Farg‘ona shahridagi “Tadbirkorlar uyi”da “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi rahbariyati tomonidan sayyor qabul tashkil etildi.
Unda viloyat hokimi o‘rinbosari Xurshid Ahmedov, “Uzbekistan Airways” AJ boshqaruv raisining tijorat va turizm bo‘yicha o‘rinbosari Shuhrat Xudayqulov, soha mas’ullari hamda tadbirkorlar qatnashdi.
Ochiq muloqotda aviakompaniyada amalga oshirilayotgan yangi loyihalar va rejalar haqida ma’lumot berildi. Yo‘lovchilar, xususan, tadbirkorlarga yaratilgan qulayliklar, onlayn xizmatlar bo‘yicha to‘xtalib o‘tildi.
Sayyor qabulda sayyohlik firmalari faoliyatini yanada jonlantirish uchun Farg‘ona xalqaro aeroportida yangi yo‘nalishlarni tashkil etish, viloyatda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini aviareyslar orqali jahon bozorlariga olib chiqish uchun hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonlarini soddalashtirish va boshqa turli masalalarda savollar va takliflar o‘rtaga tashlandi.
“Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi vakillari ishtirokchilarning barcha savollariga batafsil javob berib, takliflar o‘rganib chiqilishini va tadbirkorlar bilan ochiq muloqotga doim tayyor ekanliklarini ta’kidladi.
[gallery-8226]
Muqimjon QODIROV(surat),O‘zA