English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Uygacha yetib kelmagan xursandchilik yoxud nosoz buyumlar xaridi
11:17 / 2022-01-27

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi ishonch telefoniga Navbahor tumanida yashovchi R.Axmatovdan murojaat tushgan.

Qayd etilishicha, u xarid qilgan yap-yangi kir yuvish mashinasini uyiga yetkazilgach, eski mashina bo‘lib chiqadi. Iste’molchi sotuvchiga bu haqda bir necha marotaba murojaat qilsada, hech qanday o‘zgarish bo‘lmaydi. Murojaat o‘rganilib, mashina uchun to‘lagan mablag‘ fuqaroga qaytarildi.

Shuningdek, Konimex tumanida yashovchi Sh.Eshmurodovning murojaatida aytilishicha, u "Media Park" savdo do‘konidan muddatli to‘lov evaziga muzlatgich xarid qilgan, biroq oradan ko‘p o‘tmay, muzlatkich nosoz holga kelib qolgan. Sh.Eshmurodovning do‘kon ma’muriyatiga muzlatgichni ta’mirlab yoki almashtirib berishlarini so‘rab qilgan murojaatlari e’tiborsiz qolgan.

Navoiy shahar jamiyati xodimlari murojaatni o‘rgangach, muzlatgich haqiqatdan ham nosozligi ma’lum bo‘ldi. Do‘kon rahbariga fuqaroning iste’molchi sifatidagi huquqlari, xizmat ko‘rsatuvchining majburiyatlari va holatning qonuniy oqibatlari tushuntirildi. Natijada, muzlatgich sifatli ta’mirlatib berilgan.

Yana bir murojaat Navoiy shahrida yashovchi M.Xamrayevdan kelgan. Unda qayd etilishicha, M.Xamrayev sotib olgan “AVTECH” rusumli noutbuk bir oy muddatda nosoz holga kelib qolgan. Murojaat o‘rganilib, noutbuk yangisiga almashtirildi.

Shuningdek, Navbahor tumanida yashovchi D.Rajabov ham savdo majmuasidan xarid qilgan muzlatgichi nosoz chiqqanligi va bu haqda sotuvchiga qilgan murojaati e’tiborsiz qolganligidan norozi bo‘lib, federatsiyadan yordam so‘ragan.Murojaat o‘rganilib, sifatsiz mahsulot yangisiga almashtirib berildi.

Maftuna Karimova, O‘zA