Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Uyimda o‘tirib ovoz berdim"
21:29 / 2024-10-27

Xorazm viloyatida saylov jarayonida nogironligi bo‘lgan fuqarolarning alohida ehtiyojlariga e’tibor qaratilmoqda.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning erkin va hech qanday to‘siqlarsiz saylovda ishtirokini ta’minlash bo‘yicha tegishli choralar ko‘rildi.

Viloyat bo‘yicha 48 ming 923 nafar nogironligi bo‘lgan saylovchining 8 ming 96 nafari ovoz berishda ko‘makka muhtoj bo‘lib, 1 ming 386 nafari harakatlanishda nogironligi bo‘lgan saylovchilar bo‘lsa, 2 ming 257 nafari ko‘zi ojiz fuqarodir. Bir ming olti nafar saylovchi eshitishda nogironligi bor.  

Shuningdek, bugungi muhim jarayonda saylov uchastkasiga bora olmaydigan fuqarolarning ishtirokini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi.  

Ularning huzuriga ko‘chma saylov qutisi va ko‘chma saylov kabinasi hamda trafaret usulidagi byulletenlar bilan borilib, ovoz berish jarayoni tashkil etilmoqda.  

Xonqa tumanidagi 428-saylov uchastka komissiyasi a’zolari “Ehtirom” MFY da yashovchi 72 yoshli Shukurjon ona Yuldosheva, 84 yoshli Mo‘min ota Shermetov hamda 88 yoshli Olim ota Mo‘minov va 90 yoshli Qutlijon ona Mo‘minovaning xonadonlariga borib, ovoz berish jarayonlarini tashkillashtirishdi.

--Bugungi saylovda biz kabi nogironligi bo‘lganlarning ham imkoniyatlari inobatga olinmoqda, -- deydi Qutlijon Mo‘minova. – Saloy uchastkasiga farzandlarim, kelinlarim va nabiralarim ertalabdan borib-kelishdi. Men esa o‘z xonamda o‘tirib, fuqarolik burchimdan foydalangan holda, o‘zim istagan nomzodga ovoz berdim.  Yurtimiz ertasini belgilashda bizning ham ovozimiz muhim ahamiyatga ega ekanligidan xursandman.

Xorazmda bu kabi saylov jarayonlari qizg‘in pallaga kirgan. Joylardagi uchastka saylov komissiyasi a’zolari esa xonadonlarda bo‘lib, shu tartibda saylovchilarning ishtirokini ta’minlashda davom etmoqda.

Ahmadjon Shokirov, O‘zA muxbiri