Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Uzbekistan GTL” MCHJ birinchi bo‘lib vakolatli iqtisodiy operator maqomini qo‘lga kiritdi
15:36 / 2025-10-03

Bu haqda “O‘zbekneftgaz” AJ  axborot xizmati xabar berdi. Unda  ma’lum qilinishicha, ushbu tashkilot tarkibidagi “Uzbekistan GTL” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga Bojxona qo‘mitasi tomonidan vakolatli iqtisodiy operatorning birinchi toifasi maqomi berildi.

Bu maqom neft-gaz sohasida birinchi marta “Uzbekistan GTL” korxonasiga taqdim etildi. 

Ahamiyatli jihati shundaki, bundan buyon “Uzbekistan GTL” korxonasi tashqi savdo jarayonlarida bojxona to‘lovlarini kechiktirib yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash, tovarlarni tezroq rasmiylashtirish va chiqarish, tashish yo‘nalishlarini erkin belgilash, eksport yuklariga qo‘yilgan plombalarni bojxona organlari tomonidan rasman tan olinishi hamda chet el tovarlarini bojxona hamrohligisiz tashish imkoniyatiga ega bo‘ladi. 

Shuningdek, bunday imkoniyat zavodning ishlab chiqarish va eksport-import operatsiyalarini sezilarli darajada yengillashtiradi. Xususan, texnologik uskunalar, ehtiyot qismlar va reagentlarni olib kirish jarayonlari jadallashadi hamda tayyor mahsulot, ya’ni  sintetik yoqilg‘i va boshqa turdagi mahsulotlarni xorijiy bozorlarga eksport qilishda bojxona rasmiylashtiruvi soddalashadi.

“Uzbekistan GTL” uchun berilgan mazkur maqom nafaqat korxona taraqqiyoti, balki mamlakatimiz sanoatidagi logistika va tashqi iqtisodiy munosabatlarning yanada takomillashishiga xizmat qiladi.

Ma’lumot o‘rnida, bu kabi maqom O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 24 avgustdagi qarori bilan tasdiqlangan “Vakolatli iqtisodiy operatorlar to‘g‘risidagi nizom” asosida beriladi. U vakolatli korxonalarga bojxona sohasida bir qator qulaylik va yengilliklar yaratib beradi. 

N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA