English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Uyimizga bomba tushishidan har lahza qo‘rqib yashardik...”
12:13 / 2021-01-23

Tongda xotirjam uyg‘onib, keyin shiringina uxlab yotgan bolalariga razm solmoqdan ortiq baxt yo‘q ona uchun.

Kundalik hayot tarziga aylangani uchun ham ayrimlar bu baxtni qalbdan his qilmaydi va, aytish mumkinki, qadriga yetmaydi.

Turli bahonayu sabablarni keltirishga shoshilmang... Jo‘jabirday jonlarni sudrab, urush o‘chog‘iga borish oldida har qanday maishiy qiyinchilik hech narsa emas.

Andijonlik Robiyaning o‘z uyi, turmush o‘rtog‘i, to‘rt farzandi bor edi. Er-xotin birga harakat qilsa, och qolishmasdi. Hech bo‘lmasa, oilada erkak o‘zi ish izlab ketishi, bolalarini musofirlikka, sargardonlikka duchor qilmasligi mumkin edi. Axir katta o‘g‘li 18 yoshga to‘lgan, otaning yoniga kirsa, hammasi risoladagidek bo‘lardiku.

Afsuski, kunlarning birida butun oila Rossiya davlatiga yo‘l oldi. Buni, balki, otaning qat’iyatsizligi, onaning aql bilan ish tuta olmagani, sabrsizligi bilan izohlasak, to‘g‘riroq bo‘lsa kerak.

Rossiyada halol mehnati bilan daromad topayotgan yurtdoshlarimiz ko‘pchilik. Biroq bu oiladagilar u yerda ham topganlariga qanoat qilmadi. Katta o‘g‘il ota-onadan so‘roqsiz boshqa davlatga ketib qoldi. U Suriyada turib, ota-onasiga qo‘ng‘iroq qildi. “Bu yerda ishlasak, ko‘p pul berishar ekan, sizlar ham kelinglar”, deb ota-onasini yoniga chorladi. Ular esa qolgan bolalari bilan shu bir og‘iz gapga ishonib yo‘lga chiqdi...

Ammo borishlari bilan katta daromad ham, ariqda oqib yotgan rizq ham yo‘q ekanini ular angladi. Ayniqsa, xotini, o‘g‘lining gapiga kirib, yurtini tark etgan ota hammadan ham ko‘proq ezildi. Biroq, ortga qaytadan yo‘l qolmagan, tirikchilikning yagona manbai qo‘liga qurol olib, urushga kirish ekanini bilgan ota ham, o‘g‘il ham qo‘liga qurol oldi.

Ora-sirada oilasi oldiga kelgan ota bu urush faqat xunrezlik ekanini, din shunchaki niqobligini aytar, oilasini olib ortga qaytishga chora qidirardi. Otaning maqsadini bilib qolishgach, uni o‘limga hukm qilishdi. Katta ikki o‘g‘li hibsga olindi. Shu tariqa ular dom-daraksiz ketdi.

Oilada bir o‘g‘il, bir qizi bilan qolgan ayol deyarli ko‘chaga chiqmas, yashab turgan joyiga bomba tushmasligini duo qilish qo‘lidan kelar edi, xolos...

Bu adashgan bir ayolning kechmishi. Qo‘lida chevarchilikdek hunari bo‘lgan ayol o‘zining qanoatsizligi orqasidan oilasini shu tariqa jarga qulatdi...

– Hayotdan deyarli umidimni uzgan edim, – deydi u ko‘ziga yosh olib. – Uyimizga bomba kelib tushishidan har lahza qo‘rqib yashardik. Tushgan jarligimizdan endi chiqmasak kerak, deb o‘ylardim. Ammo O‘zbekistonning “Mehr” operatsiyasi haqida eshitib, yuragimda umid paydo bo‘ldi... Axir meni ko‘zlari to‘rt bo‘lib yetti yildan beri kutayotgan, saksonga yaqinlashib qolgan onam bor...

Ha, bu ayol va uning farzandlari “Mehr-3” operatsiyasi doirasida yaqin Sharqdagi urush o‘chog‘idan yurtimizga olib kelingan.

“Mehr-3” gumanitar operatsiyasi doirasida yurtimizga olib kelinganlarning 25 nafari ayol, 73 nafari bola bo‘lsa, shundan 14 nafari chin yetim hisoblanadi.

Davlatimiz insoniylik nuqtai nazaridan o‘z himoyasiga olgan bu ayollar va bolalar Suriyada antisanitar holatda, ocharchilikda, tibbiy yordam va boshqa xizmatlar bo‘lmagan qiyin sharoitda hayot kechirgan.

Xabaringiz bor, “Mehr-1” va “Mehr-2” gumanitar operatsiyalari davomida 220 nafar ayollar va bolalar mamlakatimizga qaytarilgan.

O‘z nomi bilan mehrni, shafqatni, insoniylikni o‘zida mujassam etgan “Mehr-3” operatsiyasi tufayli 98 nafar yurtdoshimiz o‘zlari ilhaq bo‘lgan Vatan tuprog‘iga qadam qo‘ydi.

Ular jamiyatimizning to‘laqonli a’zolari bo‘lishi, kelgusida yurt koriga yaraydigan insonlar bo‘lishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda.

Toshkent viloyatidagi sanatoriylardan biriga joylashtirilgan ayollar va bolalarga tibbiy, psixologik yordam ko‘rsatildi.

Olib kelingan shaxslarning barchasiga fuqarolik pasportlari va tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalar rasmiylashtirib berildi.

Shu o‘rinda xulosa sifatida aytmoqchimizki, har qanday moddiy boylik, e’tiqod Vatandan, oiladan, farzandlardan ustun emas. Ayniqsa, oilada farzand dunyoga keldimi, uning kamoli uchun ota-ona mas’ul. Ularni ulg‘aytirish, tarbiyalash, o‘z yo‘lini topishiga ko‘maklashish farz kabi. Bolalarini jahannamga olib borib, o‘limiga sababchi bo‘lishning gunohi qanchalik ekanini tasavvur qilishning o‘zi qo‘rqinchli.

Vatanga, ota-onaga xiyonat qilib, ularni tashlab ketish esa aslo insoniylikdan emas!

Bularni yozishdan maqsad – kelganlarga qarsak chalish emas, balki saboq olishni eslatishdir. Yuqoridagi voqealarni o‘qib, yon-atrofimizda sodir bo‘lgan bunday holatlardan keyin kimningdir ko‘zi ochilar, balki.

Yana shuni umid qilamizki, kelganlar ko‘rsatilgan bag‘rikenglikning qadriga yetib, endi oilasi uchun, yurt uchun halol yashab, halol mehnat qilsin.

Norgul Abduraimova, O‘zA