Ma’lumotlariga ko‘ra, “Uzbekistan Airways” AJ aviakompaniyasi jadval asosida 2 ming 290 ta aviaqatnovni amalga oshirgan. Shulardan 925 tasi kechiktirilgan holda bajarilgan. 26 dekabr xolatiga ko‘ra esa jadval asosida 1 ming 957 ta aviaqatnov amalga oshirilgan. Umumiy hisobda 1 ming 136 tasi kechiktirilgan holda parvoz qilgan.
Xo‘sh, aviaqatnovlarning kechikkan holda bajarilishi yoki amalga oshirilmasligining asosiy sabablari nimada?
“Uzbekistan Airways” AJ axborot xizmati rahbari Kamola Ikromova quyidagilarni ma’lum qildi.
Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, aviaqatnovlarning kechikkan holda bajarilishi yoki amalga oshirilmasligining asosiy sabablari havo kemasi texnik xizmat ko‘rsatishga muhtojligi, havo kemasining belgilangan manzildan kech yetib kelgani, aviakompaniya tomonidan reysning bekor qilinishi, noqulay ob-havo sharoiti (kuchli va qum shamoli, qattiq tuman, kuchli qor bo‘roni), maxalliy aeroportlarning vaqtinchalik yopilishi hisoblanadi.
Ma’lumki, joriy yil dekabr oyida O‘zbekiston hududi bo‘ylab sovuq havo saqlanib turdi. Shu sabab Toshkent va viloyatlarda joylashgan aeroport hududlarida tuman, uchish va qo‘nish yo‘lagining muzlashi, havo kemalari qor bilan qoplanishi hamda uchuvchilar uchun uchish qo‘nish yo‘lagini ko‘rish darajasi keskin pasayishi kuzatildi. Shuni alohida ta’kidlash kerak, yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash maqsadida havo kemasi faqatgina ko‘rish darajasi 100 foiz bo‘lganda havoga ko‘tarila oladi. 2022 yil dekabr oyida noqulay ob-havo sharoiti tufayli havo kemalari 58 marta boshqa aeroportlarga majburiy ravishda yo‘naltirilgan.
Aviaqatnovlar “Uzbekistan Airways” tomonidan kechiktirilgan yoki bekor qilingan hollarda yo‘lovchilariga 2 soatdan yuqori bo‘lgan kutish vaqtida suv, 4 soatdan 6 soatgacha bo‘lgan kutish jarayonida issiq taom taqdim etiladi. Agar kutish vaqti kunduzi 12 soatdan, kechasi 6 soatdan oshsa yo‘lovchilar mehmonxona hamda issiq ovqat bilan ta’minlanadi. Noqulay ob-havo sharoiti sababli aviaqatnovlar kechiktirilgan yoki bekor qilingan hollarda yo‘lovchilar aviachiptalarning to‘liq qiymatini chipta sotib olingan joydan qaytarib olishlari yoki boshqa sanaga bepul qayta bronlash xuquqiga ega.
Shuningdek, mamlakatimiz hududida amalga oshiralayotgan reyslarning uchib kelish terminali turli sabablarga ko‘ra o‘zgarsa, yo‘lovchilar aviakompaniya tomonidan o‘z manzillariga yer transporti orqali yetkazib qo‘yiladi. Agar bu jarayon amalga oshirilmasa, yo‘lovchilarga aviakompaniya tomonidan aviachipta tarif turi va yetib borish manzilidan kelib chiqqan xolda 25 foiz miqdorida kompensatsiya to‘lanadi. Xorijiy mamlakatlardagi qo‘nish terminali o‘zgargan hollarda aviakompaniya yo‘lovchilarni o‘z manzillariga yetkazib qo‘yishga javobgar hisoblanadi.
Qayd etilishicha, aviaqatnov vaqti, soati, yo‘nalishi va qo‘nish terminali o‘zgargan hollarda aviakompaniya aloqa markazi yo‘lovchi aeroportga kelishidan avval u chipta xarid qilayotganda yozib qoldirgan bog‘lanish raqami va pochta manziliga xabar yuboradi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, yo‘lovchilar aviachipta sotib olayotganda o‘zining shaxsiy telefon raqamini va elektron manzilini qoldirishlari so‘raladi. Bu aviaqatnovlarning vaqti o‘zgargan hollarda ularni tezkor xabardor qilish uchun kerak bo‘ladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA