French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Uyida zotdor echkilarni boqayotgan oila uni mahalladoshlariga ham tarqatmoqchi
15:51 / 2022-02-23

Farg‘ona viloyati Toshloq tumani “Hamrak” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Habibullo Akramovni ko‘pchilik “ishning ko‘zini biladigan odam” sifatida yaxshi biladi.

 Gap shundaki, u o‘z xonadonida echki boqishni yo‘lga qo‘ygan, bu borada katta tajribaga ega. bugungi kunda 30 bosh zotdor echkini boqmoqda.

– Koreyada ishlab yurganimda echkichilik bilan shug‘ullanish maqsadi tug‘ildi, – deydi H.Akramov. – Mana, 12 yil bo‘ldi, uyda shu ishni tashkil qilganman. Echkilarni ko‘paytirishga alohida e’tibor berib, har oyda 4-5 bosh aholiga tarqatamiz. Bir kunda 20-25 litr sut sog‘ib olamiz.

Echki suti inson salomatligi uchun koni foyda. Sababi, u oqsil, yengil o‘zlashtiriluvchi yog‘larga o‘ta boy. Bundan tashqari, tarkibida mis, rux, marganets, yod, kumush mikroelementlari, shuningdek, kamqonlikning oldini olishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan kobalt moddasi ko‘p uchraydi. Qolaversa, oson hazm bo‘ladi, shuning uchun bolalar, oshqozon kasalliklari bilan og‘riganlarga ko‘proq ichish tavsiya qilinadi. Go‘shti esa to‘yimliligi jihatidan qo‘ynikidan aslo qolishmaydi. Buyuk tabib Abu Ali Ibn Sino shuni ta’kidlaydiki, keksa yoshli insonlarda echki sutini oziq-ovqat sifatida ishlatilishi ularni turli kasalliklardan saqlaydi, immunitetni kuchaytiradi. Shuningdek, qatig‘i va qurti tansiq ne’mat hisoblanadi. Echkining juni ham xaridorgir.

[gallery-5868]

Habibullo akaning aytishicha, bugungi kunda bir litr echki suti 10 ming so‘mdan sotilmoqda. Yozda esa ko‘proq undan qurt tayyorlanadi. Shuningdek, beda, pichan kabi o‘tlar, hatto ularning tomiri echkilarga yaxshi ozuqadir. Bu oila echkichilikdan oyiga 3-4 million so‘m daromad olmoqda. Boqilayotgan echkilar orasida noyob va zotdorlari bor.

Endilikda kooperatsiya asosida mahalladagi xonadonlarda echki boqish tajribasi keng joriy etiladigan bo‘ldi. Mahalladagi hokim yordamchisi Nodirbek Jo‘raboyev xonadon egasi bilan birgalikda tarmoqni kengaytirish bo‘yicha loyiha ishlab chiqdi. Bu yerda echkichilik kooperatsiyasi tashkil etildi. Mahalladagi ko‘plab oilalar ham o‘z xonadonlarida echki boqishni yo‘lga qo‘yadi. Kooperatsiya esa ularga echkilarni yetkazib beradi, sutini sotib oladi, daromad olishiga ko‘maklashadi.

M.Sulaymonov, M.Qodirov (surat), O‘zA