Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Uyg‘ursoy” obod manzilga aylanadi
12:15 / 2022-10-07

“Namangan tajribasi” sifatida viloyat bo‘yicha 28 ta eng og‘ir deb topilgan hududlardagi mahallalarni rivojlantirish bo‘yicha alohida dastur qabul qilingan edi.

Aprel oyida Pop tumanidagi “Uyg‘ursoy” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan toza ichimlik va oqova suvi, elektr ta’minotini yaxshilash, ichki yo‘llar, ko‘p qavatli uylarni ta’mirlashga kirishildi. Uyg‘ursoyda 23 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ evaziga bunyodkorlik ishlari olib borildi. Sa’y-harakatlar natijasida 10 kilometr ichki yo‘llar shag‘allashtirildi, 2 kilometr ichki yo‘llar sement-beton qoplamasi bilan qoplandi, bir chaqirim masofadagi ichki yo‘l asfaltlashtirildi, 18 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i tortildi  va bitta suv inshooti qayta rekonstruksiya qilindi.
Bundan tashqari, 2,1 kilometr elektr tarmog‘i yangidan qurilib, ikkita yangi transformator o‘rnatildi, 70 dona tayanch ustun yangi beton tayanch ustunlariga almashtirildi. Mahallada piyodalar yo‘lakchasi barpo etildi, tungi yoritish chiroqlari o‘rnatildi. 75 yil oldin tashkil topgan mazkur mahallada 1947-1950 yillar oralig‘ida qurilgan 29 ta ko‘p qavatli uy mukammal ta’mirlandi.

[gallery-9047]

Ichki ishlar vazirligi tashabbusi bilan 5 milliard so‘m mablag‘ hisobiga aholi bandligini ta’minlash va yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun vorkaut, voleybol, basketbol, futbol kabi sport maydonchalari qurildi. Yillar davomida qarovsiz va achinarli holdagi madaniyat binosi qayta ta’mirlanib, ma’naviyat va ma’rifat markaziga aylantirildi. Markazdagi mo‘’jaz kutubxonada esa kitob mutolaasi uchun sharoitlar yaratilgan.

Mahalladagi oilaviy shifokorlik punkti ta’mirlanib, foydalanishga topshirildi. Kelgusida “Uyg‘ursoy”da xayrli ishlar davom ettirilib, 5 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilishi hisobiga aholi bandligini ta’minlash ham ko‘zda tutilgan. 

– Ko‘chalarimiz obod, yo‘llarimiz ravon, mahalladoshlar  kechki sayrga chiqib, miriqib dam olmoqda, – deydi shaharchada yashovchi Ravshanoy Boyqo‘ziyeva. – Hatto, biz keksalar ham bir-birimiz bilan diydorlashib, gurunglashib o‘tiradigan bo‘ldik. Yillar davomida bizni qiynab kelayotgan toza ichimlik suvi muammosini ham hal qilib berishdi, baraka topishsin. Shu yerga kelin bo‘lib tushganimga qariyb yarim asr bo‘ldi. Bu joylarni sharoitiga ko‘nikishim ancha qiyin kechgan. Mana endi yayrab yashaymiz. Albatta, bunday ishlar ortida katta mablag‘ va mashaqqatli mehnat yotibdi. 

Ma’naviyat va ma’rifat markazi ochilishida Respublika Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari, general-mayor Aziz Ikromov, Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov, mazkur hududdan saylangan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Abdumalik Akramov ishtirok etdi.

Oqilxon Dadaboyev,
Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA