Ayni paytda Buxoro viloyatida jismoniy, aqliy yoki ruhiy nuqsonlari bo‘lgan, shuningdek, uzoq muddat davolanishga muhtoj 607 nafar bola uyda yakka tartibda ta’lim olmoqda. Ularning sifatli ta’lim-tarbiya olishi, sog‘lom rivojlanishi va jamiyat hayotida faol ishtirok etishi uchun maktab hamda oila hamkorligida samarali ishlar olib borilmoqda.
– Ushbu ta’lim shaklining asosiy maqsadi bolalarning ta’lim olish huquqini ta’minlash, ular uchun zarur sharoit yaratish hamda ijtimoiy moslashuvni qo‘llab-quvvatlashdan iboratdir, – deydi Buxoro viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Firdavs Xidoyatov. – Bunda o‘quvchilarga maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlangan o‘quv reja asosida ta’lim-tarbiya beriladi. O‘quv rejasidagi haftalik soatlar miqdori 1-4-sinflar uchun 8 soat, 5-9-sinflar uchun 10 soat, 10-11 sinflar uchun 12 soatni tashkil qiladi. Dars jadvali maktab tomonidan o‘quvchining sog‘lig‘i holatini inobatga olib, ota-onalar bilan kelishgan holda ishlab chiqiladi hamda maktab direktori tomonidan tasdiqlanadi. Dars jadvali haftasiga kamida uch kunga moslab tuziladi.
Jismoniy rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan o‘quvchilarga uyda yakka tartibda ta’lim berish maktabning o‘quv dasturi, psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan o‘quvchilarga uyda yakka tartibda ta’lim berish esa aqli zaif bolalar uchun ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarining o‘quv dasturi asosida tashkil etiladi. Dars soatining davomiyligi jismoniy rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan o‘quvchilar uchun 45 daqiqa, psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan o‘quvchilar uchun 40 daqiqadan iborat bo‘ladi.
Uyda yakka tartibda ta’lim bu sog‘lig‘i sababli maktabga bora olmaydigan bolalarning ta’limdan chetda qolmasligini ta’minlaydigan insonparvar tizimdir. Har bir bolaning ta’lim olish huquqi davlat, ota-ona va maktabning hamkorlikdagi mas’uliyatidir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.