Uyushmagan yoshlar bandligini taʼminlash boʻyicha “Andijon tajribasi” yaratildi
Mamlakatimizda yoshlar masalasi davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan.
Mamlakatimizda yoshlar masalasi davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan. Tan olib aytish kerak, Prezidentimiz tashabbusi bilan yoshlarga koʻrsatilayotgan eʼtibor, ularni qoʻllab-quvvatlash borasida olib borilayotgan ishlarni dunyoning sanoqli davlatlaridagina kuzatish mumkin.
Andijon viloyati aholisining qariyb 58 foizini 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar tashkil etadi. Butun mamlakatda boʻlgani kabi viloyatda ham yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ularni oʻz iqtidor va salohiyatlarini yuzaga chiqarishi uchun keng imkoniyatlar yaratilgan.
Andijonda viloyati hokimi tashabbusi bilan Yoshlar ittifoqi va boshqa mutasaddi idoralar hamkorligida ayniqsa, yoshlar oʻrtasida tadbirkorlikni rivojlantirish, bandligini taʼminlash borasida eʼtiborga molik ishlar olib borilmoqda. Mazkur yoʻnalishda oʻziga xos, samarali tizim yaratildi.
Joriy yil yanvar oyida viloyatdagi 882 mahallada istiqomat qilayotgan 18-30 yoshdagi yoshlar oʻrtasida soʻrovnoma oʻtkazildi. Soʻrovnoma natijalariga koʻra, viloyat boʻyicha 43 ming 221 nafar yoshlar hech qanday mehnat faoliyati bilan shugʻullanmay kelayotgani maʼlum boʻldi. Ana shu yoshlar bandligini taʼminlash boʻyicha manzilli reja ishlab chiqildi. Yoʻnalishlar boʻyicha viloyat hokimining qurilish, investitsiya, qishloq xoʻjaligi, iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari, shuningdek, bandlik, soliq, markaziy bank viloyat boshqarmalari rahbarlari masʼul etib tayinlandi.
Yoshlar bandligini taʼminlash boʻyicha tuman va shahar hokimliklarida hokimlar rahbarligida shtablar tuzildi, viiloyat hokimligida esa tuman, shahar shtablari faoliyatini muvofiqlashtirib boruvchi guruh tuzildi
Bandligi taʼminlangan yoshlar toʻgʻrisida taqdim etilayotgan maʼlumotlar viloyat guruhi tomonidan doimiy monitoring qilib borilishi yoʻlga qoʻyildi. Yaʼni ishga joylashgan yigit-qiz qachonki, viloyat bandlik boshqarmasida ishga joylashganligi haqida reyestrga kiritilgandan keyingina maʼlumotlar haqiqiy deb qabul qilindi.
Mazkur tizim asosida amalga oshirilgan ishlar natijasida joriy yilning 20-avgust holatiga uyushmagan yoshlarning 34 ming 806 nafari yoki 80,5 foizining bandligi ularning oʻz xohish va istaklaridan kelib chiqib taʼminlandi. Jumladan, bandligi taʼminlangan yoshlarning 3 ming 88 nafari tikuvchilik va tekstil sohasiga, 1 ming 379 nafari qurilish sohasiga, 11 ming 693 nafari qishloq xoʻjaligi sohasiga, 4 ming 653 nafari davlat korxonalariga, 6 ming 411 nafari xususiy sektorga, 5 ming 551 nafari nonvoychilik, sartaroshlik, kosibchilik, chilangarlik singari turli yoʻnalishlarga ishga joylashdi.
Bundan tashqari, 3 ming 458 nafar yoshlarga 141,5 milliard soʻm kredit ajratish, ularning tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish orqali 5 ming 239 ta yangi ish oʻrni yaratildi.
Viloyatda joriy yil avgust oyida chet davlatlardan qaytgan hamda pandemiya davrida ish joyini yoʻqotgan yoshlarni aniqlash maqsadida qayta xatlov oʻtkazildi. Xatlov natijasida 7 ming 537 nafar yoshlar ish oʻrniga ega emasligi maʼlum boʻldi.
Shundan soʻng dastlabki xatlovda aniqlangan va ish bilan taʼminlanmagan 8 ming 884 nafar hamda yangi xatlovdan maʼlum boʻlgan 7 ming 537 nafar, jami 16 ming 381 nafar ishsiz yoshlar bandligini taʼminlash boʻyicha yaratilgan “Andijon tajribasi” boʻyicha aniq va tizimli ishlar olib borildi. Natijada ularning 6 ming 328 nafari yoki 39 foizi bugungi kunga qadar ish bilan taʼminlandi.
Ishsiz yoshlar bandligini taʼminlashda adirliklar hamda bogʻ qator oralaridan yer maydoni ajratib berishga alohida eʼtibor qaratilib, bu borada ham tizim yaratildi. Ayni kunga qadar ana shu tizim asosida 4 ming 877 nafar yigit-qizga 658 gektar yer maydoni ajratib berildi. Ana shu hududlarning 106,6 gektar maydonida “Yoshlar bogʻi” yaratilib, ularning orasiga poliz va sabzavot ekinlari ekildi.
Yoshlarning dexqonchilikka qiziqishi, bu borada toʻplagan ilgʻor tajribalar hisobga olinib, viloyatda gʻalladan boʻshagan yer maydonlaridan 2 ming 403 gektar maydon 13 ming 338 nafar yoshlarga takroriy ekin ekish uchun ajratib berildi.
Takroriy ekin ekish uchun yer olgan yoshlarning 1 ming 180 nafari umumtaʼlim maktablari bitiruvchisi, 3 ming 17 nafari esa kambagʻal oilalar farzandlaridir.
Bugungi kunga kelib, viloyatda dehqonchilik bilan shugʻullangan yoshlar qariyb 7,5 milliard soʻm daromad oldi.
Ulugʻnor tumanida baliqchilikni rivojlantirish boʻyicha 100 gektar yer maydonida intensiv usuldagi baliq boqish uchun sunʼiy koʻllar tashkil etilmoqda. Mazkur yoʻnalishda ish olib borayotgan 42 nafar tadbirkorning 22 nafari yoshlardir.
Shuningdek, Ulugʻnor tumanidan 603 gektar yer maydoni koorporativ foydalanish huquqi asosida dehqonchilik bilan shugʻullanish istagidagi yoshlarga ajratib berildi. Bugungi kunda viloyatning barcha tuman va shaharlaridan yoshlar kelib, ushbu hududda oʻz bogʻlarini barpo etmoqda.
Viloyatda yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, viloyat hokimligi tashabbusi bilan yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish maqsadida koʻplab seminar-treninglar, biznesni boshqarish va rivojlantirish mavzularda oʻquv yigʻinlari, yirik ishlab chiqarish korxonalariga biznes sayohatlar tashkil etildi.
Umuman, yoshlar bandligini taʼminlash boʻyicha shakllangan “Andijon tajribasi” asosida yuqoridagi kabi ishlar bundan buyon ham izchil davom ettiriladi. Bu eng avvalo, yoshlar daromadini oshirishga, ularning turmush farovonligini yuksaltirishga, provardida mamlakatimiz taraqqiyotini yana-da yuqori bosqichga koʻtarishga xizmat qiladi.