O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA) va Janubiy Koreyaning yetakchi axborot agentligi - "Yonhap" material almashish, kasbiy aloqani rivojlantirish va qo‘shma media loyihalar amalga oshirishni nazarda tutuvchi Hamkorlik memorandumini imzoladi.
Hujjat O‘zbekistonning Sharqiy Osiyodagi mavqeini kengaytirish, jumladan Koreya Respublikasi jamoatchiligini mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayoti bilan yanada yaqindan tanishtirishda asl manbalardan foydalanishiga qaratilgan. Sheriklik jarayoni matn, foto va video mahsulot, shuningdek turli mavzulardagi tahliliy maqolalar hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida tajriba almashishni qamrab oladi.
Ma’lumot uchun: "Yonhap News Agency" 1980 yil bir necha agentlik birlashishi natijasida tashkil topgan. 2003 yil yangiliklar va kommunikatsiyalarni targ‘ib qilish to‘g‘risidagi maxsus qonun asosida vakolatli milliy agentlik sifatida tan olingan.
Tahririyat tarmog‘i 550-600 nafarga yaqin jurnalist va foto muxbir, 60 dan ziyod xorijiy muxbirdan iborat. Agentlik kuniga 3 000 dan ko‘p matn, foto, grafika va video shaklidagi material tarqatadi.
90 ga yaqin xorijiy hamkor bilan ishlaydi. Koreys, ingliz, xitoy, yapon, ispan, arab va fransuz tillarida faoliyat olib boradi.
A.Xidirov, O‘zA