Namangan viloyatiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosining ikkinchi bosqichi uchun yana 336 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Viloyatning qaysi mahallasida bo‘lmang ko‘chalar asfaltlanayotgani, xonadonlarga suv tortilayotganini ko‘rasiz.
– Uychi tumanidagi 8 ta mahallada 17,5 km ichimlik suvi tarmog‘i tortilgan edi, - deydi “Namangan suv ta’minot” MCHJ tuman bo‘limi boshlig‘i Dilshodbek Tursunov. – Hozir ikkkinchi bosqich davom etmoqda. 4,3 mlrd. so‘m evaziga yana 17,5 km suv tarmog‘i tortilayapti. Aholining toza ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 98 foizni tashkil etadi. Uni yuz foizga yetkazamiz.
Gumbaz mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 620 ta xonadonda 4314 nafar aholi yashaydi. Bu yerda ham yangi suv tarmog‘i tortish ishlari avjida. Barcha ishlar loyiha talablari asosida olib borilmoqda. Xandaqning chuqurligi, suv quvuri osti va ustiga zarur miqdorda qum yotqizish kabi ishlar ham jamoatchilik nazoratida.

– 2016 yildan keyin qanaqadir uyg‘onish bo‘ldi, hamma joyda, obodonchilik boshlandi. “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari ijro etildi, - deydi mahalla faoli Tolibjon ota Abduvaliyev. – Odamlar yangicha yashashga havas qildi. Bizning ko‘chaga ham suv keldi, elektr ustunlari o‘rnatildi, ko‘chalar asfaltlanyapti. Xalq uyg‘ondi.
Tolibjon ota e’tirofini Uychi tumani misolida ham har bir mahallada ko‘rish mumkin. “Obod” mahallasi ularning biri. Bu yerdagi ko‘cha va xonadonlarga 30 yilda ilk bor qudratli texnikalar kelibdi. Kuni kecha, dasturning birinchi bosqichida 1,3 kilometr masofada ichimlik suvi tortilgan ekan. Endi esa ko‘chalarni asfaltlashtirishga kirishilgan.

– Ikkinchi bosqichda 772 mln so‘m mablag‘ evaziga 1,5 km yo‘l asfalt qilinyapti, - deydi “Obod” MFY raisi G‘iyosiddin Saydullayev. – Mana shu ko‘cha 33 yilda endi asfalt qilinyapti. Buning uchun Prezidentimizdan minnatdormiz. Xalqimiz juda mamnun.

Uychi tumani garchi Namangan shahriga tutash bo‘lsada, ijtimoiy masalalar, jumladan, ichki ko‘chalar asfaltlanishida ancha ortda edi. Endi tumanga ajratilgan mablag‘ hisobidan asfaltlanmagan ko‘chalar qolmaydi. Toza ichimlik suvi ta’minotida esa viloyatdagi eng yuqori ko‘rsatkichga erishildi.

– Aholining ichimlik suvi bilan ta’minlash yuqori darajada bo‘lgani uchun ajratilgan mablag‘ning bir qismini muddati o‘tgan, yaroqsiz quvurlarni yangilash uchun sarflayapmiz, - deydi Dilshodbek Tursunov.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/q00AGhFHVUw" title="Uychida ichimlik suvi bilan ta’minlash yuz foizga yetkaziladi." frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov,
Elyor Olimov(video), O‘zA