“Uzbekistan Global Tour 2023” turnirining so‘nggi bosqichi bo‘lib o‘tdi
Poytaxtimizdagi “Universal Horses Stable” ot sporti majmuasida ot sportining konkur bo‘yicha “Uzbekistan Global Tour 2023” musobaqasining o‘n birinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Musobaqaning mazkur turi so‘nggi bosqich bo‘lgani bois, chavandozlar g‘alaba uchun bor kuch va imkoniyatlarini namoyish ishga soldi. Unda E’zoza Umarxodjayeva “Solist” laqabli tulporida “F” yo‘nalishida 110 sm to‘siqlar osha sakrashda g‘alaba qozondi. 120 sm balandlikdagi to‘siqlardan sakrashda Samandar Muhammadov “Arbat” laqabli otida g‘olib bo‘ldi.


Shuningdek, Mirzohid Musayev (“Getsbi”) “B” guruhida (125-130 sm), Sergey Antonovich (“Gayanto”) “D” guruhida (135 sm), A’zam Tolibboyev (“Bozart De Ruyet”) “A” guruhida (150 sm) g‘alaba qozondi. Musobaqa yakunida chavandozlar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi. Shu tariqa, “Uzbekistan Global Tour 2023” turniri yakunlandi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA