Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Uyi renovatsiyaga tushgan fuqarolarga kompensatsiya beriladi
17:44 / 2025-08-04

Eskirgan, foydalanish uchun yaroqsiz va avariya holatidagi uy-joylarni qayta qurish – renovatsiya qilish orqali shahar va mahallalarni obodonlashtirish, infratuzilma ob’ektlarini zamonaviylashtirish, hududlarni me’moriy, ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik jihatdan yaxshilash, eski bino-inshootlarni yangilash, qulay va energiya samarador holatga keltirish shaharsozlikning muhim jihatlaridandir. Bu boradagi ishlarni amalga oshirish uchun esa zarur huquqiy asoslarni mustahkamlash lozim.

Shu maqsadda “Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, parlament quyi palatasidagi fraksiyalarning yig‘ilishlarida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Xususan, Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida ushbu loyiha partiya Saylovoldi dasturidan o‘rin olgan vazifalardan biri ekanligi alohida urg‘ulandi.  

Tashabbuskorlarning ma’lum qilishicha, mazkur qonun loyihasining maqsadi shaharsozlik hujjatlariga muvofiq ishlab chiqilgan hududni me’moriy, ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik jihatdan yaxshilash kabi shaharsozlik renovatsiyasi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat. Shundan kelib chiqib, qonun loyihasi bilan renovatsiyaning majburiy shartlari, asosiy prinsiplari, renovatsiya bosqichlari, bu borada loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish tartibi, sohada davlat boshqaruvi asoslari belgilanmoqda. 

Qayd etilganidek, foydalanishga yaroqsiz holga kelgan, eskirgan ko‘p qavatli uy-joylarning o‘rniga yangilarini qurish orqali hududlar obod bo‘ladi, ko‘rkamlashadi. Ammo renovatsiya dasturi loyihasi renovatsiyaga tushadigan uy-joy mulkdorlarining roziligiga asoslanishi hamda keng jamoatchilik muhokamalaridan o‘tkazilishi, shuningdek, uyi renovatsiyaga tushgan fuqarolarni yangi uy qurilgungacha uy bilan ta’minlash yoki ijarada tursa, ijara xarajatlarini qoplab berish lozim bo‘ladi.  

Xalq vakillarining bu boradagi savollariga mas’ullar qonun loyihasi bilan uyi renovatsiyaga tushgan mulkdorlarga bir qator kafolatlar berilishini, turar va noturar joy mulkdorlariga adolatli kompensatsiya berish tizimi nazarda tutilayotganini ma’lum qildi. 

Ya’ni, fuqarolar yashab turgan ko‘p kvartirali uy renovatsiyaga tushganda, quruvchi ikki yil muddat ichida yangi uyni qurishi, o‘sha uydan fuqarolarga eski uyining hajmidan kam bo‘lmagan va tayyor ta’mirlangan xonadonni pastki qavatdan berish majburiyatini oladi. Bundan tashqari, quruvchi yangi uy qurilguncha ijarada yashab turgan aholi vakillarining ijara pulini ham qoplab beradi. Yoxud turar va noturar joy ob’ektlarining bozor qiymatida pul mablag‘lari berilishi belgilanmoqda.  

Renovatsiya qurilish muddati 2 yil etib belgilanmoqda. Agar quruvchi 2 yilda qurib ulgurmasa, kechikkan har bir kun uchun mulkdorlarga mulk qiymatining 0,5 foizi miqdorida penya to‘lashi o‘z aksini topmoqda. 

Muhtarama Komilova, O‘zA