Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanining olis va chekka hududlaridan biri — Uyshin mahallasida yangi tashkil etilgan oilaviy shifokorlik punkti faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Mazkur tibbiyot maskanida aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan.
Yangi tibbiyot punkti mahalla ahli hayotida katta qulaylik yaratdi. Chunki avval ushbu hudud aholisi Qipchoq shaharchasida joylashgan 1-oilaviy poliklinikaga murojaat qilishga majbur edi. Poliklinika mahalladan 8–9 chaqirim uzoqlikda joylashgani, ayniqsa qishning sovuq kunlari yoki yozning jazirama issig‘ida transport vositasini topishdagi qiyinchiliklar keksalar hamda yosh bolali oilalar uchun noqulaylik tug‘dirar edi.
Aholi ehtiyojini inobatga olgan holda, saxovatpesha tadbirkor tashabbusi qo‘llab-quvvatlanib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan mahalla hududida yangi tibbiyot punkti qurish loyihasi tasdiqlandi. E’tiborlisi, ushbu inshoot tadbirkor homiyligida barpo etildi. Bu esa xususiy sektorning ijtimoiy sohadagi faol ishtirokining yorqin namunasi hisoblanadi.
[gallery-27464]
Zamonaviy tibbiyot punktida ikkita tibbiy brigada tashkil etilgan bo‘lib, jami 4 ming 100 nafar aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. Muassasa ultratovush tekshiruvi, elektrokardiograf, tish davolash uskunalari, kompyuter texnikalari kabi ilg‘or tibbiy jihozlar bilan to‘liq ta’minlangan. Bu tibbiyot infratuzilmasining yanada kengayishi, aholi salomatligini muhofaza qilish hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish yo‘lidagi navbatdagi muhim qadam bo‘ldi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/yydIK-BT0gw" title="Uyshinda zamonaviy oilaviy shifokorlik punkti ish boshladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Maqsad HABIBULLAEV (surat va video), O‘zA