Ilk marta o‘tkazilayotgan “Yoshlar kuni” munosabati bilan tizimda faoliyat olib boruvchi yosh xodimlardan tashkil topgan delegatsiya “Uzbekistan GTL” zavodiga keldi.
Delegatsiya a’zolariga zavodda tayyorlanadigan yangi turdagi sintetik yoqilg‘i mahsulotlarini ishlab chiqarishning holati, sifat va standartlarga muvofiqligi, mahsulotlarni saqlash hamda iste’molchilarga yetkazib berish jarayonlari haqida atroflicha ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, yoshlarga zavodning zamonaviy boshqaruv panellari orqali 11 mingga yaqin uskuna va asosiy ishlab chiqarish qurilmalarini sinxron ekspluatatsiya qilish texnologik tizimi yaqindan tanishtirildi.
[gallery-16714]
Delegatsiya vakillari zavodning zamonaviy markaziy laboratoriyasida bo‘lib, Yevropa ekologik standarti va “O'zDSt EN 15940:2022” milliy standartining yuqori talablariga javob beradigan “GTL” dizel yoqilg‘isining tahlil jarayonlarida ham qatnashdi.
Yosh xodimlarga “Uzbekistan GTL” MCHJning yong‘in xavfsizligi tizimi haqida ham ma’lumot berilib, mas’ul xodimlar tomonidan tanishtirildi.
Delegatsiya vakillari ishchilar shaharchasiga ham borishdi va xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Shuningdek, delegatsiya a’zolaridan tashkil topgan jamoalar o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yini ham tashkil etildi va g‘oliblarga kompaniyaning korporativ esdalik sovg‘alari topshirildi.
Bundan tashqari, delegatsiya a’zolariga mas’ullar tomonidan dunyoda muqobili kam bo‘lgan ulkan sanoat korxonasini barpo etish tarixi hamda uni boshqara oladigan salohiyatli kadrlarni tayyorlash, tanlash va ularga yaratilgan sharoitlar to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar berildi.
Tadbirlar davomida “Uzbekistan GTL” rahbariyati, xususan, jamiyat bosh direktori Alisher Bahodirov va yoshlar guruhi o‘rtasida “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” tashkil etilib, uchrashuv rasmiyatchilikdan xoli, o‘zaro samimiy va ochiq muloqot ruhida o‘tdi.
Uchrashuv mobaynida delegatsiya a’zolari hukumatimizning yoshlarga e’tiboriga javoban “Uzbekistan GTL” rahbariyati tomonidan tizimda mehnat qilayotgan yosh xodimlarga har tomonlama rivojlanishi, bilim olishi va mehnat qilishi, o‘z qobiliyat va iste’dodlarini to‘laqonli amalga oshirishi uchun barcha imkoniyat tashkil etilganligini e’tirof etishdi.
Yuz nafardan ziyod yosh ishtirok etgan uch kunlik bu ekskursiyadan delegatsiya a’zolari o‘zlari uchun qimmatli ma’lumotlar olish bilan bir qatorda, ko‘plab do‘stlar orttirib, katta taassurotlar olib qaytishdi.
– Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasidan yoshlar delegatsiyasi bilan kelganmiz, – deydi Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasida operatsion samaradorlik bo‘yicha yetakchi mutaxassis Ilhom Kalniyozov. - Birinchi kun “Sho‘rtangazkimyo” majmuasida bo‘ldik. “Ustyurtgaz” boshqarmasida faqat gaz ishlab chiqarish bilan shug‘ullanganmiz. Bu joyga kelib gazdan qanaqa mahsulotlar ajratib olish jarayonlarini kuzatdik. Masalan, “Sho‘rtangazkimyo” zavodida gazdan polietilin, polimer kabi mahsulotlar olinmoqda. Zavodda yoshlarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdik. Yoshlar shaharchasida bo‘ldik. Muzeylarga bordik. Bugun esa “Uzbekistan GTL” zavodiga keldik. Bu yerda gazdan sintetik yoqilg‘i olish jarayoni bilan yaqindan tanishdik va bu biz uchun juda katta yangilik bo‘ldi. Bundan tashqari, ko‘plab soha mutaxassislari bilan tanishdik va tajriba almashdik. Xullas, taassurotlar katta. Bugungi kunda yoshlarga qaratilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikdan juda minnatdormiz.
Ma’lumot o‘rnida: “Uzbekistan GTL” zavodida yiliga 3,6 milliard metr kub tabiiy gaz qayta ishlanib, 1,5 million tonna tayyor suyuq mahsulotlar, jumladan, 307 ming tonna aviakerosin, 724 ming tonna dizel yoqilg‘isi, 437 ming tonna neft va 53 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqariladi. Zavod yiliga umumiy qiymati bir milliard AQSH dollari yoki 12,8 trillion so‘mdan ortiq import o‘rnini bosuvchi yuqori sifatli neft mahsulotlarini ishlab chiqarish quvvatiga ega.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat),
O‘zA muxbirlari