atigi to‘rt yil ilgari bitkazilib ishga tushiriladi, desa hech kim ishonmasdi. Esingizda bo‘lsa, o‘sha 2017 yillar ko‘pchiligimizning кo‘nглимизda garchi yashirin bo‘lsa-da, bir ishtiboh bor edi. «Endi nima bo‘ladi, bu yog‘iga mamlakatning ahvoli qanday kechadi» degan gizli ehtiroslarni xorijiy analitiklarning «...Mirziyoyevga og‘ir iqtisodiy-siyosiy meros qoldi» degan ilmiy xulosalari ilhomlantirib turgan bo‘lishi ham ehtimoldan ko‘p yiroq emas.
Ammo ko‘zimiz bilan ko‘rib turgan fakt shuki, o‘n yillab chorasizlikdan tashlab qo‘yilgan gigant korxona ishga tushirildi. Men uning ochilish marosimida so‘z olib, o‘z tuyg‘ularini hayajon ichida ifodalagan oddiy odamlar, mutaxassislar, faollarni ko‘rib, ajablanmadim. Nimaga desangiz, bu tabiiy edi. Ochig‘i, mening ichimda ham o‘sha hayrat, hayajon bor edi.
Gap shundaki, men ham uzoq yillar Jizzaxdagi akkumulyator korxonasiga rahbarlik qilganman. Ushbu majmuani ko‘rib, o‘zim ishlagan joyni zamonaviy zavod, deb yurgan ekanman degan xayolga bordim.
Dunyoning eng so‘nggi texnikalari, kommunikatsiya uskunalari va innovatsion yechimlar asosiga qurilgan faoliyati ushbu majmuani mo‘’jiza, deyishimizga to‘la asosли edi. Ushbu korxonaning meni yana bir hayratga solgan tomoni shu bo‘ldiki, dunyoning mana-man degan turdosh korxonalari havas bilan qarayotgan, texnik va ishlab chiqarish yechimi eng so‘nggi turdagi zamonaviy formatga qurilgan, deyilayotgan murakkab ish jarayonlarining barchasini o‘zimizning bolalarimiz – mahalliy yoshlar uдdalaшayoтир.
Gapning o‘zanini bu yoqqa burganimning ham, bu jihatga xursand bo‘lganimning ham sababi bor. Bilasizmi, sobiq tuzum va undan keyingi zamonlarda ham odamning nafsoniyatiga tegadigan bir tushuncha bor edi. Кaдрlar, milliy mutaxassislar masalasini aytaman. Ko‘pni ko‘rgan, dunyoqarashi keng odamlar biz siyosiy mustaqillikni qo‘lga kiritganimizdan keyin ham ancha vaqtlar mustabidlik ta’sirlaridan to‘la chiqib keta olmaganimizni juda yaxshi tushunishadi. Ayniqsa, bu ta’lim, milliy kadrlar siyosati masalasida aniq ko‘zga tashlanib turardi. Yashirib o‘tirishning hojati yo‘q, mahalliy kadrlarga qarash xiyla boshqacha edi. Ishonch yo‘q edi. Ayniqsa, zamonaviy, murakkab muhandislik «pult»larini ishonib topshirish juda kamyob hodisa sanalardi. Deylik, o‘sha mahallar mamlakatning eng gigant sanoat korxonalari, masalan, Navoiy kon-metallurgiya kombinati, Olmaliqdagi shu turdagi zavod, bir zamonlar yuz minglab odam ishlagan, xalq tilida «TAPOICH» deb nomlangan aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi yuqori kontingentida mahalliy kadrlarni uchratish juda qiyin edi.
Go‘yoki norasmiy, temir qoidaga aylangan bir mezon bor edi. Unga ko‘ra, mahalliy kadrlar, ya’ni o‘zbek yoshlari sanoatlashgan, yuksak intellektuallik talab etiladigan yumushlarga noloyiqdek ko‘rsatilar, boshqaruvga deyarli yaqin yo‘latilmas ham edi.

Bu ko‘zga yarq etib tashlanmaydigan siyosat shu darajada ustakor ediki, hatto bunga oxir oqibat o‘zimiz ham ishonib qoldik: ha endi bizning bolalar texnikaning tilini tushunmaydi-da, tilni bilmaydi-da, shuning uchun chilangarlikmi, boshqa oddiy ishni tanlagani ma’qul, deya ularni texnika, ilmiy jabhalar bilan bog‘liq sohalardan nariroq oldik. Bolalarimizni qurilish, dala ishlari, bozor-o‘char, maishiy kasblarga ko‘proq yo‘naltirdik. Men aniq aytishim mumkinki, mustaqillikning 2003 yillarigacha shunday siyosat hukmronlik qilib keldi. Shavkat Mirziyoyev Bosh vazir etib tayinlangach, vaziyat o‘zgardi. Milliy kadrlar masalasi garchand ommaviy tarzda bo‘lmasa-da, umumsiyosat sathiga qalqib chiqqanday bo‘ldi.
Ayni o‘sha yillari Navoiydagi gigant korxonaning asosiy injenerlik va rahbar xodimlari orasida mahalliy kadrlar barmoq bilan sanarli bo‘lganini bugun navoiyliklar, qolaversa, sohadan xabardor odamlar juda yaxshi bilishadi. Bu juda uzoqdan kelayotgan, o‘zbek yoshlari bu ishni eplay olmaydi, ular texnikaning tilini tushunmaydi, degan bizga yuqoridan qarash siyosati mahsuli edi.
Men Shavkat Mirziyoyev bilan ayni shu masalada juda ko‘p gaplashganman. Jizzaxda, Samarqandda ishlagan vaqtlarida ham u kishi bir narsani ko‘p va kuyinib gapirardi. «Bizning bolalarimiz nega bunday g‘amgin, yelkasi qisiq. Yuqoridagi kadrlar sektorida o‘tirgan rahbarchalarimiz-chi?!. O‘zimizning yigitlarni oddiy bir zavodga boshliq qilaylik, deb nomzodini ko‘rsatsang, markazdagi vallomatlar o‘tkazmaydi, sabab, texnikani, injenerlik sir-sinoatlarini tushunmaydi, deb vaj-karson ko‘rsatadi. Sohani o‘qigan, qo‘lida diplomi bor odamlarga past nazar bilan qarashadi. Shunday bo‘lgandan keyin, albatta, ishdan ham, qalbidagi orzu-armonidan ham ko‘ngli soviydi-da, yoshlarning. Unday degandan ko‘ra, yoshlarimizning o‘qishiga, ilm olishiga e’tiborimizni qaratishimiz kerak emasmi, kim bizga bu ishlarni qilib berishi kerak? Bu qat’iyatsizligimiz bilan nima, biz bolalarimizni faqat qo‘y boqish, yer chopish, somsayu osh pishirib sotishga ixtisoslashtiramizmi? Millatning kelajagi nima bo‘ladi, maishiy masalalarga o‘ralashib qolib ketamizmi, dunyoga bizning aytadigan gapimiz, ko‘rsatadigan ishimiz, ilmimiz yo‘qmi? Nega biz shu masalaga hatto mustaqil bo‘lgandan keyin ham e’tibor qaratmadik? Bir paytlar dunyoga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatgan, zulmatni o‘z aql mash’ali bilan yoritgan, tarix g‘ildiragini to‘g‘ri yo‘lga solgan buyuk bobolarning avlodlariga nisbatan bunday ishonchsizlik nega?».
Men Prezidentning bugunga kelib xiyla ommalashib ketgan «O‘zimizning qora ko‘zlar» degan gapining tagida nimalar yotganini o‘shanda anglab yetganman. Bu bepisandlik, mensimaslik nuqtai nazari bilan qaralgan millatning qadrini ko‘tarish, uning sha’nini ulug‘lashga chog‘langan bir qat’iyat edi, nazarimda.
Shu ma’noda, men bugun Prezidentning maktab va oliy ta’limga nega ko‘p e’tibor berayotganini, Uchinchi Renessans g‘oyasini o‘rtaga tashlaganidan asosiy maqsadi nima bo‘lganini juda yaxshi anglayman. Va yana shuni ishonch bilan aytishim mumkinki, ilmga bo‘lgan ishtiyoq nuqtai nazaridan farzandlarimiz dunyo yoshlaridan ustun bo‘lsa, ustunki, hech kimdan kam emas.
Buni bugungi gigant zavod misolida ham ko‘ryapmiz. «Zavod to‘liq ishga tushgach, bu yerda 1300 nafar xodim ishlaydi, – dedi bir suhbatda «Uzbekiston GTL» MCHJ bosh direktori Faxritdin Abdurasulov. – Faoliyatimizning chet el korxonalari, mutaxassislari bilan bog‘liq jihatlari ko‘p, qolaversa, ishlab chiqarish jarayonlari va texnikalarimiz «tili» ham asosan ingliz tilini bilishni talab etadi. Bizda esa, ishonsangiz, tarjimonlik shtatining o‘zi yo‘q. Nimaga desangiz, xodimlarimizning barchasi ingliz va boshqa qo‘shimcha tillarni mukammal darajada biladi. Zavodda ishlayotgan yuz foiz kadrlar o‘zimizning bolalar. Meni quvontiradigan jihat shuki, yoshlarimizda potensiallik, faollik juda yuqori. Tez o‘zlashtirish, o‘z ustida ishlash, masalaning mohiyatini teran idrok etish juda kuchli. Kadrlar salohiyati bo‘yicha O‘zbekiston bilan boshqa joyni solishtirib bo‘lmaydi. Bizda Koreyaning «Hyundai Engeneering» kompaniyasi loyihalar bo‘yicha direktori ishladi. U bundan oldin ham boshqa joylarda shunga o‘xshash loyihalarda ishtirok etganini, biroq bizning mutaxassislarni boshqa davlatlardagilar bilan solishtirib bo‘lmasligini, bu yerda ishlash unga ancha oson kechayotganini aytgandi. U yana aytgandiki, bizning kadrlar shu jarayonlarda 1 yil ichida egallagan ko‘nikmalarini, masalan, o‘z yurtidagi amaliyotchilarga to‘liq o‘rgatishi uchun kamida 5 yil kerak bo‘lar ekan. U bizning odamlarning iqtidoriga, salohiyatiga ana shunday yuksak baho bergandi. Xuddi shu gapni men «UzKorGaz»da ishlab yurgan paytimda ham eshitgan edim. U yerda ham Koreyadan vakillar bo‘lardi, ularning mahalliy kadrlarning tez ilg‘ash va uni amaliyotga to‘g‘ri joriy eta olish qobiliyati haqida mutaassir bo‘lib gapirganiga ko‘p guvoh bo‘lganman».
Mana ko‘ryapsizmi, bizning yoshlar qanday? Shavkat Mirziyoyev ishongan yosh avlod qanday kuch?
3
Korxonaning ochilish marosimida so‘z olgan xorijlik hamkorlardan biri Rossiyaning «Gazprombank» boshqaruvi raisi o‘rinbosari janob Aleksey Matveyev qiziq bir faktni keltirdi. Faktki, tabiatiga ko‘ra, ijtimoiy-iqtisodiy xarakterga ega.
«...Zavod ishga tushishi natijasida aviakerosin narxi sezilarli arzonlashi kutilmoqda. Bir safar uzoqroq parvozni amalga oshirayotgandik. O‘rtada yoqilg‘i quyish uchun to‘xtashimiz kerak bo‘ldi. Chimkentga qo‘ndik. Nega Toshkentga emas, Chimkentga qo‘ndik, deb so‘rasam, javob shunday bo‘lgan: Toshkentda aviakerosin qimmat», dedi Aleksey Matveyev. Janob Matveyev bu bilan O‘zbekiston ayni masalada chuqur muammo girdobida ekanligiga ishora qilayotgan va o‘zi ochilishida ishtirok etayotgan gigant korxona faoliyati tufayli bu og‘ir muammolar endi yechilganini hayotiy misol bilan tushuntirayotgan edi.
Ochig‘i, yetarli qazilma boyliklariga ega, qolaversa, mintaqa metropoliyasi hisoblanadigan O‘zbekiston uchun bu muammo juda uyatli bo‘lishi bilan birga, ayni damda taassufli ham edi.
Albatta, biz bu o‘rinda ushbu korxona faqat aviakerosin ishlab chiqarishi bilangina ahamiyatli yoki sanoatimiz va iqtisodiyotimizda yangilik yaratdi, demoqchi emasmiz. Aksincha, uning mamlakat gaz-kimyo, energetika sohasida yasayotgan «inqilobi» chindan shov-shuv ko‘tarishga arzirli.
Qarang, majmuada yiliga 3,6 milliard metr kub tabiiy gaz qayta ishlanib, qiymati 1 milliard dollardan ziyod bo‘lgan 1,5 million tonna tayyor suyuq mahsulotlar ishlab chiqariladi. Jumladan, 307 ming tonna aviakerosin, 724 ming tonna dizel yoqilg‘isi, 437 ming tonna nafta, 53 ming tonna suyultirilgan gaz tayyorlanadi. Ushbu mahsulotlar hisobidan yiliga 500 million dollarlik import o‘rni qoplanadi, 200 million dollarlik eksport va byudjetga 2 trillion so‘mlik soliq tushumlari tushishi ta’minlanadi.
Alohida ta’kidlash kerakki, korxonada 300 million dollarlik gaz qayta ishlanib, uni qiymati 3 barobar yuqori va dunyo bozorida talab katta bo‘lgan tayyor mahsulotlarga aylantiriladi. Buning uchun esa to‘la asos bor. Chunki bu yerda ishlab chiqarilgan aviakerosin boshqa zavodlar mahsulotiga nisbatan juda toza va sifatli bo‘lib, eng zamonaviy samolyotlarga mo‘ljallangani uchun unga hamisha talab yuqori hisoblanadi.
Zavodda ishlab chiqariladigan dizel yoqilg‘isi ham kamida «Yevro-6» standartlariga javob beradigan bo‘lib, xalqaro ekspertlar fikricha mintaqamizda bunday toza mahsulot ishlab chiqaradigan korxona umuman mavjud emas. Bu esa, o‘z navbatida, ushbu mahsulotlar hisobidan респuбликada aviatsiya xablarini tashkil etish hamda yuk tashishda xizmat qiladigan yirik logistika kompaniyalarini rivojlantirishga mustahkam zamin yaratadi.
Yana bir muhim jihat shundaki, zavodni elektr energiyasi bilan ta’minlashda ham innovatsion yechimlar qo‘llanilgan. Ya’ni, texnologik jarayonlarda hosil bo‘ladigan bug‘ hisobidan yiliga 650 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, zavod o‘zini o‘zi energiya bilan ta’minlaydi.
Zavod hududini aylanib, mutaxassislar va bu yerda endi ish boshlagan yoshlar bilan suhbatlashib amin bo‘ldimki, bu yerda ishlab chiqarish jarayoni to‘liq avtomatlashtirilgan. Технологияlarni boshqarish, monitoring va xavfsizlikni ta’minlash kabi muhim jarayonlarga inson omilining ta’siri juda kam darajada.
Majmuaning noyobligiga yana bir sabab shuki, bugun GTL texnologiyasiga butun dunyoda talab kun sayin ortib borayotgan ekan. Tahlilchilarning fikricha, AQSH, Kanada, Norvegiya va boshqa qator davlatlarning yetakchi kompaniyalari ham ana shunday loyihalarni amalga oshirishga kirishmoqda.
Men Prezidentimiz ishtirok etgan йиғилishlar, uchrashuvlarning deyarli hammasida qatnashganman. Ammo G‘uzordagi marosim, so‘zlangan nutq barchasidan boshqacha bo‘ldi. O‘sha kuni davlatimiz rahbari o‘zgacha kayfiyatda edi. U mamlakat sanoatiga mo‘’jiza bo‘lib qo‘shilayotgan yirik korxonani ochish bilan birga qalbini uzoq vaqtlardan buyon o‘rtab yurgan bir o‘tinch, bir adolatli haqiqatni isbotlagan, «mahalliy kadrlar eplayolmaydi, ularning qo‘lidan kelmaydi» deganga o‘xshash malomatlarni yo‘qqa chiqargan, o‘zbek bolalarining nimalarga qodirligini dunyoga namoyish qilayotganidan ham baxtiyor edi, go‘yo.
Fikrlarim asosli bo‘lishi uchun Yurtboshimizning o‘sha kungi tarixiy nutqidan kichik iqtibos keltiraman: «...Uzbekistan GTL» zavodi mahsulotlaridan xomashyo sifatida foydalangan holda, yanada yuqori qo‘shilgan qiymatli yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish bo‘yicha ham rejalarimiz bor. Jumladan, zavod negizida alkil-benzol, buten va geksen, sintetik moylar, malein angidrid, emulsion qo‘shimchalar, katalizatorlar kabi mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha qiymati 620 million dollar bo‘lgan 6 ta loyiha amalga oshiriladi. O‘z navbatida, bu yarim tayyor mahsulotlar kimyo va maishiy kimyo, tekstil, charm va mebel, qurilish materiallari va elektrotexnika kabi sohalarda keng qo‘llaniladi.
Yana bir muhim jihat – zavodda ishlab chiqariladigan mahsulotlar jahondagi eng yuqori ekologik talablar, norma va standartlarga to‘liq javob beradi. Ana shu zavodni ishga tushirish orqali biz «yashil iqtisodiyot» sari yana bir jiddiy qadam qo‘ymoqdamiz.
«Uzbekistan GTL» zavodida foydalaniladigan yoqilg‘i boshqa an’anaviy yoqilg‘ilarga nisbatan 40 foiz kam chiqindi va zararli gaz hosil qiladi. Buning hisobidan yiliga 13,5 ming tonna – shunga e’tibor bering – 13,5 ming tonna zararli gazlarning havoga tarqalishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Biz uchun yana bir o‘ta muhim tomoni shundaki, zavod ishga tushganidan keyin jami 1 ming 300 nafar mutaxassis yuqori daromadli, doimiy ish o‘rniga ega bo‘ladi.
Zavodning qurilishi mahalliy quruvchi va muhandislarning yangi avlodini tayyorlashga zamin yaratib, ularga eng ilg‘or texnologiyalarni o‘zlashtirish imkonini bergani ham g‘oyat ahamiyatlidir. Ana shu tajriba kelgusida mamlakatimizda yangi sanoat ob’ektlarini o‘z kuchimiz bilan barpo etishda albatta juda kerak bo‘ladi.
Meni quvontiradigan yana bir jihat – zavod qurilishida qatnashgan mutaxassislarning qariyb 80 foizi o‘zimizning mahalliy kadrlar, xususan, yangicha ishlashga chanqoq, azmu shijoatli yoshlarimizdir.
Bu yoshlar – Yangi O‘zbekiston yoshlari. Ular milliy sanoatimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shib, bu yo‘lda «oltin fond»imizga aylanadi, deb ishonaman».
Har kimning ham qalbida o‘ziga yarasha g‘urur tuyg‘usi bo‘ladi. Kimdandir kam bo‘lmaslik, boshi egik bo‘lmaslik, oilasi sha’nini asrash, bularning bir uchi g‘urur degan tushunchaga borib taqaladi. Ammo tarixda o‘z millati, vatani sha’ni uchun kurashadigan, ularning ori, nomusi, shavkati uchun or talashadigan, egilgan boshlarni jon kechib bo‘lsa-da, ko‘tarishga chog‘lanadigan, singan qalblarga matonati, so‘ngsiz jasorati bilan malham bo‘la oladigan yovqur farzandlar uncha ko‘p bo‘lmagan.
Men shunday o‘ylaymanki, ko‘p g‘alabalarning negizi aynan shu milliy g‘ururda. Alqissa, xalqimizning buyuk farzandlari Jaloliddin Manguberdi, Sohibqiron Temurlarni ham tarix sahnasiga olib chiqqan kuch aynan shu – Vatanga va Millatga bo‘lgan so‘ngsiz muhabbat va sadoqat edi...
4
Qashqadaryo, deganda ko‘pchilikning tasavvurida dashtu dalalar, qiru adirlar, tog‘u toshlar gavdalanadi. Bir qarashda shunday. Lekin hammasi bu emas, masalan, bu yerda joylashgan birgina Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasining dovrug‘ini O‘zbekistondan tashqarida ham yaxshi bilishadi.
Sho‘rtan gaz kondensati koni negizida barpo etilgan majmua oz emas, ko‘p emas, 150 gektar maydonni egallagan. Majmua quvvati yiliga 4 mlrd. metr kub tabiiy gazni qayta ishlash orqali 3,5 mlrd. metr kub tovar gazi, 125 ming tonna polietilen granulasi, 100 ming tonna suyultirilgan gaz, 100 ming tonna gaz kondensati, 1,5 ming tonna oltingugurt granulasi ishlab chiqaradi.
O‘tgan yil korxonada jami 3,1 trln. so‘mlik sanoat mahsuloti, jumladan, 4,2 mlrd. metr kub gaz qayta ishlanib, undan 3,5 mlrd. metr kub tovar gazi, 117,6 ming tonna suyultirilgan gaz, 103,6 ming tonna gaz kondensati, 135,1 ming tonna polietilen granulasi, 1,1 ming tonna oltingugurt granulasi ishlab chiqarildi. Korxona jamoasi 3 ming 800 nafar kishidan ziyod.
Ushbu gaz-kimyo korxonani mavzuga aralashtirayotganimizning sababi bor, albatta. Zotan, «Uzbekistan GTL» faoliyati ushbu korxona faoliyati bilan bevosita bog‘liq. Ularning joylashuvidagi masofa ham ko‘p uzoq emas. G‘uzor tumanida suyultirilgan sintetik mahsulotlar ishlab chiqaradigan zavodning ishga tushirilishi keyingi yillarda mamlakatimizda sanoat rivojini sifat jihatidan yanada yuqori yangi bosqichga olib chiqish бўйичa amalga oshirayotgan ishlarning yaqqol samarasi bo‘ldi. Binobarin, ushbu zavod mamlakatimizda va umuman, mintaqamizda neft-gaz-kimyo sanoati sohasidagi eng yirik korxona hisoblanadi.
Yuqorida aytganimdek, mazkur sanoat ob’ektiga bejiz kamyob hodisa sifatida nisbat berayotganim yo‘q. Zotan, u nafaqat yurtimiz iqtisodiyotida, sanoatida burilish yasaydi, balki jahon sanoatida ham o‘ziga xos o‘rin tutadi.
Garchand ko‘p takrorlangan bo‘lsa-da, aytishni o‘rinli deb bilamanki, bunday yirik majmua shu paytgacha jahonda faqat 4 ta davlat – Qatar, Nigeriya, Janubiy Afrika Respublikasi va Malayziyada mavjud edi. Endi ular safiga O‘zbekiston ham qo‘shildi. Majmua qurilishida bir vaqtning o‘zida 13 ming nafardan ortiq muhandis va ishchi-quruvchilar qatnashgani uning barpo etilish muddatini qisqartirib, ishlarni keng ko‘lamli bo‘lishini ta’minladi. Eng muhimi va e’tiborlisi, qurilishda og‘ir davr – pandemiya mahali ham ish sur’ati saqlab qolindi. Bu, albatta, tahsinga sazovor ko‘rsatkich.
Zavodda Yaponiya, Koreya, Singapur, AQSH, Germaniya, Italiya, Buyuk Britaniya, Rossiya, Xitoy kabi 24 ta davlatdagi 130 ga yaqin yetakchi korxonalarda ishlab chiqarilgan 10 mingdan ziyod uskunalar o‘rnatildi.
Ishlab chiqarishga doir texnologik yechimlar, uskuna va jarayonlarni qo‘llash uchun 140 ta xalqaro litsenziya va patentlar olindi. Ularning aksariyati dunyoda yagona va noyob.
Korxonaning yagonaligiga yana bir dalil shundaki, yuqorida eslatganimdek, endi biz chetga faqat xomashyo – gaz sotmaymiz. Balki uni qayta ishlab, qo‘shimcha qiymat yaratamiz. Demak, daromadimizni ko‘paytiramiz, iqtisodiyotimizni yanada baquvvat qilamiz, hayotimizni yanada yaxshilaymiz. Chunki unda 300 million dollarlik gaz qayta ishlanib, qiymati 3 barobar yuqori va dunyo bozorida talab katta bo‘lgan tayyor mahsulotlarga aylantiriladi.
Gapning mavridi kelganda yana shuni ham aytish o‘rinliki, biz «to‘rtinchi sanoat inqilobi» davriga qadam qo‘ydik. Shunday ekan, ilm-fan, ishlab chiqarishda innovatsion texnologiyalarga ko‘proq e’tibor qaratish foydadan xoli bo‘lmasligini yaxshi anglab turibmiz.
Ushbu siz bilan suhbatimizga asosiy mavzu qilib olgan yangi majmua ham aslida bu borada tashlangan dastlabki va dadil qadamlardan biri, desam adashmagan bo‘laman.
«Hozirgi kunda tabiiy gazni shundayligicha yoqishning o‘zi, qo‘pol qilib aytadigan bo‘lsak, isrofgarchilik, – degandi «Uzbekistan GTL» MCHJ bosh direktori Faxritdin Abdurasulov suhbatimiz davomida. – Biz GTL bazasining o‘zidan 6 ta loyihani Prezidentimizga taklif qildik. Albatta, bu o‘rinda bizga GTLning ishga tushishi asos beryapti. Hozirda biz iste’molga ishlatayotgan har bir buyumning tarkibida, hattoki, paypoqda ham sintetika mavjud. Bular esa gazdan hosil bo‘ladi. Deylik, biz 1 AQSH dollariga gazni sotadigan bo‘lsak, u bizga 10 AQSH dollari bo‘lib qaytyapti. Mahsulotlarning narxi o‘z ichida saqlanadi va bundan katta daromad va foyda bor. Biz yana bir narsani aniqladik: kerosinning tarkibini o‘rgandik. Undan alkilbenzol olsa bo‘lar ekan. Alkilbenzol degani, masalan, shampunning asosini tashkil etadigan, jaydarichasiga aytganda, shampunni shampun qiladigan narsa. Endi biz chetdan eksport qilinadigan ushbu mahsulotni o‘zimizda ishlab chiqarib ham valyutamizni tejashimiz mumkin. Shampunni hozirda o‘zimizda chiqarsa bemalol bo‘ladi. Bu juda oddiy usul: masalan, alkilbenzolga aromatizator, rang va hokazolar qo‘shadi va sizga sotadi. Uning hozir o‘rtachasini 10 ming so‘m narxda deb olsak, sifatlisi 40 yo 50 ming so‘m turadi. Masalaga ijodkorona yondashsak, 600 dollarlik qiymatga ega aviakerosinni undan shampun ishlab chiqarib, 3 ming AQSH dollariga sotishimiz mumkin bo‘ladi. Ya’ni, bu 5 barobar qimmat, degani. Agar, shampunni mashhur firmalar markasi ostida ishlab chiqarsak, qiymati yanada ortadi. Mana, ushbu zavodning ochilishidan xalqimizga, davlatimizga tegadigan nafning oddiygina izohi, jo‘n arifmetikasi. Bizda shu sohada klaster tizimining joriy etilayotgani, o‘ylaymanki, sanoatimizni jahon standartlariga tenglashtirish yo‘lida dadil qadam bo‘ldi. O‘zim Xitoyga Markaziy Osiyo – Xitoy gaz quvurini qurish loyihasi yuzasidan borganimizda o‘sha yerda 18 ta zavod qurilayotganining guvohi bo‘lganman. Bu zavodlarning barchasi mintaqamizdan olinayotgan gazni qayta ishlash va qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishga ихтисослaштирилgaн. Ya’ni, gaz-kimyo klasterlari. Masalan, Xitoy hozirda ham Turkmanistondan olayotgan gazni choyga, ovqatga, uyni isitishga ishlatayotgani yo‘q. Oddiy qilib aytganda, xitoylik sanoatchilar bizdan gazni, deylik, bir dollarga olib, xo‘jalik yoki boshqa turdagi mahsulot sifatida 10 dollarga qayta sotmoqda...».
Albatta, yosh va g‘ayratli, ko‘zlarida o‘t chaqnab turgan Faxritdinday bugun dunyoda kechayotgan tamoyillarni teran anglay oladigan, xalqimiz va davlatimizning manfaati uchun kuyib-pishadigan yoshlar sinfi paydo bo‘layotgani barcha vatandoshlarimizning ko‘nglini ko‘taradi, ertangi kunga ishonchni mustahkamlaydi.
Zotan, yuqorida aytganimday, milliy g‘urur uyg‘onsa, farzandlarimiz qalbida va ko‘zida g‘ayrat va shijoat alangalansa, bizni tutib qolish qiyin bo‘ladi.
Men iftixor etamanki, Prezident Shavkat Mirziyoyev millat qaddini ko‘tara oldi, ko‘zlardagi so‘nib borayotgan o‘tni alangalata oldi. Qaqroq cho‘lning qoq o‘rtasida yorqin nur taratib turgan gigant korxona – «Uzbekistan GTL» ko‘zlardagi shu olovning hosilasi, desak hecham adashmagan bo‘lamiz.
Qudratilla RAFIQOV,
siyosatshunos
Manba: “Ishonch” gazetasi