“Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyati korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimini joriy etish borasida muhim yutuqqa erishdi. Jamiyat xalqaro sertifikatlash tashkiloti — CERT International (Slovakiya) tomonidan o‘tkazilgan mustaqil auditni muvaffaqiyatli yakunlab, ISO 37001:2016 xalqaro sertifikatiga sazovor bo‘ldi.
Mazkur audit jarayonida kompaniyaning korrupsiyani oldini olish, shaffoflikni ta’minlash hamda qonuniylikni mustahkamlashga qaratilgan ichki siyosat va mexanizmlari yuqori baholandi. Natijada, “Uzbekistan Airports” AJning korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimi xalqaro standartlar talablariga to‘liq mos ekani tasdiqlandi.

Qayd etilishicha, ISO 37001:2016 xalqaro standarti korrupsiyaga qarshi samarali boshqaruv tizimini shakllantirish, xavflarni aniqlash va bartaraf etish, shuningdek, mas’uliyatli va hisobdor boshqaruvni yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi. Ushbu standart tashkilot faoliyatida halollik, ochiqlik va ishonch muhitini shakllantirishga qaratilgan eng ilg‘or xalqaro amaliyotlarni o‘zida mujassam etadi.
Sertifikatlangan tizim doirasida jamiyat xodimlari o‘z xizmat vazifalarini bajarishda qonunchilik talablariga qat’iy rioya etishi, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymasligi va korrupsiyaga nisbatan mutlaq murosasizlik tamoyili asosida faoliyat yuritishi belgilangan.
ISO 37001:2016 sertifikatining qo‘lga kiritilishi “Uzbekistan Airports” AJga nisbatan davlat organlari, xalqaro hamkorlar hamda professional aviatsiya hamjamiyati ishonchini yanada mustahkamlaydi. Shuningdek, u kompaniyaning strategik ahamiyatga ega infratuzilmani xalqaro standartlar asosida samarali va barqaror boshqarishga tayyor ekanini namoyon etadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA