“Xavfsiz va sog‘lom yurt” keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirining birinchi bosqichi doirasida uyushgan jinoiy guruhlar faoliyatiga chek qo‘yishga qaratilgan tezkor tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Kriminal holatlarning oldini olish hamda o‘zini qonunlardan ustun qo‘yib, noqonuniy yo‘llar bilan daromad orttirishni maqsad qilgan shaxslarga nisbatan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qat’iy va murosasiz kurash olib borilmoqda.
Xususan, Ichki ishlar vazirligi tizimidagi Tezkor-qidiruv xizmati DXX tuzilmalari bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida bir guruh shaxslarning jinoiy faoliyatiga chek qo‘yildi.
Guruh yetakchisi, 1994-yilda Andijon viloyatining Buloqboshi tumanida tug‘ilgan B.U. (laqabi “Baton”), muqaddam Jinoyat kodeksining 109-moddasi 2-qismi bilan sudlangan. Uning jinoiy sherigi 1993-yilda Andijon viloyatining Buloqboshi tumanida tug‘ilgan J.I. (laqabi “Rijiy”).
Ushbu shaxslar o‘zaro oldindan jinoiy til biriktirib, odamlar gavjum chorrahalardan birida yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan haydovchilarga pichoq va boshqa sovuq qurollar orqali noqonuniy ravishda bosim o‘tkazib, ushbu hududda ishlashlariga imkon yaratib berish evaziga har kuni tovlamachilik yo‘li bilan pul talab qilib olgan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida mazkur jinoiy guruh 2025-yilning sentabr oyidan shu kunga qadar haydovchilardan jami 90 million so‘m miqdoridagi pul mablag‘larini tovlamachilik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani aniqlandi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi "v" bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirgi vaqtda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bunday holatlar jamiyat tinchligi va fuqarolarning qonuniy manfaatlariga jiddiy xavf tug‘diradi. Unutmang, qonun ustuvor bo‘lgan jamiyatda har bir fuqaroning huquqi davlat himoyasidadir. Ogohlik va hushyorlik, jinoyatchilikka qarshi kurashda eng muhim omillardan biri hisoblanadi.
“Xavfsiz va sog‘lom yurt” keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirining birinchi bosqichi doirasidagi tadbirlar davom ettirilmoqda.
N.Abduraimova, O‘zA