Qarshi shahrida Uzbekistan Airways rahbariyati tomonidan aholi va soha vakillari uchun navbatdagi sayyor qabul tashkil etildi.
Tadbir ochiq muloqot va fikr-mulohaza almashinuvi tarzida o‘tkazilib, unda Qashqadaryo viloyati hokimligi, Savdo-sanoat palatasi hududiy boshqarmasi, yoshlar tashkilotlari, jismoniy va yuridik shaxslar, aviachiptalar sotuvi agentliklari, sayyohlik kompaniyalari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida aviakompaniya faoliyati, xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash, yo‘nalishlar tarmog‘ini kengaytirish, shu jumladan, yangi reyslar ochish imkoniyatlari atroflicha muhokama qilindi. Muloqot jarayoni savol-javob formatida o‘tdi, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar orqali kelgan murojaatlarga ham jonli tarzda javob berildi.
Ta’kidlandiki, Uzbekistan Airways tomonidan hududlarda tashkil etilayotgan bunday sayyor qabullar aholi va tadbirkorlarning fikrlarini o‘rganish, dolzarb masalalarni o‘rinli hal etish hamda hamkorlikni kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur formatdagi muloqot aviakompaniyaga xizmatlarni takomillashtirish va yo‘nalishlar tarmog‘ini samarali rivojlantirish imkonini bermoqda.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari