Toronto shahrida o‘tkazilayotgan dunyoning eng nufuzli tog‘-kon va geologiya platformalaridan biri — "PDAC-2026" doirasida tashkil etilgan “Uzbekistan Day” tadbirida O‘zbekistonning kritik minerallar sohasidagi salohiyati xalqaro auditoriyaga namoyish etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi boshchiligida o‘tkazilgan tadbirda mamlakatning geologik imkoniyatlari, investitsion jozibadorligi hamda Mine–Metal–Market to‘liq qiymat zanjiriga asoslangan sanoat modeli global hamjamiyat vakillariga taqdim qilindi.
Tadbirda O‘zbekistonning AQSHdagi Favqulodda va muxtor elchisi, Tashqi ishlar vazirligi vakillari, O‘zbekiston texnologik metallar kombinati mutasaddilari hamda xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.

“Uzbekistan Day” global tog‘-kon va metallurgiya sanoati vakillari tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi. Tadbirda 200 ga yaqin kompaniya va institut vakillari, jumladan, AtkinsRéalis, AGT Systems NA, Xcalibur, Global Mining Capital Corp, United States Geological Survey hamda European Commissionning kritik xomashyo siyosati yo‘nalishi bo‘yicha vakillari ishtirok etdi.
Qidiruv geofiziklari jamiyati boshqaruv direktori tadbir doirasida O‘zbekistonning geologik va konchilik salohiyati yuqori baholanganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, joriy yil yakuniga qadar Toshkent shahrida konchilik sohasiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston hukumati bilan samarali hamkorlikni kengaytirish va mamlakat resurs salohiyatini ro‘yobga chiqarishga hissa qo‘shish maqsad qilingani qayd etildi.

Tadbir davomida mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, yangi konlarni o‘zlashtirish, noyob va texnologik metallarni chuqur qayta ishlash bo‘yicha istiqbolli loyihalar hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan tashabbuslar taqdim etildi.
Shuningdek, O‘zbekiston texnologik metallar kombinati tomonidan Kanada kompaniyasi OMAD International Inc. bilan investitsiyalarni jalb etish va sanoat hamkorligini rivojlantirish bo‘yicha memorandum imzolandi. Bundan tashqari, Erdenes IT LLC bilan texnoparklar tashkil etish, qo‘shma ilmiy-tadqiqot tashabbuslarini amalga oshirish hamda tog‘-kon, geologiya va xalqaro marketing yo‘nalishlarida hamkorlikni nazarda tutuvchi kelishuvga erishildi.

Mazkur kelishuvlar O‘zbekistonning geologik salohiyatini yuqori qo‘shilgan qiymatga ega, global bozorda raqobatbardosh sanoat mahsulotlariga aylantirishga qaratilgan Mine–Metal–Market modelini xalqaro miqyosda ilgari surish hamda mamlakatni kritik minerallar global qiymat zanjirining muhim bo‘g‘iniga aylantirishga qaratilgan izchil strategik yondashuvni aks ettiradi.
O‘zA