Buxoroda “Uzbekistan Airways” AJ rahbariyati va xodimlari ishtirokida navbatdagi sayyor qabul tashkil etildi.
Uchrashuvda Savdo-sanoat palatasi, turizm, Yoshlar ishlar agentligi hududiy boshqarmalari, jismoniy va yuridik shaxslar, aviachiptalar sotuvi agentlari, sayyohlik kompaniyalar, tadbirkorlik sub’ektlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Aviatashuvlar sotuvi agentlari va sayyohlik tashkilotlar vakillari jahon tajribasi asosida takomillashtirishni talab qiladigan masalalar bo‘yicha o‘z qarashlari bilan o‘rtoqlashdi. Yo‘lovchi va yuk tashish bilan bog‘liq boshqa masalalar ham muhokama qilindi. Yo‘lovchilarni tashvishga soladigan masalalarning aksariyati joyida hal qilindi.
Tadbir ishtirokchilari “Uzbekistan Airways” AJ guruhiga kiruvchi “Silk Avia” aviakompaniyasi negizida aviatashuvlar ichki bozorining rivojlanishi haqida ham batafsil ma’lumot oldi.

O‘zbekiston Respublikasi ichidagi aviaqatnovlarni ko‘paytirish va fuqarolarning havo transportida harakatlanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish aviakompaniya oldiga qo‘yilgan ustuvor vazifalardan biridir.
“Uzbekistan Airways” respublikaning barcha hududlarida bunday uchrashuvlarni tashkil etishda, yo‘lovchilar muammolariga yechim topishda, ularning taklif va fikrlarini o‘rganishda hamda xizmatlar sifatini yaxshilash ustida doimiy izlanishda bo‘ladi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.