Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Uyda qulflanib qolgan ona-bola o‘z vaqtida qutqarildi (+Video)
16:10 / 2022-06-23

Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning 22 iyun kuni Mirzo Ulug‘bek tumanidagi ko‘p sonli aholi turar uylarining birida istiqomat qilib kelayotgan fuqaro uyning ichkari qismida 2 yoshli farzandi bilan qulflanib qolgan.

Toshkent shahar hokimligi, qutqaruv xizmati boshqarmasi  xodimlarining sa’y-harakatlari bilan xonadon eshigini buzmay turib, uning nosoz holatga kelgan qulf qismi ochilgan va ichkaridan ona-bola qutqarib olingan.

— Tongda farzandimni oilaviy shifoxonaga olib borib ko‘rikdan o‘tkazgach, uyga qaytib keldim. Farzandim hali voyaga yetmaganligi bois juda sho‘x, uyga kirgach, u kuch bilan eshikni itarib yopdi. Men farzandimni bog‘chaga qoldirib, o‘zim ishga ulgurib borishim kerak edi. Uydan chiqayotib esa, xonadon eshigining qulflanib qolganligini ko‘rdim va har qancha urinmay, eshikni ocha olmadim, deydi fuqaro N.Malikova. 

Fuqaro internet saytlari orqali eshikni buzmay turib ochib beradigan  ustalarni topib, ularga qo‘ng‘iroq qilib ko‘radi.  Ammo ustalar aytgan xizmat haqi (200.000-300.000 so‘m) dan norozi bo‘lib, u o‘zicha eshik qulfini ochishga urinib ko‘radi, eplolmagach, qo‘shnilarini yordamga chaqiradi. Shunda ham natija bo‘lmagach,  FVV xodimlarining shu va boshqa favqulodda holatlarda fuqarolarga yordam berganliklari  haqida telegram kanali orqali o‘qiganligi yodiga tushib, darhol tashkilotning ishonch raqami (71-207-10-50) ga qo‘ng‘iroq qiladi. 

Hodisa haqida qisqacha ma’lumot olgan Qidiruv-qutqaruv guruhi boshlig‘i —Jahongir Nasirov o‘z qutqaruvchi yigitlari (Habibullayev Ilg‘orbek, Mahmudov Tursunmuhammad hamda Holtursunov Avazbek)dan tashkil topgan maxsus otryad bilan  jabrdiydalar yashash manziliga yetib keladi va bir zumda uy ichkarisida qulflanib qolgan ona-bolaga yordam beriladi.    

Aks holda, ona ishga, farzandi bog‘chaga kech qolishi mumkin edi. 

— “Ba’zan qiyin vaziyatlarda tahlikaga tushib qolasiz va bunday paytda qanday qilib vaziyatdan chiqib ketish mumkinligi xayolingizga kelmaydi. Ammo yaxshiki, yurtimizda mana shu kabi qutqaruv xizmatlari bor, ular fuqarolarni har qanday holatda qutqarib olishga sidqidildan harakat qilisharkan.  Bugun buni o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Fursatdan foydalanib, FVVga, Toshkent shahar hokimligi qutqaruv xizmati boshqarmasi  xodimlari va ularning rahbariyatiga o‘z minnatdorligimni bildiraman” deydi jabrdiyda N.Malikova. 

“Biz nafaqat tabiiy ofatlar yuz berganida, balki shu kabi turli katta-kichik qiyin vaziyatlarga tushib qolishganida har doim fuqarolarimiz uchun yordamga tayyormiz. Avvalambor, shu kabi holatlar yuz bermasin va xalqimiz xonadoni tinch, o‘zlari xotirjam bo‘lishsin”, deydi Qidiruv -qutqaruv guruhi boshlig‘i — Jahongir Nasirov.

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/dI3Fw7_3feY" title="FVV: Uyda qulflanib qolgan ona-bola o‘z vaqtida qutqarildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>

Mohichehra Eshmirzayeva, O‘zA