Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Uzbekistan GTL”: 55 ming tonna sintetik dizel yoqilg‘isi va 20,5 ming tonna sintetik nafta ishlab chiqarildi
16:45 / 2022-09-14

“O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligidagi ishchi guruh “Uzbekistan GTL” zavodida bo‘ldi. Unda ishchi guruh a’zolari tomonidan import o‘rnini bosuvchi neft mahsulotlari va uglevodorod xomashyolari ishlab chiqarilishi, mahsulotni saqlash, sotish hamda yetkazib berish jarayonlari o‘rganildi.

Ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi va qo‘llab-quvvatlashi tufayli “O‘zbekneftgaz” AJ va uning tizimida istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda.

Ushbu ishchi guruh “Uzbekistan GTL” zavodida yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish, uning sifatini doimiy ravishda nazorat qilish maqsadida tashkil etilgan bo‘lib, ular tomonidan doimiy ravishda sintetik yoqilg‘i mahsulotlari ishlab chiqarilishi holati, mahsulotlarni saqlash, sotish hamda yetkazib berish jarayonlari o‘rganilmoqda.

– O‘zbekiston, balki jahon tarixida ilk bor “Uzbekistan GTL” zavodida xalqaro standart (ASTM D-7566) va texnik talablarga mos bo‘lgan sintetik aviakerosin mahsuloti ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yildi, – dedi “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev. – Sintetik kerosinning 23 ta asosiy fizik-kimyoviy va texnik parametrlari to‘liq talab darajasiga yetkazildi. Asosiy parametrlardan biri bo‘lgan muzlash harorati xalqaro standart talab darajasiga (-47°S) yetkazish ishlari yakunlandi. bugungi kunga qadar “Uzbekistan GTL” zavodi tomonidan IATA, ASTM International, Def Stan xalqaro tashkilotlarining aviatsiya yoqilg‘isi uchun xomashyo sifatida “GTL” kerosinini sintetik komponent sifatida foydalanishga ruxsat etilganligi to‘g‘risida ijobiy xulosalar olingan. Zavodda ishlab chiqarilgan sintetik kerosinning birinchi partiyasi namunasi olinib, xalqaro aviasohani tartibga soluvchi tashkilot (IATA) tavsiyasiga ko‘ra, muvofiqlik sertifikatini olish uchun SGS kompaniyasining Estoniya, Belgiya va Fransiyadagi laboratoriyalariga tahlil va tegishli xulosa olish uchun yuborildi.

Zavod bilan tanishuv chog‘ida M.Abdullayev joriy yilning 15 iyun kuni “Uzbekistan GTL” zavodida O‘zbekiston tarixida birinchi sintetik nefti, 2022 yil 29 iyun kuni O‘zbekiston neft-kimyo sanoati tarixida ilk bor sintetik dizel, keyinchalik “GTL” sintetik naftasi ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilganini ta’kidladi.

“Uzbekistan GTL” kompaniyasi mutaxassisi Shohrux Xolmatovning ta’kidlashicha, zavod faoliyatini o‘rganish jarayonida rahbariyat tomonidan sintetik aviakerosin ishlab chiqarish hajmini oshirish, xalqaro standart (ASTM D-7566) hamda texnik talablarga rioya qilgan holda sintetik aviakerosin ishlab chiqarilishini nazorat qilish bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berildi.

– Joriy yilning 14 sentyabr kunidan O‘zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasi orqali sotuvga joylashtiriladigan sintetik dizel yoqilg‘isining bir tonnasi boshlang‘ich narxi 13 million 897 ming 109 so‘mgacha arzonlashtirilishi belgilandi, – dedi Sh.Xolmatov. – So‘nggi ikki oy ichida ikkinchi marotaba narx arzonlashtirilib, joriy yilning 29 avgust kuni sintetik dizelning boshlang‘ich narxi 15 million 550 ming 500 so‘mdan 14 million 504 ming 378 so‘mgacha kamaytirilgan edi. “Uzbekistan GTL” majmuasida yiliga umumiy qiymati 1 milliard AQSH dollari yoki 12,8 trillion so‘mdan ortiq import o‘rnini bosuvchi neft mahsulotlari va uglevodorod xomashyolari ishlab chiqarilish rejalashtirilgan. bugungi kunga qadar esa zavodda jami 55 ming tonna sintetik dizel yoqilg‘isi va 20,5 ming tonna sintetik nafta ishlab chiqarilgan bo‘lib, Respublika tovar-xom ashyo birjasi orqali kunlik ravishda iste’molchilarga yetkazilmoqda.

Shuningdek, ishchi guruh zavoddagi 11 mingga yaqin uskuna va asosiy ishlab chiqarish qurilmalarining sinxron ishlashini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rganib, muhandislar, yosh mutaxassislar va ishchilarga tavsiyalar berdi.

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA